Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida qiymati 3,7 mlrd dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirdi. Yangi loyihalar orqali 4 milliondan ortiq xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalq artisti, dublyaj san’ati ustasi va aktyor To‘lqin Tojiyev 88 yoshida vafot etdi. U “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Fillar mening do‘stlarim”, “Avtomobildan saqlaning” kabi filmlarga ovoz bergan va ko‘plab kinolarda rol ijro etgan.
Moliyachi Otabek Bakirov energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov unga qarshi shikoyat arizasi berganini ma’lum qildi. Bunga sabab “Sag‘bon” podstansiyasining doimiy ta’mirlanishi haqidagi maqola bo‘ldi. Moliyachi bu shikoyatni “energotsenzuraga urinish” deb baholadi.
Makron Fransiya yangi bosh vaziri etib sobiq adliya vaziri, markazchi Fransua Bayruni tayinladi. Uning birinchi galdagi vazifasi 2025-yil uchun budjetni tarqoqlikka uchragan Milliy majlisda ma’qullatishga erishishdan iborat.
Samarqand shahrida 23 yoshli kosmetolog va byuti-bloger Guzalya Maxmudkulova o‘zini 8-qavatdan tashlab halok bo‘ldi. Bosh prokuratura holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini bildirdi. Tarmoqlarda ayolning turmush o‘rtog‘i va uning oilasi bilan muammolari bo‘lgani aytilmoqda.
Sadir Japarov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni Qirg‘iziston xalq artisti faxriy unvoni bilan taqdirladi. “Ijodiy yo‘lingiz ko‘pchilikni ilhomlantiradi”, — dedi prezident unga.
AQSh mamlakatda “demokratiyaga putur yetkazganlik uchun javobgar” bo‘lgan 20 nafar Gruziya fuqarosiga nisbatan viza cheklovlarini joriy qildi. Ro‘yxatga vazirlar, parlament a’zolari va ichki ishlar xodimlari kiritilgan.
O‘zbekistonning Expo Osaka 2025 butunjahon ko‘rgazmasidagi paviloni har yili o‘tkaziladigan Germaniya dizayn mukofotining “A’lo me’morchilik — yarmarkalar va ko‘rgazmalar” nominatsiyasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Loyiha mashhur ATELIER BRÜCKNER (Germaniya) studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
O‘zbekistonda harakati cheklangan bolalarni maktabga kelib-ketish xarajatlarining 75 foizini davlat qoplab beradi. Prezident har bir tumandagi bog‘chalarda bittadan inklyuziv ta’lim guruhi ochish, 954 maktabda inklyuziv sinflar tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq berdi.
O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofaviy videouchrashuvga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. U bilan manzil-koloniyalar hamda tarbiya koloniyalaridagi mahkumlarning yiliga 24 marta masofali video uchrashuvlar olish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Prezident ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechilishini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoyev hozirda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi yashayotgani, lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotganini ta’kidladi.
Moldovada Rossiya gazining Ukraina orqali yetkazib berilishi to‘xtatilishi ehtimoli munosabati bilan 60 kunlik favqulodda holat joriy etildi. Ukraina 1-yanvardan Rossiya gazi va neftining Yevropaga tranzitini to‘xtatishini e’lon qilgan.
Prezident farmoniga muvofiq, BBC tuzgan dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni topshirildi. “Mana shunday irodali insonlar bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shanba kuni havo harorati kunduzi +12 darajagacha ko‘tariladi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi. Yakshanbada esa havo sovib, kechasi -10 darajagacha pasayadi. Hududlarda yomg‘ir, qor kuzatiladi.
Shavkat Mirziyoyev kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan odamlarning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bunda xususiy sektor ishtirok etadi va u xizmat ko‘rsatgan kambag‘al oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi.
Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos va yozuvchi Mahkam Mahmudov 84 yoshda vafot etdi. Adib “Abadiyat lahzalari”, “Men — men emasman”, “Mangu kuy izlab” singari asarlar yozgan. Adabiyot oldidagi xizmatlari uchun unga “El-yurt hurmati” ordeni berilgan.
2025-yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va to‘lovlari qisman qoplab beriladi. Prezident rektorlarga kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshni o‘qitishni topshirdi. Ularning chet tili, IT kabi to‘garaklari xarajatining 80 foizgacha qismi budjetdan to‘lanadi.
Prezident 2025-yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qildi. Shavkat Mirziyoyev viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Raqobat qo‘mitasi Yandex Go taksi xizmatlarining narxi dekabr oyining dastlabki 10 kunligida oshirilganini aniqladi. Qo‘mita kompaniyaga narxlarni pasaytirish bo‘yicha chora ko‘rish va narx algoritmini qayta ko‘rib chiqishi borasida ogohlantirish berdi.
O‘zbekistonlik bokschi Xavasbek Asadullayev finalda qozog‘istonlik raqibini mag‘lub etib, Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritgandi. Biroq jang davomida u raqibini tishlab olgani sababli Osiyo boks konfederatsiyasi uni diskvalifikatsiya qildi. Oltin medal Ablayxon Jusupovga berildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting