Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni boshlaydigan hukumat, Uzbekistan Airways`ning Isroilga bekor qilingan reysi, ingliz tiliga tarjima qilingan “Dunyoning ishlari”, 8 ta davlat vazirlarini qabul qilgan prezident va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
OTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonda narxlar oshishining uy xo‘jaliklari daromadiga ta’siri tufayli 2024-yilda iqtisodiy o‘sish 5,5 foizgacha pasayishi mumkin, biroq 2025-yilda biroz tiklanadi. Islohotlar va ijtimoiy xarajatlarni oshirish budjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan harakatlarni cheklashi mumkin.
Fevralda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi tugab, 23 ayblanuvchiga hukm o‘qilgandi. Hukmdan norozi yetti sudlanuvchi apellyatsiya shikoyati kiritdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida apellyatsiyani ko‘rib chiqish 15-aprel kuni davom ettirildi. Tafsilotlar — “Gazeta.uz” reportajida.
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxslar fuqaroni 18 ming dollar evaziga AQShga jo‘natishni va’da qilgani aniqlandi.
Moskvadagi qurilish maydonida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda o‘zbekistonlik 10 nafar, tojikistonlik 13 nafar migrant qo‘lga olindi. Janjal qurilish materiallarining noto‘g‘ri taqsimoti sababli kelib chiqqan. Hech kim og‘ir jarohat olmagan, ularga nisbatan ma’muriy jarima tayinlangan.
Prezident “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti yig‘ilishiga kelgan, jumladan, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘mon va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlik, Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.
15−19-aprel kunlari Artel kompaniyasi 135-Canton ko‘rgazmasida — eksport va import mahsulotlari bo‘yicha Osiyoning eng yirik ko‘rgazmalaridan birida ishtirok etmoqda.
Tarjimonlar Mark Riz va Abdulloh Ro‘ziyev O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissalarining ingliz tiliga tarjimasini taqdim etdi. Nashr sharafiga Nyu-York metrosida reklama joylashtirildi. “Gazeta.uz” tarjimonlar bilan o‘zbek yozuvchisi ijodi va tarjima ustidagi ishlar haqida suhbatlashdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni boshlashini aytdi. Qonun va qoidalarni buzgan tadbirkorlar tartibga chaqiriladi. U buni “ortga qaytish” sifatida ko‘rmaslik kerakligini, “Prezident jamoasida bu haqda o‘ylaydigan odamlar ishlamasligini” ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hukumat “O‘zsanoatqurilishbank” xususiylashtirilishini tezlashtirish ustida ishlayotganini, may oyida “Asakabank”ni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha YeTTB bilan kelishuv imzolanishi reja qilinganini bildirdi. Shuningdek, Islom moliyasi bo‘yicha ishlar ko‘lami kengayadi.
Hukumatda “aholi drondan foydalanish madaniyatiga hali to‘la tayyor emas” degan nuqtai nazar bor. “Hozir ommaviy foydalanishga ruxsat bersak, odamlar bir-birining uyida qilayotgan ishini ham dronlar orqali tarmoqlarga chiqarib yuborishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi “Madad” NNT vakili Islombek Abdurahimov.
Toshkentning Chilonzor tumanida svetoforning qizil chirog‘i yongan vaqtda qoidani buzib, “Tez yordam” mashinasiga yo‘l bergan Cobalt haydovchisining uyiga jarima xati bordi. Holat o‘rganilib, fuqaroga yozilgan jarima bekor qilindi. Haydovchi shahar IIBB tomonidan taqdirlandi.
Singapur bosh vaziri Li Syan Lun yigirma yillik hokimiyatdan so‘ng 15-may kuni o‘z lavozimini tark etadi. Uning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri Lorens Vong tayinlanadi.
Firibgarlikda gumonlanib, tergovga jalb qilingan defektolog Dilorom Jabborova “Ovoz” nomli markaz ochgani haqida xabar tarqaldi. Bolalar ombudsmani muassasa unga tegishli emasligini, uning tergov davomida bolalar duduqlanishi muammosiga oid faoliyat bilan shug‘ullanishi to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Fors ko‘rfazi davlatlari Isroil va Eron o‘rtasida keng ko‘lamli urush bo‘lishidan qo‘rqmoqda, chunki vaziyatga ularning o‘zlari ham jalb qilinishi xavfi mavjud. Ular AQSh bilan birgalikda Tel-Aviv hamda Tehronga bosim o‘tkazmoqda, deb yozdi Reuters.
O‘zbekiston va Hindiston harbiylari “Do‘stlik” qo‘shma mashg‘ulotlarining beshinchi bosqichini boshladi. Bu yil mashqlar Surxondaryodagi “Termiz” poligonida bo‘lib o‘tmoqda. Jarayon doirasida Hindiston armiyasi shtabi boshlig‘i Manoj Pande O‘zbekistonga keldi.
Yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli 16−22-aprel kunlari O‘zbekistonning 6 ta viloyatida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.
ADM Jizzakh avtomobil zavodi O‘zbekiston bozorining kamida 25 foizini egallash niyatida, deya ma’lum qildi kompaniya bosh direktori Doniyor Davletyarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda milliy avtomobil ham yaratish reja qilinmoqda.
Qosim-Jomart Toqayev oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun bilan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakli uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi normalar joriy etilmoqda.
O‘zbekistonda mart oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 12,7 foizni tashkil etdi (fevralga nisbatan o‘zgarishsiz). Aholi eng ko‘p yonilg‘i, meva-sabzavotlar, go‘sht va sut narxi oshganini sezdi. Shakar va qandolat narxi oshganini qayd etgan respondentlar ko‘paydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting