O‘zbekiston EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation va Kyuden International konsorsiumi bilan Sirdaryo viloyatida 1,6 GVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasini imzoladi.
Markaziy bank tahlillari qarz yuki bo‘yicha O‘zbekiston moliya tizimiga ta’sir ko‘rsatishi va tizimli moliyaviy zaifliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator xatarlar mavjudligini ko‘rsatdi. Ular bir qarz oluvchiga to‘g‘ri keladigan kredit shartnomalari sonining ortishi, tovar va xizmatlarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish, muammoli kreditlar va boshqa omillar bilan bog‘liq.
Tojikiston parlamentining quyi palatasi o‘zbekistonliklarni ro‘yxatdan o‘tmasdan mamlakatda bo‘lish muddatini 10 kungacha uzaytirish to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni qabul qildi.
«O‘zdonmahsulot» kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Farrux Pulatov Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga direktor etib tayinlandi.
Toshkent hokimligi shahardagi mozaikali tasvirlar bo‘yab tashlanmayotgani, aksincha, saqlab qolish uchun maxsus material bilan qoplanmoqda. Hokimiyat shuningdek, hissiyotlarga berilib, Mahalliy kengashni jim turishda ayblagan blogerni tanqid qildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 31,63 so‘mga pasayib, 11 442,67 so‘mni tashkil etdi. Yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
YeTTB Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yangi sanitariya poligonlarini qurish hamda qattiq maishiy chiqindilarni yig‘adigan maxsus uskunalar xarid qilish uchun umumiy qiymati 120 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda.
O‘zbekistonda mart oyida yog‘ingarchilik odatdagidan 2−3 marta, ba’zi joylarda 4,5 marta ko‘proq kuzatildi. Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarining ayrim tumanlarida martdagi yog‘ingarchilik butun meteorologik kuzatuvlar bo‘yicha rekord darajada sodir bo‘ldi. Poytaxtda 186 mmlik yog‘ingarchilik qayd etildi, bu mart oyining 1969 yildagi rekordini yangiladi. O‘zgidromet aprel oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumotini ham e’lon qildi.
Prokuratura TDPU kasbiy ta’lim fakultetining sobiq dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan jinoyat ishini sudga yubordi. Unga talabani zo‘rlashga urinish va badanga og‘ir shikast yetkazish aybi qo‘yilgan.
O‘zbekistonning tashqi qarzi hajmi 2021 yilda 16% ga oshib, 40 mlrd dollarga yaqinlashdi. Bu YAIMning 57 foizini tashkil etadi. Xususan, 2021 yilda davlat tashqi qarzi 11% ga oshib, 23,7 mlrd dollarga yetgan. Xususiy tashqi qarz 2021 yilning boshiga nisbatan 24 foizga o‘sib, 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan.
2021 yilda Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov 33 yoshida yurak xurujidan vafot etganidan so‘ng uning otasi boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olish maqsadida Bosh prokuraturani sudga bergandi. Marhumning otasi ham vafot etgani sababli sud Samirning turmush o‘rtog‘i foydasiga Bosh prokuraturadan 951,2 mln so‘m bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 mln so‘m ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, javobgar 76,6 mln so‘mlik davlat bojini ham to‘laydi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning «ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tegishli muolajalarni olish maqsadida» xorijda davolanayotgani xabar qilindi.
Toshkentda ko‘p qavatli uylarda aka-uka Jarskiylar loyihalari asosida yaratilgan mozaikalarni yo‘qotishga urinishlar davom ettirilmoqda. Furqat va Bobur ko‘chalarini rekonstruksiya qilish jarayonida bir qancha uylar bo‘yashga tayyorlangan, biroq jamoatchilik noroziligidan keyin ishlar to‘xtatib qo‘yildi.
Ukrainadagi urush natijasida bir martalik iqtisodiy yo‘qotishlar qiymati 564,9 mlrd dollarga yetdi, deya ma’lum qildi Ukraina iqtisodiyot vaziri. U «raqamlar o‘sishda davom etishini» ta’kidladi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, urush natijasida Ukraina iqtisodiyotining 35 foizga pasayishi kutilmoqda.
Prokuratura Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yubordi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura.
Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bosh direktori o‘rinbosari Abdulaziz Isroilov shahar hokimi o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi. Uning vazifalari doirasiga shaharda suv toshqini va yog‘ingarchilik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish ham kiradi.
Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov tadbirkor va eksportchilarni sust qo‘llab-quvvatlayotgan rahbarlarni tanqid qildi. 12 ta hududdagi tuman va shaharlar hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmalarining tarmoq rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.
JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi oziq-ovqat narxlari va ochlikka sezilarli darajada ta’sir qilishini ta’kidladi. U Afrikaning ko‘plab mamlakatlari Qora dengiz mintaqasidan keladigan oziq-ovqat ta’minotiga bog‘lanib qolganini qayd etdi. Rossiya va Ukraina butun dunyo bug‘doy ta’minotining 24 foizini, kungaboqar yog‘i va kunjara eksportining taxminan 80 foizini tashkil qilishadi.
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat oldi. Parvozlar Sukhoi Superjet 100 samolyotlarida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan bo‘lgan 150 nafar qiz stratosferaga o‘zlari yasagan uchta nano sun’iy yo‘ldoshni uchirdi. UniSat ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan mazkur ultrazamonaviy sun’iy yo‘ldoshlar havo ifloslanishini tahlil qilishga mo‘ljallangan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting