1 fevral holatida O‘zbekiston banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,4 foiz yoki 503 mlrd so‘mga ko‘paydi. NPL o‘sishining asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu banklarda NPL 453 mlrd so‘mga ortgan. Xususiy banklarda esa bu ko‘rsatkich qariyb 50 mlrd so‘mni tashkil etdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi jangovar harakatlardan jabr ko‘rgan va uy-joyini tark etgan 6 milliondan ortiq odamning gumanitar ehtiyojlari uchun kelasi uch oy ichida 1,1 mlrd dollar kerak bo‘ladi. «Ammo eng samarali insonparvarlik yordami qurollarning ovozini o‘chirishdir», dedi bosh kotib Antonio Guterrish. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki Ukrainaga yordam paketlarini tayyorlayotganlarini bildirdi.
Chorshanba kuni deputatlar «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat bilan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi va ularga nomzodlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi. Davlat xizmatchisiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, xizmati evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan mukofot yoki sovg‘a olish, chet el fuqaroligiga ega bo‘lish, O‘zbekistondan tashqarida bank hisobraqami ochish, ko‘chmas va boshqa mulkka egalik qilish taqiqlanmoqda. Hujjat Senatga yuborildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qildi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
Chorshanba kuni COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga Pfizer vaksinasi bilan emlashda ishlatish uchun 669 ming dollarlik shprits va ularni xavfsiz utilizatsiya qilish uchun qutilar keltirildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’limda fidokorona mehnat qilayotgan, tashabbuskor, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolarni 2 turdagi ko‘krak nishon bilan taqdirlash taklifi ilgari surildi. Mukofotlar 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni bayrami arafasida topshirish rejalashtirilmoqda. G‘oliblarga nishon bilan birga BHMning 4 baravarigacha pul mukofoti ham berish ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning rejasini ishlab chiqadi.
Prezident 172 ming nafar ota o‘z farzandi uchun aliment to‘lamagani, bugungi kunda jami 115 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi alimentdan qarzdorlikni davlat to‘lab beradi, keyinchalik MIB qarzni undirib oladi. Buning uchun «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi tashkil etilib, unga dastlab 50 mlrd so‘m ajratiladi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya samolyotlari uchun Amerika osmoni yopilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, AQSh Adliya vazirligi «Rossiya oligarxlarining jinoyatlarini tergov qilish» uchun maxsus guruh tuzadi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar rahbari amerikalik harbiylar Ukrainadagi rus qo‘shinlari bilan qarama-qarshilikda qatnashmaganini va qatnashmasligini ham ta’kidladi.
Prezident farmoniga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilishi munosabati bilan Mahalla vazirligi nomi o‘zgartirilib, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Shunga muvofiq, eski lavozimlar tugatilib, yangilari joriy etilmoqda. Qolaversa, 1 iyulgacha «Mahalla to‘g‘risida» gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi ham belgilandi.
Rossiya moliya tizimiga qo‘llanilgan sanksiyalar va rubl qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkin? Rossiyadagi o‘zbek migrantlari hozirgi sharoitda nima qilgani ma’qul? Ehtimoliy inqiroz oqibatlariga qarshi kurash uchun qanday choralar ko‘rish kerak? «Gazeta.uz» shu va boshqa savollar bo‘yicha iqtisodchi mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.
Bahorning birinchi kunida O‘zbekistonda 95 kishining koronavirusga topshirgan test tahlili musbat natijani ko‘rsatdi. Yana 11 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan qiymati 10 ming dollardan ortiq xorijiy valyutani olib chiqishni taqiqlovchi farmonni imzoladi.
Biznes-ombudsman 2021-yilda davlat organlari tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan huquqbuzarliklar tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 1200 dan ortiq holatda eng ko‘p soliq organlari (238 ta), Agroinspeksiya (167 ta) va Ekologiya qo‘mitasi (166 ta) qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan. Qolaversa, Transport vazirligi idoralarining mansabdorlariga jinoyat ishi ochish bo‘yicha prokuratura organlariga 8 ta taklif kiritilgan.
Bitcoin kursi sezilarli darajada oshdi: ikki kun ichida dunyoning asosiy kriptovalyutasi narxi 6500 dollarga ko‘tarilib, 2 mart 09:55 holatiga 44 389 dollarni qayd etdi. Boshqa kriptovalyutalar narxi ham o‘smoqda.
Rauf Komiljonov «Savdogarbank»ning 71,3 mlrd so‘mlik 45,73 foiz aksiyalarini sotib oldi. Endi u bank aksiyalarining 99 foizdan ortig‘iga egalik qiladi.
1186 kishi Ukrainadan Polsha orqali O‘zbekistonga yetkazildi. Chorshanba kuniga ikkita reys rejalashtirilgan. Hozirda Polshada 800 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolmoqda. O‘zbekiston elchixonasi jangovar harakatlarga qaramay, evakuatsiya ishlarini davom ettirmoqda, deya xabar bermoqda TIV.
Rubl kursidagi jiddiy tebranishlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida «AvtoVAZ» avtomobil ishlab chiqaruvchisi Lada avtomobillari narxini o‘rtacha 15 foizga oshirdi. O‘zbekistonda ham ushbu kompaniya mashinalarining narxi oshgan.
Apple Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga javoban Rossiyada o‘z mahsulotlarini sotishni to‘xtatdi. Qolaversa, Rossiyada Apple Pay va boshqa xizmatlardan foydalanish ham cheklandi. Kompaniya shuningdek, Ukraina fuqarolari xavfsizligi uchun mamlakatda Apple maps`da tirbandlik va avariya hodisalarini kuzatish funksiyalarini ham o‘chirdi.
Prezident seshanba kungi videoselektorda 2021 yilning o‘zida 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. «Mahallada ishlamaganimizni natijasi shu», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi tazyiqqa uchragan ayollar himoyasi sud tomonidan ta’minlanadi, himoya orderi esa bir yilgacha muddatga beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting