Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Administratsiya xodimlari qatorida SOVID-19`ga qarshi emlanganini, jumladan, iyunning birinchi haftasida xitoy-o‘zbek vaksinasining ilk komponentini qabul qilganini ta’kidladi.
Adliya vazirligi «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etdi. Vazirlik arizalar va ilova hujjatlari tegishli qonun talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligini ta’kidladi. O‘zbekistonda partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming fuqaro imzosi talab qilinsa, «Haqiqat va taraqqiyot» partiyasi 9,8 ming imzo yig‘gan.
Armaniston bosh vaziri v. b. Nikol Pashinyanning «Grajdanskiy dogovor» partiyasi parlament saylovlarida 53,92% ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinni mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyannig bloki egalladi.
Ushbu hafta davomida O‘zbekistonda o‘rtacha issiq havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +35 darajagacha ko‘tariladi. Ba’zi kunlarda shamol kuchayishi mumkin.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev ertaga mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi. 23 iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Shuningdek, ushbu haftada tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalari ijrosi hamda mahalliy sanoat loyihalarini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor ham rejaga kiritilgan.
Samarqanddagi tekstil korxonalaridan birida ishlovchi 19 yoshli qiz tungi navbatchilik paytida zo‘rlandi. Viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchiga nisbatan sirtdan qamoqka olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Kecha O‘zbekistonda 427 nafar fuqaroda koronavirus aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 471 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
Poytaxtning Uchtepa va Chilonzor tumanlaridagi dorixonalarida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 37 ta holat aniqlandi. Shulardan jami 62 337 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi.
Saida Mirziyoyeva «Premier Hall» kinoteatrini ta’mirlash vaqtida aniqlangan rassom Alfred Mazitovning «Kokilli qiz» pannosi atrofidagi muhokamalar ortidan shahardagi barcha mozaik pannolarni saqlab qolishga chaqirdi. «Aynan ushbu yodgorliklar Toshkentga betakror shahar qiyofasini baxsh etadigan ajoyib bir ramzdir», — dedi u. Shundan so‘ng, bino egasi panno restavratsiya qilinishini ma’lum qildi.
Adliya vazirligi tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba — Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqmoqda. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning qabul qilinishi qonun hujjatlarini me’yorlashtirish va davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini qisqartirishga xizmat qiladi.
Toshkentda ikki nafar Janubiy Koreya fuqarosi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal ulardan birining o‘limi bilan yakunlandi. Koreya matbuotida marhumning taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi ekani xabar qilindi.
O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqa olmagani, “Paxtakor” jamoasining futbolchi va rahbariyati maoshlari ochiqlanishi, O‘FAning navbatdan tashqari hisobot kongressi, Bektemir Meliqo‘ziyevning nokautga uchrashi — “Gazeta.uz” ning haftalik sport yangiliklari dayjestida.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining ta’kidlashicha, prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi oldidan yo‘llar bo‘ylab ekilgan butalar “qaytarib olingan”. Viloyat hokimligi obodonlashtirish ishlari davomida butalarni vaqtincha salqin joyga ko‘chirganliklari haqida xabar berdi. “Gazeta.uz"ning aniqlashicha, Shavkat Mirziyoyev tashrifidan bir necha kun oldin Obodonlashtirish boshqarmasi 50 ming katarantus gullari hamda 180 dan ortiq daraxt va butalarni sotib olgan.
Milliy test tizimi topshiriqlarining tarqalib ketishi haftaning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Testlarning va talabalarni tanlashning sifatini va ma’lumotlarning ishonchli saqlanishini ta’minlash hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun test materiallarini ishlab chiqish, test jarayonlarini o‘tkazish va sifatni nazorat qilish vazifalari bir-biridan ajratilishi lozim. Hozir bu uchta vazifani bir tashkilot — DTM bajaradi, bu esa nazorat va muvozanat tizimini izdan chiqaradi. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov shu haqda yozadi.
O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev AQShda faoliyatidagi navbatdagi jangini Gabriel Rosadoga qarshi o‘tkazdi. Mazkur jangda Rosado Meliqo‘ziyevni nokautga uchratdi.
Prezident qarori bilan cport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bunda, g‘oliblar I, II, va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro kinofestivali faoliyatini tiklash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Mazkur tadbir har yili kuz faslida o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 106 ming 025 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 381 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
O‘FA kongressida O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqa olmagani sabablari muhokama qilindi. O‘FA rahbariyati terma jamoa mag‘lubiyatini alohida ko‘rib chiqib, hisobot berishini ma’lum qildi.
O‘FA rahbari Abdusalom Azizov futbolda ko‘p narsa yo‘qotilgani, ayrim insonlar buni biznes qilib yuborganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘FA rahbari boshqa futbol klublarining maoshlarini ham ochiqlashi haqida aytib o‘tdi.Mana, kecha «Paxtakor» klubi maoshlarini ochiqladik, boshqa klublarning ham maoshlarini ochiqlaymiz", — deya ma’lum qildi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting