O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kechki vaqtda ham ishlashini ta’minlash uchun budjetdan qo‘shimcha 1,2 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda. Оktabrda muassasa tunu kun ishlash rejimini to‘xtatgan va bu tunda ishlash uchun qo‘shimcha shtat ajratilmagani hamda kuz-qish mavsumida elektrni tejash bilan izohlangandi.
Prezident farmoni bilan qandolatchilik korxonalariga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 2 yil muddatgacha 3 million AQSh dollarigacha mablag‘ ajratiladi.
“Biokimyo” spirt zavodining davlatga tegishli 51 foiz ulushi 118 mlrd so‘mga (9,6 mln dollar) sotildi. Xaridor umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi Mega comfort business bo‘ldi.
Uchko‘prik tumanida Isuzu Damas bilan to‘qnashishi oqibatida 2 kishi vafot etdi, 4 nafar shaxs esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.
Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasida fuqaro shifokorga qarata stul otdi. Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Yangiyo‘l shahridagi tug‘uruqxonada erta tug‘ish xavfi tashxisi bilan qabul qilingan 26 yoshli ayol vafot etdi. Uning o‘limiga taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Uning homilasi ham tug‘ilmay nobud bo‘lgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, askiyachi Mamasidiq Sherayev vafot etdi. U Jizzax, Farg‘ona teatrlarida aktyor, qiziqchi bo‘lib ishlagan. Marg‘ilonda askiyachilik maktablari faoliyatiga rahbarlik qilgan.
Deputatlar qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, endi daraxt va butalarni noqonuniy kesgan yuridik shaxslar 99 million so‘mgacha moliyaviy jarima to‘lashidan tashqari, ularga har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.
20-noyabr — Jahon bolalar kunida UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan bolalar huquqlarini himoya qilish belgisi sifatida mamlakatdagi ko‘plab binolar moviy tus oldi. Ular qatorida Prezident administratsiyasi binosi hamda Registon maydoni ham bor. “Gazeta.uz” fotoreportaji.
Qonunchilik palatasi deputatlari davlat budjeti loyihasini ko‘rish jarayonida energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilashni taklif etishdi.
Parlamentda turli idora vakillari ishtirokida poytaxtdagi tirbandliklar, jamoat transportini rivojlantirish, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish va boshqa masalalar muhokama qilindi. Muhokamada so‘z olganlar, jumladan, jurnalistimiz, ekolog va shaharshunos nimalar haqida so‘z yuritgani — “Gazeta.uz” reportajida.
Sharof Uralov IIV Jamoat xavfsizligi departamenti probatsiya xizmati boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar vazirlikning Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shavkat Mirziyoyev bank tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat banklariga shuncha ko‘mak berilayotganiga qaramay, ularning rentabelligi xususiy va xorijiy banklarga nisbatan ancha past darajada ekanini ta’kidladi. “Har bir tijorat banki dunyoqarashini mutlaqo o‘zgartirishi kerak”, — dedi prezident.
Toshkent shahrida 82-sonli avtobus yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib kelgan mast fuqaroni urib yubordi. 47 yoshli yo‘lovchiga tan jarohati olgani sababli voqea joyida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
“Rossiyaning kumush marjoni” va “Imperator” yo‘nalishi bo‘ylab sayohat yoki Sankt-Peterburgning gastronomik yoki biznes turizmga e’tibor qaratmoq — O‘zbekistonga Neva ustidagi shaharni sayohlik yo‘nalishlari taqdim etildi.
O‘zbekistonda bodring narxi keskin — 9 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, uzum esa 45 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘tgan yillarda ham narxlar noyabr oyi o‘rtalarida oshganini eslatib, buni mavsumiy holat sifatida izohladi. Anomal sovuq ta’sirida 18 foiz mahsulot yo‘qotilgan.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Eronga qarshi bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati saralash o‘yini o‘zi va futbolchilar uchun sinov bo‘lishini ta’kidladi. “Futbolchilarni ruhlantirishim shartmas, ular g‘alaba uchun hamma narsani qiladi”, — dedi u.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida O‘zbekistonda 14 863 ta ko‘prik borligi, shundan 32 foizi, ya’ni 4834 tasi qoniqarsiz, 5−6 foizi esa yaroqsiz holatda ekani ta’kidlandi.
Hukumatning maxsus qarori bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi. Unga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida nazorat qilib boriladi.
Huquq-tartibot idoralari Toshkent shahri shoshilinch tibbiy yordam markazi feldsherini bemorga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib qondirishda gumonlab, qo‘lga oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting