Ichki ishlar organlari xodimlari, kasb madaniyati bo‘yicha yangi kodeksga muvofiq, xushmuomala, e’tiborli, ehtiyotkor, fuqarolar va hamkasblariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishi lozim. Ular fuqarolarga qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi Mineralniye Vodi va Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Muntazam qatnovlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Respublika bo‘ylab sinf xonalarida havo haroratini me’yor darajasida saqlash imkoniyati bo‘lmagan 717 maktabda III chorak masofaviy shaklda boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ularni bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkazish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
«Muvaffaqiyatli tajriba»dan kelib chiqib «Urgut» erkin iqtisodiy zonasini Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani va Qashqadaryoning Kitob tumanidagi obyektlar hisobidan kengaytiriladi. Qaror yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan.
Afg‘oniston TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy O‘zbekistonni shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr yetkazib berishga chaqirdi. «Ta’minot uzib qo‘yilgan, xalq muammolarga duch kelmoqda», — deydi u. O‘tgan haftada elektr yetkazish texnik nosozlik tufayli uzilgani ma’lum qilingandi.
21 yanvardan boshlab O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini qayta tikladi, biroq hozircha gaz sovuq kunlargacha bo‘lgan bosimdan pastroq. Gaz yetkazib berish 12 yanvar kuni to‘xtatilgandi.
O‘zbekiston bo‘ylab sovuq havo massasining ta’siri ish haftasining oxirigacha saqlanib turadi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 25 yanvarda mamlakatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.
Hukumat qarori bilan «Toshkent issiqlik markazi» davlat unitar korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantiriladi. Jamiyat «Toshkent issiqlik markazi» DUKning shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
Hukumat Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi issiqlik tarmoqlari so‘nggi qismlarida joylashgan uylarni issiqlik va elektr bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha qaror qabul qildi. Buning uchun zudlik bilan kogeneratsiya uskunalari sotib olinadi.
Tijorat banklari 23 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 240 — 11 345 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 365 so‘m.
O‘zbekistonda 23 yanvardan vanihoyat maktablarda uchinchi chorak boshlanadi. Biroq isitish bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan maktablar hozircha darslarni onlayn shaklda davom ettiradi. Xususan, Toshkent shahrida 57 ta, Namangandagi 17 ta maktabda o‘quvchilar darslarni masofadan boshlaydi (ro‘yxat).
27 yanvardan boshlab elektr energiyasidan qarzi bor iste’molchilar yana avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi. Avvalroq o‘chirishlar anomal sovuq ob-havo sabab to‘xtatilgandi.
22 yanvarga o‘tar kechasi Mirzo Ulug‘bek tumanida tezlikni oshirib harakatlangan Tracker yo‘l chetidagi avtobusga urildi. Oqibatda Tracker`ning old qismida yong‘in chiqdi, undagi yo‘lovchilar turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
IIOning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular qizlarning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashadi. Guruh a’zolariga test sinovlarisiz kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.
Zangiota tumanida 3 ta issiqxona 5000 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga teng tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Oqibatda davlatga 87 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Qo‘qon shahrida viloyat YPX otryadi komandir o‘rinbosari Tracker avtomashinasini piyodalar o‘tish joyida qoldirdi. Viloyat IIB buning uchun xodim 600 ming so‘m jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
2022 yilda O‘zbekistonning Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi 1,07 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2021 yilga nisbatan 33,9 foizga ko‘pdir.
Andijon tumanidagi choyxonada yong‘in kelib chiqdi. Oqibatda 70 kvadrat metr maydonda tom, shift va jihozlar yonib zararlandi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida chillasi chiqmagan kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi. Xonadon egalari ularni ko‘mgan va huquqni muhofaza qilish organlariga bu haqda xabar bermagan. Hozirda prokuratura holatni o‘rganmoqda.
Latent (yashirin) tuberkulyoz bo‘yicha skrining tekshiruvlari soni har yili 1 milliontaga, bemorlarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha yetkaziladi. Mutaxassislar tomonidan o‘smirlar va kattalar rentgenologik, bolalar esa immunologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting