Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokolni imzoladi. Endi u Turkiya parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Shvetsiya bosh vaziri mamlakat alyansga a’zo bo‘lish imkoniyatini “intizorlik bilan kutayotganini” ta’kidladi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent viloyatida dendroparkda 2017-yildan buyon qator obyektlar noqonuniy qurilgani va qimmatbaho daraxtlar kesilgani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. O‘rmon xo‘jaligi agentligi, “Darxon” stansiyasi, Toshkent tumani hokimligi xodimlari va boshqalarga qarshi ish qo‘zg‘atilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiya pasportini olgan migrantlarga Ukrainadagi urushda qatnashishni taklif qilish, rad etganlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifini bildirdi. Avgustdan buyon Rossiyada “yangi” fuqarolarga qarshi reydlar o‘tkazilib, voyenkomatlarga olib ketilib, chaqiruv qog‘ozlari berilmoqda.
Toshkentda 22 yoshli haydovchi qizil chiroqda qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketib, maktab o‘quvchisini urib yuborishiga oz qoldi. Salonda turib olingan xavfli mashina haydash holati Instagram`ga joylandi. YHXBB xodimlari bayonnoma tuzib, “profilaktik suhbat” o‘tkazdi. Haydovchi 3,3 mln so‘m jarimaga tortilishi mumkin.
Birjada Ai-80 benzinini sotish limitining 5 tonnadan 10 tonnaga oshirilishi talabning bir necha barobar ortishiga va xaridorlarning ikki baravar qisqarishiga olib keldi, deb yozmoqda Spot. Ayrim AYOQSHlar faoliyatini to‘xtatdi. Birjada narx cheklovi ham kiritilgan bo‘lib, bu “bozor tamoyillariga zid”.
Advokatlar palatasi Kasb etikasi qoidalariga advokatlarning davlat organlari va mansabdorlarni muhokama qilish, “odamlarda islohotlarga ishonchsizlik tuyg‘usini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan” materiallarni joylashtirishni taqiqlovchi qo‘shimchalar ishlab chiqdi. Advokatlarga ko‘ra, bu “advokatlarning og‘zini yopish”dir.
Toshkentga tashrif buyurgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Xususan, mablag‘lar sil kasalligi, epidemiya va pandemiya tahdidiga qarshi kurash, shuningdek, xususiy sektorni mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
To‘qqiz oy ichida O‘zbekiston gazni eksport qilishdan ko‘ra ko‘proq import qildi. Birgina sentabr oyida 286,1 million dollarlik gaz sotib olindi, bu avvalgi sakkiz oyga nisbatan 40 foizga ko‘pdir.
2021-yilda O‘zbekiston Qirg‘izistonga MI-8MTV harbiy vertolyotini sovg‘a qilgan. Qirg‘iziston yana bir shunday samolyotni ta’mirlash uchun O‘zbekistonga yuborgan. Mudofaa vazirligi ta’mirlash ishlarini to‘liq o‘z zimmasiga olgan va hozirda ta’mirdan chiqqan vertolyotni Qirg‘izistonga qaytardi.
Chery avtomobil brendi keyingi besh yil ichida texnologik tadqiqotlar va ishlanmalarga 100 mlrd yuan sarmoya kiritishni hamda dunyo bo‘ylab 300 ta Chery texnologiya laboratoriyalarini qurishni rejalashtirmoqda.
YUNESKO Interpol bilan birgalikda o‘g‘irlangan madaniy yodgorliklarning virtual muzeyini yaratadi. Tashrif buyuruvchilar unda butun dunyodagi muzeylar va shaxsiy kolleksiyalardan o‘g‘irlangan artefaktlarning 3D modellarini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
“Dok-1 Maks” siropi 2021-yilda qayta ro‘yxatdan o‘tayotganda GMP sertifikati bo‘lmasa-da, 2 oy mobaynida sotuvi davom etgan. Bu davrda zaharli moddasi bo‘lgan 40 mingga yaqin flakon mamlakatga kirgan. Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari buni dorilar sertifikat bor paytda ishlab chiqarilgani bilan izohladi.
Navoiy viloyati Tomdi tumanida Nexia-2 ag‘darilib ketishi oqibatida 3 kishi vafot etdi.
Ikki yil davomida O‘zbekistonda davlat budjetidan suv xo‘jaligiga qariyb 2 mlrd dollar ($2,54 mlrd davlat qarzini hisobga olmaganda) ajratildi, ammo bu vaqt ichida suv isrofi va nasoslarning holati yaxshilanmadi. Sohaga 2024-yilda yana 1,7 trln so‘m va 300 mln dollarlik kredit ajratish rejalashtirilgan.
Samarqanddagi 9 ta ko‘p qavatli uy qariyb 9 mlrd 535 mln so‘mlik tabiiy gazdan, 2 ta ko‘p qavatli uy esa 64 mln 800 ming so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi.
Denov tumanidagi gaz quyish shoxobchasida “VAZ-2106” avtomashinasining gaz balloni portladi. Oqibatda yonilg‘i quyish shoxobchasi xodimi va bir haydovchi halok bo‘ldi.
O‘zbekistonning Italiyadigi elchisi Otabek Akbarov diplomatik missiyasini yakunladi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri uning besh yillik faoliyatini ijobiy baholab, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishdagi harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
24−25-oktabr kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat ko‘tarilib, +22…+25 darajagacha isiydi. Ammo payshanba kuni Volgabo‘yidan nam havoning yangi qismi kirib kelib, ayrim hududlarda yana yomg‘ir yog‘adi, harorat +15…+20 darajagacha pasayadi.
Toshkentdagi 160-maktab o‘qituvchilari asossiz tekshiruvlar ortidan maktab direktori ishdan bo‘shatilganini aytib, prezidentga murojaat qildi. Maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim-tarbiya jarayoni sifati keskin pasaygani va tekshiruvlar prokuratura tomonidan o‘tkazilganini qayd etdi.
Navoiy viloyatida davlat manfaatlariga 24,4 mlrd so‘mdan ziyod zarar keltirgan noqonuniy mayning ferma aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting