“Dolzarb 40 kunlik” maxsus reydlari davomida Toshkent viloyatida 34 nafar jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olindi, 64 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Andijonda o‘zidan “yetakchi” yasab olgan 4 kishi, Buxoroda esa kriminogen vaziyatga ta’sir qiluvchi 38 nafar shaxs qamoqqa olindi.
2022-yil boshida 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozodlikka chiqdi.
Amerikalik xonanda Teylor Svift Time jurnali tomonidan “Yil odami” deb topildi. Jurnal xonandaning besh qit’ada 151 ta shouni o‘z ichiga olgan va qo‘shiqchini milliarderga aylantirgan Eras Tour dasturiga ishora qilib, “Hozir sayyorada hech kim buncha ko‘p odamning hislarini uyg‘ota olmaydi”, deya qayd etdi.
Sud ko‘chada 8 yoshli qizni o‘pib, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan 63 yoshli erkakka 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Yandex Go xizmati O‘zbekistonga to‘laydigan QQS sabab taksoparklar uchun komissiya miqdorini oshirganini tasdiqladi. Shu bilan birga, xizmat vakillarining ta’kidlashicha, taksoparklar o‘z komissiyasining kamaytirishini kutish mumkin. Ayrim taksoparklar buni tasdiqladi.
8−13-dekabr kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Shuningdek, 10−12-dekabr kunlari Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda mudofaa sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston seminari o‘tkazildi. Unda mudofaa sanoat majmuasi korxonalari ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Sud Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limining sobiq boshlig‘i, ikki nafar tergovchi va profilaktika inspektorini 6 yildan 8,5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Xodimlar kasalxonada vafot etgan gumonlanuvchini qiynoqqa solishda aybdor deb topildi, biroq ular buni rad etdi.
Konstitutsiyaviy sud bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqlari buzilishiga “mutlaqo toqatsiz munosabat”ini shakllantirish muhim, deb hisoblaydi. Sudlarning kengashlarga hisobot berish amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.
Samarqand viloyatida 47 kishi jinoiy guruhga a’zolikda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularning 6 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 25 nafari ma’muriy tartibda qamaldi. Ushbu shaxslardan psixotrop vositalar va sovuq qurollar olib qo‘yildi, deya xabar berdi DXX.
Prezident chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar mahkumni afv etdi. Ularning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayollar, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashganlar tashkil etadi.
Toshkentda jinoyat sodir etganlikda gumonlangan yana 6 kishi ushlandi. Ular orasida avvalroq poytaxtning “kriminal avtoritet” nomiga da’vogarlik qilgan va ikki yilga qamalib chiqqan Abbosxon Xodjayev ham bor.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasi kiritildi. Loyiha Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari bilan birgalikda takomiliga yetkazilmoqda.
Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va bezorilikda gumonlanib 19 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Toshkentda reportaj tayyorlamoqchi bo‘lgan jurnalistlarni kaltaklagan “Ko‘prikqurilish” xodimi 4 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi. Aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi va undan 23,7 mln so‘m zarar undirildi.
O‘zbekiston 15 yoshli o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy-ilmiy savodxonligi bo‘yicha ko‘rsatkichlarini xalqaro baholash dasturi (PISA)da ilk bor qatnashib, so‘nggi o‘ntalikka kirdi. Tadqiqot o‘quvchilar ko‘nikmalariga ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va oilaning oziq-ovqat xavfsizligi ta’sir qilishini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonda 11 oyda “zapravka”lar 110,4 milliard so‘mga teng bo‘lgan tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlandi. Jamiyat va ta’minotchi korxona mansabdorlariga jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 mln dollar qarz ajratdi. Mablag‘lar, jumladan, korxonalarning iqtisodiy zarbalarga chidamliligini oshirishga yo‘naltiriladi.
DXX fuqarodan 10 ming dollar olishda gumonlangan Oliy sudning katta konsultantini qo‘lga oldi. U 2 kishining oqlanishiga yordam berishni va’da qilgan. Shuningdek, mahalliy tadbirkordan 6 ming dollar olishda gumonlangan Surxondaryo viloyat sudi sudyasi katta yordamchisi ham ushlandi.
Bir qator yirik xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki tabiiy ofat yuz bergan taqdirda mamlakatlarga qarz to‘lashni kechiktirish imkoni berilishini va’da qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting