Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakat hukumatining iste’fosini qabul qildi. Mangistau viloyati va Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 yanvardan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi.
Qozog‘iston prezidenti mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari ortidan Olmaota shahri va Mangistau viloyatida ikki haftalik favqulodda holat joriy qildi.
Qozog‘iston prezidenti vatandoshlariga yo‘llagan videomurojaatida namoyishlar ishtirokchilarini «aql bilan ish ko‘rishga, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikka, mitingchilar va o‘zboshimchaliklar eyforiyasiga uchmaslikka» chaqirdi. «Hukumat qulamaydi. Biroq, bizga mojaro emas, o‘zaro ishonch va muloqot kerak», — dedi u.
«Gazeta.uz» manbalari va Qozog‘istondagi OAVlar mamlakatda bir qator ijtimoiy tarmoqlar ochilmayotganini ma’lum qildi. Ayrim hududlarda esa norozilik namoyishlari davom etmoqda. Prezident Qasim-Jomart Toqayev namoyishchilardan «buzg‘unchi shaxslarning chaqiriqlariga ergashmaslikni» so‘radi va ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi talablarni ko‘rib chiqishga va’da berdi.
O‘zbekiston temir yo‘llari Samarqandda 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgan avtomobil-tramvay tunneli devorlaridan suv sizib chiqayotganiga izoh berdi. Ta’kidlanishicha, bu lotoklar tiqilishi oqibatida yuzaga kelgan. «Tunnel devorlari orasidan suv o‘tishi yo‘l o‘tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta’sir etmaydi», — deyiladi xabarda.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga asosan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qayta tashkil etilishi kutilmoqda. Endi u Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor bo‘ladi. Qolaversa, 2022 yilda Axborot kodeksi ham ishlab chiqiladi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti esa AOKA tarkibiga o‘tkaziladi.
Qozog‘iston hukumati Janaozen va Aqtau shaharlarida namoyishga chiqqan avtomobil egalari talabiga ko‘ra suyultirilgan gaz narxini litri uchun 50 tengega tushirishga rozi bo‘ldi.
2021 yilda koronavirusga qarshi 39,2 mln doza vaksina qo‘llanilgan. Jumladan, 13,5 mln nafardan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. Vaksina olganlarning eng katta qismi Samarqand viloyatida.
Toshkentning Maxtumquli ko‘chasida mast holdagi Matiz haydovchisi qarama-qarshi yo‘ldagi 2 mashina bilan to‘qnashuv sodir etdi. Buning oqibatida jarohatlangan 7 kishining 3 nafari yosh bolalar. Ular orasida travmatik shok tashxisi qo‘yilgan chaqaloq ham bor.
O‘zbekistonda ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqildi. Uning doirasida ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasi yaratilib, barcha «daftarlar» ijtimoiy himoya yagona reyestriga birlashtiriladi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning 3 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmonlar berish dasturi qabul qilinadi.
5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Rossiyaning — Samara, Astraxan, Tula, Kaliningrad va Nijniy Novgorod, Qozog‘istonning — Chimkent, Chexiyaning — Praga, Kanadaning — Ottava, Koreya Respublikasining — Pusan shaharlarida Bosh konsulxona ochishi kutilmoqda.
2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, 1 yanvardan boshlab avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilindi. Hozirga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.
Qozog‘istonning Mangistau viloyatida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi norozilik aksiyalarida ishtirok etdi. Prezident Qosim-Jomart Toqayev muammoga «o‘zaro maqbul yechim» topish maqsadida Aqtauda hukumat komissiyasi ish boshlaganini ma’lum qildi.
Qashqadaryo viloyati hokimiyati Samarqand viloyatiga olib ketilayotgan chigit mahsulotlari ortilgan uchta yuk mashinasi tegishli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi. Avvalroq, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova shikoyat qilib, Qashqadaryo hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan viloyatlar chegarasida chigit ushlab turilganini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston 2022-yilda Afg‘onistonga 2 mlrd kVt soat elektr energiyasini yetkazib beradi. Buni nazarda tutuvchi kelishuv Toshkentda imzolandi, uning umumiy qiymati 100 mln dollarni tashkil etadi.
Abbosjon Mirzorahimov Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori etib tayinlandi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining sobiq raisi Qallibek Kamalovning turmush o‘rtog‘i, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalovning onasi Lyubov Kamalova 95 yoshida olamdan o‘tdi.
Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoye ketgan.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani aytilmoqda. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting