Universalbank kuzatuv kengashi rahbari Anvar Irchayev 7 kishi kartalaridagi pul o‘g‘irlangani bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganini ta’kidladi. Gap 300 mln so‘m haqida ketmoqda. Hozirda huquq-tartibot idoralari pul o‘tkazilgan kartalar foydalanuvchilarini aniqlamoqda. Humo rahbari ham vaziyatga izoh berdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov sentabrda bolalar yod tarkibli “Antistrumin” dorisidan ommaviy zaharlangani haqida gapirib, preparatni berishda doza oshirib yuborilganini tan oldi. Avvalroq uning o‘rinbosari Elmira Bositxonova holat sababi dori emas, O‘RVI bo‘lishi mumkinligini bildirgandi.
“Ko‘mir ta’minot” korxonasining Toshkent viloyati filiali boshlig‘i 50 ming dollar pora olishda gumonlanmoqda. U fuqaroga ishga kirishda yordam berish uchun pul olayotganda ushlandi. Shuningdek, korxonaning Samarqanddagi omborlari mudirlari 2 ming tonnadan ortiq ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlandi.
“Xovrenko” nomidagi Samarqand vino kombinatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani aniqlandi. Tadbir yakunida jami 631,7 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
“Mening birinchi uyim” dasturi bo‘yicha prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Imtiyozli uylar so‘nggi 5 yilda uy-joyga egalik qilmagan oilalarga 20 yil muddatga bo‘lib to‘lash shartida sotilishi, oylik to‘lovning bir qismini qoplash uchun 5 yil davomida har oy 1 mln so‘m subsidiya ajratilishi kutilmoqda.
Rossiyaning Irkutsk viloyatiga Zangiotadan eksport qilingan 3150 dona atirgul tamaki oqqanoti hasharoti bilan zararlangani aniqlandi. Tadbirkor ularni fitosanitar ruxsatnomasisiz jo‘natgan, “Rosselxoznadxor” esa olib kirishga ruxsat bermagan. Gullar o‘sha yerda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlangan Ravshan Usmanov Londonga yetib keldi. U 2018-yildan shu vaqtgacha O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi bo‘lib ishlagan.
18-dekabrdan QIWI Uzbekistan ilovasi faoliyati to‘xtaydi. Kompaniya foydalanuvchilardan Uzcard va HUMO kartalariga pul o‘tkazib olishini so‘radi. Xizmat ilovaning yopilishini O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan xalqaro pul o‘tkazmalariga joriy etilgan taqiqdan keyingi cheklangan funksionallik bilan izohladi.
UzAuto Motors Chevrolet Onix`ning beshta pozitsiyasi narxini sezilarli darajada oshirdi. Endi eng arzon Onix 149 mln so‘m o‘rniga 177 mln so‘mdan sotilmoqda. Kompaniya narxlarning oshishi sabablarini ochiqlamadi.
O‘zbekistonga gaz yetkazib berish boshlanishi bilan “Gazprom” Rossiya gaz transporti tizimidagi oqimlarni qayta konfiguratsiya qilish, shuningdek, mamlakatdagi yerosti gaz saqlash tizimi ishini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi, dedi “Gazprom PXG” bosh direktori Igor Safonov.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovga nisbatan yirik miqdorda pora olish va jinoiy yo‘llar bilan topilgan pullarni yuvishda gumonlanib, ikkita yangi jinoiy ish ochildi.
11-noyabrda ayrim O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalaridan katta miqdorda pul yechib olindi. Noma’lum shaxslar SMS-kodlar himoyasini chetlab o‘tgan. “Gazeta.uz” jabrlanuvchilarning so‘zlarini e’lon qilmoqda. Avvalroq MB va Humo banklardan biriga xakerlar tomonidan buzib kirilganini rad etgan edi.
Deputat Doniyor G‘aniyev “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudda ota-onalarning dardini ko‘rib yig‘laganini aytdi. Shundan kelib chiqib, u SSV rahbari Amrillo Inoyatovdan “qanday hulosa chiqardinglar, siyosiy javobgarlik bo‘ladimi, bunday qo‘pol xato qayta takrorlanmaydi deb va’da berolasizlarmi?” deya so‘radi. Video.
Chery Uzbekistan ishga tushirilganining bir yilligi munosabati bilan tantanali kecha tashkil etdi. Marosimda brendning asosiy namoyandalari va mehmonlarga qiziqarli shou namoyish etildi, tanlov va yutuqli o‘yinlar o‘tkazildi.
Prezident Jizzax viloyatida 550 MVtlik bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Investor va loyiha kompaniyasi 500 mln dollarlik investitsiya jalb etish majburiyatini oladi, davlat kompaniyalari esa 25 yil davomida elektr energiyasi sotib olish, gaz va suv yetkazib berishni kafolatlaydi.
Nepal hukumati mamlakatda TikTok faoliyatini cheklashga qaror qildi. Platforma kontenti “ijtimoiy uyg‘unlikni buzuvchi, oilaviy hamda ijtimoiy munosabatlarga putur yetkazuvchi” deb topildi.
Humo to‘lov tizimi xakerlar O‘zbekiston banklariga hujum qilgani va Humo kartalaridan yirik miqdorda pul o‘g‘irlagani haqidagi xabarlarni rad etdi. Markaziy bank ham banklar va to‘lov tizimlariga hech qanday kiberhujum bo‘lmaganini bildirdi.
Qonunchilik palatasi deputatlari bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha yuborilgan parlament so‘roviga javobidan qoniqmaganini qayd etdi. “Yetarlicha ma’lumotlar taqdim etilmagani uchun” Ramatov 1-dekabrgacha qo‘shimcha javob berishi kerak.
Toshkent shahrida 18 yoshga to‘lgan, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun mediasavodxonlikni o‘rgatuvchi Media Plus loyihasi tashkil etildi va bu kursda 20 kishi 2 oy davomida tahsil oldi. “Gazeta.uz” ushbu ijtimoiy loyihani qo‘llab-quvvatladi.
Qumqo‘rg‘on tumanida hokim yordamchisi fuqarolarning nomiga issiqxona tashkil etish uchun 4 marta (jami 132 mln so‘m) kredit olib, pullarni o‘ziga qarashli MCHJga o‘tkazgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va lavozimidan ozod etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting