Ucell va O‘zbekistondagi boshqa kompaniyalarga egalik qiluvchi Digital Holding QK RFning Digital Invest asoschisiga sanksiyalar joriy qilinganidan so‘ng nomini Digital Olding`ga o‘zgartirdi. Shuningdek, yangi ta’sischi paydo bo‘ldi. Buning natijasida Digital Invest endilikda QK nazorat paketiga egalik qilmaydi.
Piskent tumanida 9,2 gektar g‘alladan bo‘shagan yerda somonpoya qoldiqlari yoqib yuborildi, tabiatga 17,4 mln so‘m zarar yetgan. Avvalroq Chinoz tumanida ham somonpoya qoldiqlari yoqilgani ortidan daraxtlar shikastlangan, o‘simlik dunyosi va tuproq unumdorligiga zarar yetgandi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan saylovoldi yig‘ilishida 2030-yilga borib poytaxtdagi yashil hududlar maydoni 5 barobarga ko‘payishini ta’kidladi. 100 kilometr uzunlikdagi veloyo‘laklar, saylgohlar, bog‘ va xiyobonlar qurish ham rejalashtirilgan.
Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgan. Shuningdek, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Qozog‘istonlik harbiy mutaxassislar Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni bazasida joylashgan o‘quv markazida tajriba almashdi. Ikki davlat harbiylari suvli to‘siqlardan o‘tish, jangovar qurollarni qo‘llash, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish, tibbiy yordam ko‘rsatish kabilarni mashq qildi.
Kelgusi yilning yanvar oyidan Niderlandiyada o‘quvchilarga darsda mobil qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi. Qaror gadjetlarning bolalar faoliyatiga salbiy ta’siri tufayli qabul qilindi.
O‘zbekistonda shakarning chakana narxi ichki bozorlarda yil boshiga nisbatan 10 foizga arzonlashdi. Yanvar-iyun oylarida birja savdolariga jami 336,7 ming tonna shakar qo‘yilib, uning 83 foizi sotilgan.
Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedovning Grigoriy Lepsning konserti haqidagi intervyusi bo‘yicha bayonot berdi. Diplomatik missiya bunday gastrollarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston imijiga tahdid ekanini ta’kidlab, qarshi chiqqan faollarga minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston tijorat banklarida yil boshidan buyon depozitlar qoldig‘i 216,7 trln so‘mdan 204,7 trln so‘mgacha kamaydi. Aprel oyidagi ko‘rsatkichda o‘sish kuzatilganiga qaramay, may oyida omonatlar qoldig‘i yana kamaygan.
Navoiy viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni yaxshi parvarish qilmagan 10 ta tuman va shahardagi 36 nafar mas’ul shaxs 118,5 mln so‘m jarimaga tortildi.
Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada Qur’oni karim yoqib yuborilgani haqida gapirib, buni yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi. “Biz radikalizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga, turli millat va xalqlarning diniy qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga mutlaqo qarshimiz”, — dedi u.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev poytaxtga 1200 ta elektrobus olib kelinishi va ularning jamoat transportidagi ulushi 50 foizga yetkazilishini aytdi. “Dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan birorta avtobus qolmaydi”, — dedi nomzod.
O‘zbekistonda iyun oyi O‘rta Osiyo iqlimi uchun juda issiq o‘tdi. Toshkentda bu oy kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun oyi bo‘lib, 2021-yilgi ko‘rsatkichdan o‘tib ketdi. Sinoptiklar shimoli-g‘arbiy hududlarga Rossiyadan salqin havo kirib kelishi tufayli ob-havo nisbatan salqin bo‘lganini ham qayd etdi.
2023-yilda O‘zbekistonda 10 ta strategik qazilma koni, 40 ta oltin izlovchilar uchun uchastka hamda 500 dan ortiq noruda kon va maydonlari elektron auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida Yandex Go taksi agregatori ishga tushdi. Bu O‘zbekistonning xizmat kirib borgan to‘qqizinchi shahri hisoblanadi.
Milliy gvardiya qoshidagi Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga har biri 2,3 mlrd so‘mlik 10 ta ot sotib olish bo‘yicha tender e’lon qilindi. Shuningdek, maktabga 650 mln so‘mlik beda pichani xarid qilish bo‘yicha tender o‘tkazilgan, keyinroq esa bitim bekor qilingan.
Sergeli tumanida 25 yoshli haydovchi yo‘lni kesib o‘tayotgan 12 yoshli piyodani urib ketdi. Piyoda turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Prezident imzolagan qonun bilan ma’muriy jarima summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emasligi belgilandi.
Mart oyidan buyon kompaniya rahbari vazifasini bajarib kelayotgan Bahodirjon Sidiqov “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Uning o‘rinbosarlari Odil Temirov va Rustam Sherov mas’uliyat sohasi o‘zgartirilgan holda lavozimlariga qayta tayinlandi.
Tijorat banklari 5-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 480−11 540 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 550−11 600 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting