2021−2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul qilishning davlat buyurtmasiga oid prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, bakalavrning barcha ta’lim shakliga jami — 157 879 nafar, magistraturaga 12 914 nafar, nodavlat OTMlarga esa 56 nafar davlat buyurtmasini belgilash taklif etilgan. Bundan tashqari, tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Respublika bo‘ylab uch kun mobaynida 200 ga yakin fuqaroda COVID-19 kasalligi aniqlandi. Toshkent shahrida 28 mart kuni mazkur ko‘rsatkich 164 kishini tashkil etdi.
Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida 4 kishi vafot etdi, 1 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
28 mart kuni kuchli yog‘ingarchilik sababli Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi bir nechta hududlar sel ichida qoldi. Samarqandda uylar suv ostida qolgan, mashinalar oqib ketgan va ko‘priklar buzilgan. Navoiy viloyatida ham suv mashinani oqizib ketgan va ba’zi hududlardagi uylarni sel bosgan.
23 mart kuni sayozlikda turib qolib, ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ygan Ever Given kemasi suv yuzasiga chiqarib olindi. Kanal bo‘ylab harakat qachon tiklanishi noma’lum.
Toshkent IIBB LGBT faollari deb ataluvchi yoshlarga qarshi namoyishda qatnashgan 12 kishining qo‘lga olinganini xabar qildi. «Bezorilik» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Deputat Alisher Qodirov Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirish hamda ozodlikdan va fuqarolikdan mahrum etishgacha bo‘lgan choralarni o‘rnatishni taklif qildi.
Senator Malika Qodirxonova Navoiyda qizlari bilan birgalikda poyezd ostiga o‘zini tashlagan 31 yoshli ayol o‘limi tafsilotlarini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, ayolning eri o‘g‘il tug‘mayotganini ro‘kach qilib janjallashib turgan. Yanvarda ayol navbatdagi homilasining ham qizligini bilib, abort yo‘li bilan undan voz kechgan ekan.
Myanmada harbiylar yangi saylovlardan so‘ng hokimiyatni topshirishi, Eron va Xitoyning 25 yillik hamkorlik shartnomasi, AQSHning “Bir makon, bir yoʻl"ga muqobil yaratishni taklif qilgani va boshqa yangiliklar — “Gazeta.uz"ning jahon yangiliklari dayjestida.
Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqildi. Qurilish ishlari ikki bosqichli xalqaro tender g‘olibiga topshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 2 mlrd dollardan oshadi.
Tadbirkorlarga haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni tashkil etishga ruxsat berilishi, zargarlik buyumlarini onlayn sotish mumkinligi, ayrim mutaxassislarning ish haqi va ba’zi pensionerlar nafaqasining oshirilishi, uy-joy narxlarining optimallashtirilishi — 1 apreldan mamlakat qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Toshkent shahrida chaqiruv bo‘yicha yetib borgan tez tibbiy yordam shifokori ko‘rikni o‘tkazayotgan paytda bemor tomonidan do‘pposlandi. Hozirda shifokorning ahvoli og‘ir, unga bosh miyaning turli darajadagi jarohatlari yetkazilgan.
Prezident «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Barcha shahar va tumanlarda «Ma’naviyat va ma’rifat maskani» yaratiladi, universitetlarda «Ma’naviyatshunoslik», «Kasbiy ma’naviyat» fanlari joriy etiladi.
Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari asosida mahalla huquqni muhofaza qilish punktlari tashkil etilmoqda. 1 iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida profilaktika inspektorlariga masofadan turib murojaat qilish mumkin bo‘lgan «Smart mahalla» tizimi joriy etiladi. Ichki ishlar vazirligi tarkibida beshta yangi bo‘lim shakllantirildi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi bo‘yicha taklif etilgan o‘zgarishlar o‘quvchilar savodiga ijobiy ta’sir qilishini va amaldagi alifbo o‘zbek tilining internet tiliga aylanishiga to‘siq bo‘layotganligini aytmoqda. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov departament argumentlarining asosida ilmiy dalillarni ko‘rmaganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi elektron tijoratni o‘zini o‘zi band qiladiganlar faoliyat turlariga qo‘shishni taklif qilmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov prezidentga nisbatan ko‘p marotaba «muhtaram» so‘zini ishlatishiga to‘xtalib o‘tdi. «Prezident yurtning otasi… faqat men emas, hamma shunaqa bo‘lishi kerak», deya ta’kidladi u.
Dam olish kunlari nam va sovuq havo massalari sababli harorat pasayadi. Salqin havo keyingi haftaning birinchi yarmida ham ta’sirini saqlab qoladi: yomg‘ir yog‘ib, shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayadi.
Qoraqalpog‘istonda yuk mashinasini boshqarib kelayotgan mast haydovchi mashinani to‘xtatmoqchi bo‘lgan yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib ketdi. YPX xodimi tan jarohatlari sababli shifoxonada olamdan o‘tdi.
Toshkent shahrining 10 ta markaziy ko‘chalarida esperimental tarzda parkomatlar tashkil etilishi taklif etilmoqda. To‘lovlar maxsus talon yoki shartnoma asosida naqd va plastik kartalar orqali amalga oshiriladi. I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va maxsus avtomashinalar mazkur parkomatlardan bepul foydalana oladi.
Siyosiy partiyalar rahbarlari 2020 yilda partiya faoliyatining moliyalashtirilishi va uning manbalari to‘g‘risida hisobot berishdi. O‘zLiDeP partiyasiga 35,3 mlrd so‘m kelib tushgan, bu partiyalarga o‘tkazilgan eng ko‘p mablag‘ hisoblanadi. Milliy tiklanish va O‘zLiDeP partiyalarining asosiy moliyalashtirish manbalari davlat byudjeti bo‘lgan. XDP xarajatlarining 48 foizi o‘z mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting