Ro‘zaga oid savol-javoblar, 3 kunlik magnit bo‘roni, «O‘zavtosanoat»ga rahbarlikka qaytgan Ulug‘bek Rozuqulov, O‘zbekistonda gaz qazib olish ikkinchi oy ketma-ket pasaygani, Qoraqalpog‘istonda qulab tushgan yangi qurilayotgan ko‘prik, 2023 yil uchun fidya miqdori va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida so‘zga chiqib, «Orol madaniyati sammiti» loyihasini taqdim etdi. «San’at, dizayn va madaniyat Orolbo‘yidagi muammolardan xabardorlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin», — dedi u.
O‘zbekistonda 21 mart kuni 5−6 balli va 23 martga o‘tar kechasi 4−5 balli yer silkinishlari sezildi. Hattoki ko‘p qavatli uylar aholisi aftershokdan havotirlanib, bir necha soat ko‘chada qolishdi. «Gazeta.uz» zilzila vaqtida poytaxt aholisi nimalarni his qilgani va qanday yo‘l tutgani bilan qiziqdi (video).
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining asosiy stavkani 1 foiz bandga tushirishi ortidan aholi iste’moli oshishi, kredit hajmi o‘sishi kutilmoqda. Buning natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YAIM 0,55 foizga ko‘payadi.
O‘zbekistonda gaz qazib olish ikkinchi oy ketma-ket pasaymoqda. Yanvar-fevral oylarida ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yil boshiga nisbatan 8,2 foizga ozaygan. Elektr va issiqlik ishlab chiqarish ham kamaydi.
Ulug‘bek Rozuqulov yana «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi bo‘ldi. U avval bosh vazir o‘rinbosari va milliy aviakompaniya rahbari lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2023 yil uchun zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini e’lon qildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi Sirdaryoda 1580 MVtli IESni qurish uchun 150 mln dollar ajratdi va 1 mlrd dollardan ortiq xususiy moliyalashtirishni jalb qildi. Stansiya gazda ishlaydi va butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 17 foizini qondirishi kutilmoqda.
Toshkent metrosi Yer usti halqa yo‘lining Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda sinov tariqasida poyezdlarning texnik qatnovi boshlandi.
Andijon viloyati Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, tumanning ikki mansabdoriga ham sud hukmi o‘qildi.
UzAuto mutaxassislari kompaniyaning iqtisodiy muvaffaqiyatlari haqida gapirib berdi.
O‘zbekistonda aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarliklar, qidiruvdagi mashinalarni aniqlash uchun drondan foydalanish va uni saqlash bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish taklif qilindi. IIV va boshqa qator tashkilotlar uni o‘rganib, 1 oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
1 apreldan barcha turdagi mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun 15 foizlik subsidiya beriladi, import qilinadigan texnikalar 3 yil muddatga bojxona va utilizatsiya yig‘imlaridan ozod qilinadi. Uskunalar xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga «Tashabbusli budjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilmoqda. Hilola Umarova o‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan.
Arnasoy tumanida janjal sabab er ayolini oshxona pichog‘i bilan o‘ldirdi, keyin esa o‘zini jarohatladi. Surishtiruvlarga ko‘ra, janjal rashk sabab sodir bo‘lgan.
Tojikistonda 23 martga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan zilzilalarda 3 kishi yengil jarohat oldi. Yerosti silkinishlari sababli kamida 60 bosh chorva nobud bo‘ldi.
Qozog‘iston apreldan Rossiyaga reeksport qilish uchun mamlakat orqali o‘tadigan tovarlarni kuzatishni boshlaydi, deb yozadi Financial Times. Bu chora-tadbirlar G‘arbning xorijiy kompaniya va shaxslarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi fonida ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
«O‘zavtosanoat» vakillari kompaniya Yangi O‘zbekistonda qanday natijalarga erishgani haqida gapirib berdi.
Osiyo futbol konfederatsiyasining yuridik qo‘mitasi raisiga O‘zbekiston MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov o‘rinbosar bo‘ldi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov esa hakamlar qo‘mitasi raisiga o‘rinbosar etib tayinlandi.
O‘zbekistonda endi mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan — turmaga o‘tkazish sud tomonidan hal etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting