Energetika vazirligi O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganini xabar berdi. «Hududgazta’minot» va «O‘zsuvta’minot» ham tabiiy gaz hamda ichimlik suvi ist’emolchilarga avvalgidek yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.
2021 yilda O‘zbekistonda YAIM hajmi 734,6 trln so‘m yoki 69 mlrd dollarni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YAIM esa 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sib, 21 mln so‘mdan ortiqroqqa yetdi.
Prezident qaroriga asosan «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, har yili tuman va shaharlardagi namunali mahallalarda zamonaviy fitnes ko‘chalari tashkil etiladi.
25 yanvar kuni Markaziy Osiyo energetika tizimida ulkan avariya yuz berdi. U O‘zbekistonda elektr stansiyalari, gaz konlari, aeroportlar, vokzallar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa infratuzilmalar faoliyatining to‘xtashiga olib keldi. Siyosatshunos, elektr energetikasi bo‘yicha ekspert Pyotr Svoik «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida ushbu kollapsning yuz berishi sabablari, mintaqa energiya halqasi qanday tuzilishga egaligi, AES qurilishi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin-mumkinmasligi va ushbu inqiroz yana takrorlanishi ehtimollari haqida so‘zladi.
Prezident qaroriga asosan endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi. Har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi. Qolaversa, 25 yoshdan oshgan bemorlarga insulin, metformin va boshqa dori vositalari bilan bepul beriladi.
Juma kuni Beeline mobil aloqa operatori abonentlarida internet xizmati vaqtincha ishlamay qoldi. «O‘zkomnazorat» bunga dasturiy ta’minotdagi nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Prezident qaroriga muvofiq, har yili bir marotaba 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining ovqatlanishi, tamakiga qaramliligi, tana vazni, arterial bosimi, qondagi qand va xolesterin darajasiga qarab, ularning salomatlik profili baholanadi. 40 yoshdan oshganlar yiliga kamida bir marta skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Yurak-qon tomir kasalliklari bor 200 mingdan ortiq aholiga esa enalapril dori vositasi bepul beriladi.
Payshanba kuni 1186 kishi topshirgan test tahlillarida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. 3 nafar bemor esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etdi. Qolaversa, 216 kishida pnevmoniya qayd etildi.
«Yangi O‘zbekiston» massivlari turkumiga kiruvchi ilk ekoshahar Farg‘ona viloyati markazida 300 gektar maydonda bunyod etiladi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov birinchi bosqichda 80 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilgani, ekoshahar ikki yilda foydalanishga topshirilishini ta’kidladi.
2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdo defitsiti 8,8 mlrd dollarga yetdi. Ayrimlar import hajmining eksportdan yuqori bo‘lishini iqtisodiyot uchun xatarli deb hisoblaydi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev defitsitni kamaytirish maqsadida qo‘llaniladigan har qanday choralar uning oshishidan ko‘ra xatarliroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Blekaut vaqtida yaroqsiz bo‘lib qolmagan vaksinalar, isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun chegirib tashlanadigan to‘lov, Samarqandda 5 yilda loy yo‘l qolmasligini aytgan Erkinjon Turdimov, Xorazmda chiqindixonadan murdasi topilgan chaqaloq, shaharlararo yo‘llarda ishlay boshlagan AGTKSHlar, qonuniylashtirilgan aviaspotting va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 27 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
2022 yilning ilk 25 kunida O‘zbekistonda is gazi bilan bog‘liq 16 ta holat qayd etilgan, buning oqibatida esa 9 kishi zaharlangan va 28 kishi vafot etgan. Baxtsiz hodisalarga asosan qo‘lbola yasalgan pechlardan foydalanish, dudbo‘ronlarni noto‘g‘ri o‘rnatish, havo almashmaydigan xonalarda ko‘mir va o‘tin yoqish sabab bo‘lgan.
Sud diniy bloger Fozilxodja Arifxodjayevni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda aybli deb topib, uni 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U o‘tgan yili diniy bloger Abror Muxtor Aliy bilan bo‘lgan mojarodan so‘ng hibsga olingandi. Sudlanuvchining advokati ayblovni rad etib, sud jarayoni tafsilotlarini so‘zlab berdi.
25 yanvardan boshlab respublika miqyosida muddatli harbiy xizmatchilar OTMlarga kirishda imtiyoz beradigan tavsiyanomalar uchun test sinovlaridan o‘tmoqda. Toshkent garnizonidagi xarbiy qism va muassalalarda hizmat qilayotgan harbiylarning imtihon jarayoni — “Gazeta.uz” muxbiri Madina A’zam fotoreportajida.
Sanitariya-epidemiologik xizmati «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, 25 yanvar kuni kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar paytida hududlardagi vaksinalarni saqlash omborlari va vaksinalar mavjud poliklinikalar elektr toki bilan uzluksiz ta’minlangan. «Elektr energiyasi o‘chishi natijasida bironta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan», — deydi SES matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov.
AQSh va NATO Rossiyanning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga o‘z javoblarini yo‘lladi. Unda aytilishicha, alyansning «ochiq eshiklar» pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Ammo AQSh ham, NATO ham Rossiya bilan muloqotni davom ettirish va barcha uchun xavfsizlikni kuchaytirish niyatida.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning ta’kidlashicha, “blekaut” vaqtida isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun to‘lovlar, albatta chegirib tashlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda isitish tizimi 27-yanvar kuni tungacha avvalgidek ishlay boshlaydi.
Samarqand viloyatida kelgusi 5 yilda kamida 8 mlrd AQSh dollarlik 5,5 mingdan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirilishi va buning natijasida 250 mingdan oshiq doimiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Viloyat hokimi 8 ming kmlik yo‘llarga asfalt yotqizilib, viloyatda loy yo‘llar umuman qolmasligini ta’kidladi.
Soliq qonunchiligiga o‘zgartirishlar jamoatchilik va mutaxassislar tanqidini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi. DSQ va Moliya vazirligi E-aktiv dasturidan foydalanish va QQS to‘lovchilarining tahlika-tahlili bo‘yicha talablarning yumshatilishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, mulk solig‘i va boshqa o‘zgarishlar bo‘yicha ham yengilliklar bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zgidromet 28−29-yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi haqida ogohlantirdi. Bu kunlarda joylarda yomg‘ir yog‘ib, ayrim hududlarda qorga aylanishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting