Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov agentlik o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishda duch kelayotgan to‘siqlar haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agentlikning xatiga vaqtida javob bermaslik yoki korrupsion omil haqidagi taqdimnomaga «boshqacha munosabatda» bo‘lish holatlari uchraydi. «Taqdimnomamizga adekvat reaksiya bildirilmasa, javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif kiritganmiz… Lekin ayrim idora va vazirliklar hali ham agentlikni tan olgisi kelmaydi», — deydi u.
O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiya “Harb-Maydon” poligonida qo‘shma mashqlarni muvaffaqiyatli yakunladi. Aviatsiya, razvedka, o‘t o‘chirish majmualari hamda havo desantli hujum kuchlari ishtirokida turlararo qo‘shinlardan foydalanish birinchi marta namoyish etildi.
Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasida 415 mingdan ortiq ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu yangi tadbirkorlik subyektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilish, birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish orqali amalga oshiriladi.
Muftiy Usmonxon Alimov o‘pka pnevmoniyasi va qon-tomir kasalliklaridan davo muolajalarini hanuz Moskvada olayotgani ma’lum qilindi. «Ayni kunlarda hazratning holatlari barqaror», — deyiladi xabarda.
Dollarning rasmiy kursi 11,97 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 672,00 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz ko‘tarildi.
Hurmat Matrasulov Xorazm viloyatining Xiva tumaniga, Zafat Ergashev Samarqand viloyatining Payariq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Gidrometeorologiya xizmati 13−16 avgust kunlari O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel xavfi borligi haqida ogohlantirdi. FVV aholidan ehtiyot choralarini ko‘rishni va noxush vaziyatlar vujudga kelganda, vazirlikning «1050» qisqa raqamiga murojaat etishni so‘radi.
Oliy Majlis senati raisi Tanzila Narbayeva Tokio-2020 olimpiya o‘yinlaridagi sportchilarga bag‘ishlangan murallarni qo‘llab-quvvatladi. «San’atni qo‘llab-quvvatlash zarur. Strit-art va pablik-art kabi zamonaviy yo‘nalishlari ijodkor yoshlarimiz qo‘lida shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanib bormoqda», — dedi u.
Adliya vazirligi avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash borasidagi barcha ma’lumotlar joylashtiriladigan ochiq platformani ishga tushirishni taklif qildi. Uning yordamida yo‘l infratuzilmasiga yo‘naltirilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish va yo‘llardagi nosozliklar haqida xabar berish mumkin bo‘ladi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev xitoy-o‘zbek vaksinasining ikkita dozasi bilan emlangan. Keyinroq viloyat rahbari «Sputnik V» vaksinasini ham qabul qilganligi ma’lum bo‘ldi. Bunga unda antitanachalar ko‘tarilmaganligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bir necha xil vaksina bilan emlanishda nojo‘ya ta’sirlar xavfi borligi haqida ogohlantirib, fuqarolardan «o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini» so‘ragan edi.
Tashqi ishlar vazirligi rahbari Abdulaziz Kamilov COVID-19 ga qarshi to‘li emlangan. Vazir aynan qaysi vaksinani olganligi ma’lum qilinmadi.
Toshkent shahrida ZF-UZ VAC2001 vaksinasining 186 dozasini 27 mln 750 ming so‘mga sotishga uringan ayol kishi qo‘lga olindi. U preparatlarni Yakkasaroy tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birining katta hamshirasidan olgan.
Sherzod Ashurov G‘ijduvon tumani, Saydimqul Begimqulov Guliston tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Prezident farmoni bilan bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi va Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari lavozimi tugatildi.
Chorshanba kuni O‘zbekistonda 925 nafar kishida COVID-19 infeksiyasi aniqlanib, 8 nafar bemor vafot etdi. 493 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi.
Stenford universiteti professori Frensis Fukuyama «Hoshimov Iqtisodiyoti» loyihasining mehmoni bo‘lib, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi, Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotiga nima to‘siq bo‘lishi, iqtisodiy o‘sish va demokratiya o‘rtasidagi bog‘liqlik, taraqqiyot uchun zarur omillar haqida fikr bildirdi. «Gazeta.uz» ushbu suhbatdan ayrim qismlarini taqdim etadi.
Markaziy bank 2021 yilning birinchi yarmida ipoteka bozoridagi vaziyat yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, oxirgi yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldiqlar 25,2 foizga — 30,8 trln so‘mga qadar oshdi, muammoli ipoteka kreditlari qoldiqlari ham 4 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 480 mlrd so‘mga yetdi. Har oltinchi kvartira ipoteka asosida sotib olinmoqda. Ikkilamchi bozorda ipoteka kreditlari keskin ko‘paydi.
1,7 million surxondaryolikni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun «To‘palang» suv omboridan magistral quvur yotqizish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 138 mln dollarga baholanmoqda, quvurlar uzunligi — 361 km.
“Chelsi” klubi Yevrop Superkubogida “Vilyarreal” jamoasiga qarshi bahsda penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi va chempion bo‘ldi (foto).
Germaniyada temir yo‘llaridagi ish tashlash tufayli qatnovlarning 75 foizi bekor qilingani, Jazoirda o‘rmon yong‘inlari oqibatida 40 dan ortiq kishining halok bo‘lgani, Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting