Blekaut vaqtida yaroqsiz bo‘lib qolmagan vaksinalar, isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun chegirib tashlanadigan to‘lov, Samarqandda 5 yilda loy yo‘l qolmasligini aytgan Erkinjon Turdimov, Xorazmda chiqindixonadan murdasi topilgan chaqaloq, shaharlararo yo‘llarda ishlay boshlagan AGTKSHlar, qonuniylashtirilgan aviaspotting va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 27 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
2022 yilning ilk 25 kunida O‘zbekistonda is gazi bilan bog‘liq 16 ta holat qayd etilgan, buning oqibatida esa 9 kishi zaharlangan va 28 kishi vafot etgan. Baxtsiz hodisalarga asosan qo‘lbola yasalgan pechlardan foydalanish, dudbo‘ronlarni noto‘g‘ri o‘rnatish, havo almashmaydigan xonalarda ko‘mir va o‘tin yoqish sabab bo‘lgan.
Sud diniy bloger Fozilxodja Arifxodjayevni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda aybli deb topib, uni 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U o‘tgan yili diniy bloger Abror Muxtor Aliy bilan bo‘lgan mojarodan so‘ng hibsga olingandi. Sudlanuvchining advokati ayblovni rad etib, sud jarayoni tafsilotlarini so‘zlab berdi.
25 yanvardan boshlab respublika miqyosida muddatli harbiy xizmatchilar OTMlarga kirishda imtiyoz beradigan tavsiyanomalar uchun test sinovlaridan o‘tmoqda. Toshkent garnizonidagi xarbiy qism va muassalalarda hizmat qilayotgan harbiylarning imtihon jarayoni — “Gazeta.uz” muxbiri Madina A’zam fotoreportajida.
Sanitariya-epidemiologik xizmati «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, 25 yanvar kuni kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar paytida hududlardagi vaksinalarni saqlash omborlari va vaksinalar mavjud poliklinikalar elektr toki bilan uzluksiz ta’minlangan. «Elektr energiyasi o‘chishi natijasida bironta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan», — deydi SES matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov.
AQSh va NATO Rossiyanning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga o‘z javoblarini yo‘lladi. Unda aytilishicha, alyansning «ochiq eshiklar» pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Ammo AQSh ham, NATO ham Rossiya bilan muloqotni davom ettirish va barcha uchun xavfsizlikni kuchaytirish niyatida.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning ta’kidlashicha, “blekaut” vaqtida isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun to‘lovlar, albatta chegirib tashlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda isitish tizimi 27-yanvar kuni tungacha avvalgidek ishlay boshlaydi.
Samarqand viloyatida kelgusi 5 yilda kamida 8 mlrd AQSh dollarlik 5,5 mingdan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirilishi va buning natijasida 250 mingdan oshiq doimiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Viloyat hokimi 8 ming kmlik yo‘llarga asfalt yotqizilib, viloyatda loy yo‘llar umuman qolmasligini ta’kidladi.
Soliq qonunchiligiga o‘zgartirishlar jamoatchilik va mutaxassislar tanqidini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi. DSQ va Moliya vazirligi E-aktiv dasturidan foydalanish va QQS to‘lovchilarining tahlika-tahlili bo‘yicha talablarning yumshatilishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, mulk solig‘i va boshqa o‘zgarishlar bo‘yicha ham yengilliklar bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zgidromet 28−29-yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi haqida ogohlantirdi. Bu kunlarda joylarda yomg‘ir yog‘ib, ayrim hududlarda qorga aylanishi mumkin.
Energetika vazirligi soat 16:00 da barcha hududlarda elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Hozirda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan tashqari barcha hudud to‘liq elektr energiya bilan ta’minlangan.
Hukumat qaroriga asosan O‘zbekiston aeroportlarida aviaspottingga rasman ruxsat berildi. «Agar ilgari aeroportdan kilometr uzoqlikda turib ham samolyotlarni suratga olish taqiqlangan bo‘lsa, endi aeroportlar eshiklarini ochib, do‘stona munosabatda bo‘ladi», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Andijondagi MCHJlardan birining rahbari 6 gektar maydonda quriladigan savdo kompleksidagi do‘konlarni o‘z kompaniyasi qurayotganligini ta’kidlab, ulardan 10 tasini sotish uchun fuqarodan 117 ming dollar so‘ragan, undan 60 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan. Samarqandda esa advokat o‘ziga ijaraga berilgan 4 gektar yerni 23 ming dollar evaziga boshqa fuqaroga sotishga uringan. DXX Jizzax va Xorazmda ham noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlarni aniqladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahriga turli viloyatlardan ishlash maqsadida kelgan 30 nafar fuqaro «Tavhid va jihod katibati» tashkiloti tarafdorlari sifatida gumonlanib, qo‘lga olindi.
2020 yildagi Sardoba fojiasi va Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan so‘ng, Qonunchilik palatasida «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda ko‘rib chiqilmoqda.
Soliq qonunchiligidagi yangiliklar qanday qilib elektron hisob-fakturada kompaniya faoliyatining muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangi sirli ustunning paydo bo‘lishiga olib kelganligi, ushbu ustunning qonun hujjatlariga qay darajada muvofiqligi va QQS to‘lovchilari duch kelayotgan boshqa ma’muriy muammolar haqida Vladimir Srapionov yozadi.
Urganch shahridagi chiqindixonalardan birida qiz jinsiga mansub chaqaloqning murdasi topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, u ona qornida 5,5−6 oy yashagan hamda «uning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lgan». Qolaversa, chaqaloq qonidan homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan dori vositasi qoldiqlari topilgan.
Chorshanba kuni koronavirusga topshirilgan test natijalari 1117 kishida musbat natijani ko‘rsatdi. 2 nafar bemor esa olamdan o‘tdi. Qolaversa, 125 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Toshkentdagi barcha qozonxonalar faoliyati tiklangani, biroq, gaz bosimi pastligi uchun qozonxonalar yetarli issiqlikni ko‘p qavatli xonadonlarga bera olmayotganini ma’lum qildi.
Ertalabki 9:00 dan Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan tashqari, boshqa hududlardagi shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat viloyatlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi. 28 yanvardan esa butun respublikada shoxobchalar faoliyatini tiklash reja qilingan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting