O‘zbekistonda 2023-yil yakuni bo‘yicha naqd pulning umumiy pul massasidagi ulushi 2022-yilgi o‘sishdan keyin 21,5 foizgacha kamaydi. Kartalarga tushgan mablag‘lar tobora kamayib bormoqda — so‘nggi besh yil ichida ko‘rsatkich 32 foizdan 24 foizga tushdi.
Lavozimidan ozod etilgan uch hokim, elektron retsept asosida beriladigan dorilar, Umra safarida qiyinchilikka uchragan o‘zbekistonliklar, qariyb 2,5 baravar ortgan avtomobil importi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
2019-yilning fevralidan beri Guliston shahrini boshqarib kelgan To‘lqinjon Dadabayev lavozimidan ozod etildi. Bunga uning sog‘lig‘idagi muammolari sabab qilib ko‘rsatilgan. Hokim vazifasini vaqtincha bajarish uning o‘rinbosari G‘ayrat Botirov zimmasiga yuklatildi.
Prezident elektromobillar sanoatidagi loyihalarni jadallashtirish, shuningdek, Xitoyning BYD kompaniyasi bilan birga elektromobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, “elektrozapravkalar"ni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
2023-yilda O‘zbekiston 73 mingdan ortiq avtomobil import qildi, bu avvalgi yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘p. Xitoydan avtomobil olib kelish hajmi esa 5,2 barobar oshdi. Import qiymati qariyb 1,8 milliard dollarga yetdi.
Ergashali Abdujalilov Oltinko‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U bunga qadar Andijon viloyati hokimi yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
O‘zbekistonda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilmoqda. Uni ochish haqida yanvar oyi oxirida e’lon berilgandi. Tashkilot har oy Prezident administratsiyasiga hisobot beradi. Undagi taklif va tavsiyalarni ta’lim vazirliklari va boshqa davlat organlari berib boradi.
“Click`dan milliard” aksiyasining so‘nggi bosqichi 10-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Bu safar g‘oliblar soni 12 nafar bo‘ladi. Asosiy g‘olib 300 mln so‘m miqdorda pul mukofotini qo‘lga kiritadi.
Namangan viloyatida haydovchilik guvohnomasi oluvchilar uchun ixtisoslashgan innovatsion imtihon markazi ishga tushdi. Uning ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashdi.
2021-yildan buyon Toshkent shahri Bektemir tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Tapil Mahamadziyayev lavozimidan ozod qilindi. Yanvarda prezident bosh vazirga Mahamadziyayevning lavozimiga loyiqligini hal qilishni topshirgandi. Tumanni vaqtincha boshqarish hokimning birinchi o‘rinbosari Fathulla Nigmanovga yuklandi.
Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston Prezident administratsiyasi rahbari Oljas Bektenovni bosh vazir etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Toqayev, shuningdek, hukumatning iste’fosi va Bektenov nomzodi yuzasidan izoh berdi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda maktab va maktab ta’limiga 46 trln so‘m ajratilayotgani, ammo matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha 2022-yilgi PISA dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar ko‘pligini aniq ko‘rsatgani haqida gapirdi. O‘zbekiston tadqiqotning har uch yo‘nalishida oxirgi o‘ntalikdan joy olgan.
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saraton kasalligiga chalindi. Davolanish davrida u ommaviy tadbirlarda kamroq qatnashadi. Bukingem saroyining ta’kidlashicha, qirol yaxshi kayfiyatda va tez orada davlat vazifalariga qaytishga umid qilmoqda.
Turizm qo‘mitasi Umra xizmatlarini litsenziyasiz ko‘rsatgan kompaniyalarning ma’lumotlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotganini bildirdi. Shuningdek, xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tdi.
2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘ldi. Oltin bo‘yicha sof savdo 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchilikni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkichni qayd etdi. Shuningdek, mamlakat dekabr oyida 9 tonna oltin xarid qildi.
Ramazon Ashrapov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i bo‘ldi. U shu paytga qadar Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Navoiy shahridagi 18-sonli maktabda rus tili o‘qituvchisi (erkak) 2 nafar o‘quvchini kaltakladi. Hozirda holat bolalar ombudsmani kuzatuvida va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi qo‘lga olindi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.
2020-yilning iyunidan beri Toshkent viloyati Ohangaron shahriga hokimlik qilib kelgan Akrom Eshonqulov lavozimini tark etgani haqida e’lon berdi. “Ish jarayonida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchalaringizdan uzr so‘rayman. Xayr jonajon shahrim”, — deb yozdi u.
Prezident mutasaddilarga 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimini ishga tushirish, dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting