UNICEF Falastinning G‘azo sektori bolalar uchun qabristonga aylanganini ma’lum qildi. Bugungi kungacha anklavda 3,4 mingdan ziyod voyaga yetmaganlar halok bo‘ldi.
Prezident Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi, prokurori, ichki ishlar, elektr tarmoqlari va Bosh prokuratura Departamenti bo‘limi rahbarlarini ishdan bo‘shatishni topshirdi. Sababi — ular 10 oy davomida 452 ta mayning qurilmasi orqali 5,5 mln kVt·s elektr energiyasini noqonuniy ishlatilganini payqamagan.
Adliya vazirligi tizimida ishlab kelayotgan Avazxon Tadjixanov O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat berildi. Shuningdek, YATTlar o‘z zargarlik buyumlarini deklaratsiyani to‘ldirgan holda ma’lumotlarni TSOYAEATga kiritmasdan chetga sotish uchun olib chiqishlari mumkin.
1-noyabrdan Toshkent jamoat transportida bank kartalari orqali to‘lov qilinsa, yo‘l haqi narxi ATTO kartasi bilan to‘langani kabi bo‘ladi — 1700 so‘m. Biroq bir soat ichida boshqa transportga o‘tishdagi chegirma faqat ATTO uchun amal qiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratganini ma’lum qildi.
Prezident O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdamligi va uning qabul qilingan rezolyutsiyalarga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. U, shuningdek, yoshlarni yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka chaqirdi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyatorda nobank tashkilotlarga valyuta ayirboshlash shoxobchalari ochishga ruxsat berish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Shuningdek, u banklar valyuta ayirboshlash shoxobchalari sonini o‘z ehtiyojidan kelib chiqib ko‘paytirishini ta’kidladi.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Isroildagi 10,5 mingdan ziyod o‘zbekistonliklarning aksariyati keksa yoshdagilarga xizmat ko‘rsatishini va ular O‘zbekistonga qaytishni xohlamayotganini bildirdi. U fuqarolarning moddiy qiyinchiliklar sabab o‘sha sharoitda qolib ishlashga majbur bo‘layotganini aytdi.
2023-yilning uchta ajoyib ASUS noutbuklari yoqimli sovg‘a bo‘lishi mumkin.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida uran yetkazib berishni ko‘paytirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg fransuz yetakchisi atrofidagi ikki anonim manbaga tayanib xabar berdi.
Shu vaqtgacha Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Sarvar Sultonov Mirzaobod tumaniga hokim etib tayinlandi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov to‘rtta bank ustav kapitalini o‘z vaqtida talab etilgan darajagacha oshirmaganini ma’lum qildi. “Poytaxt bank” sotuvga qo‘yilgani uchun unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanmagan, yana ikkita bankka esa majburiyat qo‘yilgan.
Tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Xorazm viloyati maktab ta’limi boshqarmasi voqeadan so‘ng o‘qituvchi ishdan olingani, bolalar ombudsmani esa o‘quvchining manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi.
Toshkent viloyati hokimligi viloyat SSB boshlig‘i tibbiyot xodimlarini “o‘zbekona qadriyatlarga hurmat va ona tabiatga e’tibor nuqtai nazaridan” hasharda qatnashishga chaqirgan, deb bayonot berdi. Avvalroq viloyat hokimi hasharda qatnashish tashabbusi ijtimoiy muassasa rahbarlarining o‘zidan chiqqanini ta’kidlagan.
Qozog‘iston FVV qutqaruvchilari Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida metan portlashi oqibatida halok bo‘lgan barcha konchilarning jasadlarini olib chiqdi. 46 nafar konchi halokat qurboni bo‘ldi.
Poytaxtda “Diqqat piyoda” tadbiri doirasida yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tgan 6000 nafardan ortiq piyoda jarimaga tortildi, dedi Toshkent YHXB boshlig‘i Rafiqjon Jalilov. 57 nafar haydovchiga esa piyodalarga yo‘l bermagani uchun chora ko‘rilgan. Joylarda 34 ta tugmachali svetofor o‘rnatilgan.
UzPost (“O‘zbekiston pochtasi”) respublika bo‘ylab jo‘natmalarni 24 soat ichida yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Xizmat narxi 1 kg uchun 15 ming so‘mdan boshlanadi, qo‘shimcha kilogramm uchun 3 ming so‘mdan to‘lanadi. Mijozlar saytda yetkazmaning borishini kuzatishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda noyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida harorat kechalari 0…+10 darajagacha, kunduzi +7…+20 darajagacha o‘zgarib turadi. Ba’zan -2 darajagacha tushishi mumkin. Yog‘ingarchilik me’yoriy, ba’zi joylarda ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting