Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, maktablardagi muammolarni hal etish o‘rniga, «ba’zilar o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdan nariga o‘ta olmayapti». U prezident topshiriqlarini to‘g‘ri tushungan rahbarlar byudjetdan tashqari mablag‘larni topib, maktablarga yordam berishga harakat qilishini aytdi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va xorijdagi O‘zbekiston madaniy boyliklarni o‘rganish markazi asosida Madaniy meros agentligi tashkil etildi.
O‘zbekistonda 2021 yilning birinchi choragida 9213 ta ajrim qayd etildi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, eng ko‘p holat Toshkent shahrida, eng kam ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatga olingan.
Saudiya Arabistonida emlanganlarga Ramazon oyida haj ziyoratiga ruxsat berilgani, Belarusning bir qator mamlakatlardagi elchixonalarining yopilishi mumkinligi, Iordaniyada qirolga qarshi fitna haqidagi xabarlarga taqiq qo‘yilgani va boshqa yangiliklar — “Gazeta.uz"ning jahon yangiliklari dayjestida.
Forbes nashriga ko‘ra Amazon asoschisi Jeff Bezos 2021 yil bo‘yicha dunyoning eng boy insoni bo‘ldi. Shuningdek, ikkinchi o‘rindan SpaceX va Tesla’ning asosiy aksiyadori Ilon Mask va uchinchi o‘rindan Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalar guruhi prezidenti Bernard Arno joy oldi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil qilindi/
6 aprel kuni Toshkentda 35 yilga mo‘ljallangan va taxminiy qiymati 2 mlrd dollarni tashkil qiladigan «Mustaqillikning 25 yilligi» loyihasiga moliyaviy mablag‘larni jalb etish bo‘yicha shartlar belgilab olindi. Shartnoma 10 yil muddatga 900 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha imzolandi. Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida tabiiy gaz zaxiralarini qidirish va qazib olish, hamda 5 mlrd kub metr quvvatga ega bo‘lgan gazni qayta ishlash zavodini qurish nazarda tutilgan (reklama huquqlari asosida).
O‘zbekistonda 1 km yo‘lni qurishning eng qimmat narxi 950 ming dollarni tashkil etishi ma’lum qilindi. Mazkur narxga o‘tish yo‘laklari, lotoklar va boshqalarni ta’mirlash hamda o‘rnatish ham kiradi. «Lekin dunyoda hech kim bunaqa summada yo‘l qurmaydi», — dedi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi.
Yevropa dori vositalari bo‘yicha agentligi koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi va vaksinani qabul qilganlar orasida kuzatilgan tromboz holatlari orasida bog‘liqlik borligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Agentlik ushbu holatlarni vaksinaning juda kamdan-kam uchraydigan aks (yon) ta’siri deb atamoqda.
Qozog‘iston davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayev Qarag‘anda zavodida ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaksinasi bilan emlandi.
Dollarning rasmiy kursi 15 so‘mga arzonladi va jami 10 468 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kursi ham arzonladi, yevro esa biroz ko‘tarildi.
Qiymati qariyb 157 mln dollar bo‘lgan «Birinchi rezinotexnika zavodi» quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Zavod 2018 yil avgustida qurilgan, biroq sifat talabga javob bermagani uchun 100 mingta shina sotilmay qolgan, bu muddat davomida UzAuto Motors 60 mln dollarga shina sotib olgan. Parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov tashqi qarzlar qanchalik samarali sarflanayotganini so‘radi.
Akmal Jumaboyev Toshkent shahar Sergeli tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi sifatida faoliyat olib borgan.
O‘zbekistonda 1 aprel sanasidan buyon 5 kun ichida 35 mingdan ortiq kishi koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani qabul qildi. Eng ko‘p emlanish holati Samarqand viloyati (1783 nafar) hamda Toshkent shahriga (1691 nafar) to‘g‘ri kelmoqda.
Moliya vazirligi, «O‘ztransgaz», VEB.RF va «Gazprombank» O‘zbekistonning gaz-transport tizimini modernizatsiya qilishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Loyihaga 618 mln dollargacha kredit ajratilishi mumkin.
Turkmanistonda xalq itboqari va xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonlari ta’sis etilib, unvonlar sohiblariga bir martalik pul mukofotlari hamda oylik, nafaqa va stipendiyalariga ustamalar belgilandi.
Toshkentda aviachipta sotuvchi operatorlar aviachiptalar sotuvidan tushgan 771,2 mln so‘m va 58,7 ming AQSH dollarini kirim qilmasdan talon-toroj qilishganliklari aniqlangan.
Shimoliy Koreya Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmaydi. KXDR ma’muriyati ushbu qarorni o‘z sportchilarini COVID-19`dan himoya qilish istagida ekanligi bilan izohladi.
Phanes Group xalqaro kompaniyasi Navoiy viloyatining Nurota tumanida 200 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini quradi.
Ukrainaning MAU aviakompaniyasi 8 apreldan 29 aprelgacha Kiyevdan Toshkentgacha va Toshkentdan Kiyevgacha charter reyslarini amalga oshiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting