Mustaqillik bayrami munosabati bilan taqdirlanganlar, Samarqandda boshlangan “Sharq taronalari”, Nukus xalqaro aeroportiga qarshi qo‘zg‘atilgan ish, 10-sentabrdan boshlanadigan Umra mavsumi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Telegram asoschisi Pavel Durov Telegram’da sodir etilgan moliyaviy va kiberjinoyatlar bo‘yicha harakatsizlikda ayblanmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Durovning Parijda hibsga olinishi sud tergovi doirasida sodir bo‘lganini va “hech qanday siyosiy qaror emasligini” aytdi.
Samarqandda besh yillik tanaffusdan so‘ng yana “Sharq taronalari” festivali boshlandi. Prezident mazkur forum o‘z mazmun-mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra “Jahon taronalari” festivaliga aylanganini ta’kidladi. U bunday festivallarni “O‘zbekistonning tinchlik-totuvlikka ezgu da’vati” deb atadi.
“Rospotrebnadzor” O‘zbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini yuboradi. Birinchi to‘plamlar shu haftada yetkazib beriladi.
Prezident Samarqandga tashrif buyurib, yangidan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasini ko‘zdan kechirdi. U mutasaddilarga tabarruk ziyoratgohlarni tiklash, ularning tarixi va mazmunini to‘g‘ri talqin qilib yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Rossiya armiyasi Ukraina hududiga yuzdan ortiq raketa va dronlar uchirdi, asosiy zarba energetika obyektlariga berildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni urush davridagi eng yirik hujumlardan biri deb atadi va mamlakat energetika sektoriga “katta zarar yetkazilganini” ta’kidladi.
Yanvar-iyul oylarida savdo hajmi pasaygan bo‘lsa ham, Xitoy O‘zbekistonning tashqi savdodagi asosiy hamkori bo‘lib qolmoqda. Rossiya bilan savdo tezlashdi. Qozog‘iston va boshqa qo‘shni davlatlar, Turkiya, Koreya va Germaniya bilan tovar ayirboshlash kamaymoqda. Oltin savdosi pasayishi eksport hajmini kamaytirdi.
Raqobat qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroportiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita aeroport 120 mln so‘mlik tanlov savdolarini o‘tkazishda qonunlar talablariga rioya qilmaganini aniqlagan.
Dushanba kuni kechqurun Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurib, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.
Prezident fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmon imzoladi. O‘zgarishlar, jumladan, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha loyihalarni tanlashda shaffoflikni oshirishni o‘z ichiga oladi.
Iordaniyada o‘tgan sport kurashlari bo‘yicha U-17 yosh toifasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston 7 ta medal (1 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza) qo‘lga kiritdi. Erkin kurashchi Ulug‘bek Rashidov chempion bo‘ldi (video).
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning davlat va jamoat arboblaridan 6 nafarini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Ular orasida davlat maslahatchisi, prezident yordamchisi, vazir, elchi va boshqalar bor.
Navoiy viloyatida qariyb 1100 gektar maydonda turar joy va savdo binolari, universitetlar kampusi, kutubxona, sun’iy ko‘l va boshqalarni o‘z ichiga olgan Yangi Navoiy shaharchasi qurilishi boshlandi. Shuningdek, 50 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tashkil etiladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Asialuxe Travel turoperatori chegirmalar bilan Antaliyaga arzon sayohatlarni taklif etadi.
O‘zbekiston parlament saylov uchastkalari 39 mamlakatda tashkil etiladi. Ulardan eng ko‘pi Rossiyada — yettita, Qozog‘iston va Xitoyda — uchtadan bo‘ladi. 7 mamlakatda ikkitadan, 29 mamlakatda bittadan uchastka ochiladi.
O‘zbekistonda Umra mavsumi 10-sentabrdan boshlanadi. Ziyoratchilar Madinada 3 kun, Makkada esa 7 kun bo‘ladi. Umra xizmatlari narxi bir kishi uchun 16,6 mln so‘m, biroq Haj-Umra markazi narxlar o‘zgarishi mumkinligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonga hafta o‘rtasida nisbatan salqin havo kirib kelib, harorat 2−3 darajaga pasayadi: kunduzi +27…+30, janubda +35 darajagacha bo‘ladi. Ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Jumadan harorat asta-sekin ko‘tarilishni boshlaydi.
Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 12 va 17 yoshli o‘zbekistonlik opa-singil vatanga qaytarildi. Qizlarning opasini ularga vasiy etib belgilash ishlari ketmoqda. Erkakka nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar sudga yuborildi.
Homiladorlik davrida tishlar va milk bilan bog‘liq ayrim muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Mutaxassis birinchi va oxirgi uch oylikda har qanday davolanishni kechiktirish tavsiya qilinishi, ikkinchi uch oylik esa tishlarni davolatish uchun qulay va xavfsiz davr ekanini ta’kidladi.
Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘iga chiqib, yo‘ldan adashib qolgan uch nafar fuqaro FVV xodimlari tomonidan qutqarildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting