Deputatlik faoliyatini yakunlashini aytgan Rasul Kusherbayev, uning ketidan yana bir deputat ishda ketishga qaror qilgani, 2023 yilga qo‘shimcha dam olish kunlari, yana 60 tup daraxt kesib tashlangani, pora bilan ushlangan Qashqadaryoda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Prezidentning tegishli farmoni bilan 2023 yilda qo‘shimcha ishlanmaydigan va dam olish kunlari belgilandi. Xususan, Yangi yil bayramida o‘zbekistonliklar 4 kun dam oladi.
Yangi yil arafasida Samarqand Darvoza savdo markazi mehmonlarni ajoyib bezaklar, bayramona dastur va brendlarning sovg‘alari bilan quvontiradi.
Toshkent shahar Uchtepa tuman Kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov partiyadoshi Rasul Kusherbayevdan keyin deputatlikdan ketishga qaror qilganini ma’lum qildi. «Bu qaror vaqt masalasi edi», deb yozgan u. Avvalroq u bosim va provokatsiyalarga uchragani haqida xabar bergan edi.
Deputat Rasul Kusherbayev Qalampir.uz`ga bergan intervyusida «ayrim idora va rahbarlar»ning parlamentga munosabatidan juda xafa ekanini aytdi. «Biz o‘zgarishlarni xohlaymiz. Ammo ko‘p joylarda ikkiyuzlamachilik bo‘lib yotibdi», dedi u va hech kimni ayblamasligini, lekin o‘zi aybdor ekanini qo‘shimcha qildi.
Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurishi bo‘yicha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan shartnomalar imzolandi.
Olmaotada yanvar voqealari qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan «Tag‘zim» yodgorligi ochildi. Marosimda Qozog‘iston prezidenti qatnashdi. U fojiali hodisalarni doimo yodda tutish lozimligini, shu bois yodgorlik o‘rnatish haqida ko‘rsatma berganini ta’kidladi. Voqealar davomida 238 kishi halok bo‘lgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng mashhur deputati Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. «Bunday ishlay olmas ekanman, bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman», — deb yozadi u.
Toshkent viloyatining Krasnogorsk qishlog‘ida bir nechta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 57 tup sog‘lom ko‘p yillik daraxt kesib ketildi. oktabr oyida tuman obodonlashtirish bo‘limi 73 ta qurib qolgan yoki qurib qolgan daraxtni kesish uchun DXAdan ruxsat so‘ragan. Quyi Chirchiqda ham 7 tup daraxt kesildi.
Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i pora bilan ushlangani aytilmoqda. U fuqaroni ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dam olish kunlari respublikaning barcha hududlarida quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab ayrim joylarga tuman tushishi mumkin. Yakshanba kuni esa mamlakat hududidan sovuq havo chekina boshlaydi va kunduz kuni havo +7…+10 daraja, janubda +11…+13 darajagacha iliydi.
Afg‘oniston Oliy ta’lim vaziri ayollarning OTMga erkak hamrohsiz kelgani, hijob masalasi, aralash dars o‘tilgani va «islomga zid» fakultetda o‘qigani uchun ularga ta’qiq qo‘yilganini aytdi. Vazir bu haqda xalqaro hamjamiyatning fiklariga nisbatan mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘radi.
Tijorat banklari 23 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 170 — 11 270 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksar banklarda 11 280 so‘m.
22 dekabr kuni Panorama Airways kompaniyasi 144 yo‘lovchidan iborat havo kemasida Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk aviaqatnovni amalga oshirdi. Aviakompaniyaning navbatdagi parvozi 23 dekabr kuni Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Andijonda xonadon yonib ketishi oqibatida uy egasining 3 nafar voyaga yetmagan farzandi halok bo‘ldi. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Eronning Qeshm Air kompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha kelishuvga Eron prezidentining sentabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan edi.
Jizzax shahridagi Markaziy dehqon bozori hududida archa yonib ketdi. Yong‘inga bezak sifatida o‘rnatilayotgan chiroqlar sabab bo‘lgani aytilmoqda. Voqeada fuqarolarning kuyish tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov poytaxtda shaxsiy mashinalar ko‘payib ketganini, ertalab ishga borishda va kechqurun qaytishda «tirbandliklar sabab umuman yurib bo‘lmay qolganini» aytdi. «O‘zining mashinasidan ko‘ra, jamoat transportida tezroq boraman deb bilsa, tirbandliklar ham kamayadi», — dedi u.
1000 so‘mlik tangalar, O‘zbekistonning asosiy savdo sherigiga aylangan Rossiya, savdosi to‘xtatilgan «Dok-1 Maks» dorisi, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining uchrashuvi tafsilotlari, 2023 yil uchun davlat budjeti, jasadi hammomdan topilgan ayol va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
173 nafar qatag‘on qurboni oqlangani haqida yozgandik. Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning aytishicha, bu «O‘zbekiston xalqini sobiq Ittifoqqa nisbatan bo‘ysundirish maqsadida qilingan xatti-harakatlardir». Toshkent Moskvadan boshqa qatag‘on qilinganlarning ham jinoyat ishlarini talab qilib oladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting