Sergelidagi portlash yuz bergan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar saqlangani aniqlandi, deya ma’lum qildi hukumat komissiyasi. Portlash oqibatida jami 14,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 4 kishiga “qamoqqa olish”, yana bir nafariga “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
20−25-oktabr kunlari Toshkentdagi Bobur ko‘chasining yarmi aeroportdan Nukus ko‘chasigacha yopiladi. Shuningdek, 20−22-oktabr kunlari Botir Zokirov ko‘chasining Alisher Navoiy va Islom Karimov shoh ko‘chalari oralig‘idagi yarmi ham yopiladi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda yil yakunlari bo‘yicha YAIM o‘sishi kamida 5,6 foiz bo‘lishi kutilayotgani aytildi. Shavkat Mirziyoyev 2024-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni puxta ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Eronning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Muhammad Ali Iskandariy O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Qashqadaryo viloyatida fermer 13 yil davomida noqonuniy ravishda dalasini ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgani aniqlandi. Yetkazilgan zarar miqdori 282,7 mln so‘mni tashkil etdi. U 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, davlatga yetkazilgan zararni ham qoplaydi.
Qozog‘istonda g‘isht zavodlarida mehnat qulligida saqlangan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq holat Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. Ushbu fuqarolar vatanga qaytarilishi, zarur yordamlar ko‘rsatilib, O‘zbekistonda ish bilan ta’minlanishi bildirildi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan O‘zbekistonda Ai-80 benzini narxi oshishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ai-80 benzinini aksiz solig‘idan ozod qilish muddati 2023-yil 31-dekabrda yakuniga yetadi.
Qozog‘iston 106 turdagi tovarning Rossiyaga eksportiga taqiq qo‘ydi. Ular urushda ishlatilishi ehtimoli bo‘lgan tovarlar guruhi hisoblanadi. Ro‘yxatda dronlar, mikroelektronika va boshqalar bor. Ukraina prezidenti ofisi mamlakatning bu qaroriga munosabat bildirdi.
Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi joyini almashtirish uchun vagon kuzatuvchisiga 100 ming so‘m bergani haqida video tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” holatni o‘rgandi, biroq aybdor xodimni aniqlay olmaganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Buxoroda Ozarbayjon mudofaa vaziri Zokir Gasanovni qabul qildi. Tomonlar 2024-yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik memorandumini imzoladi.
Navoiydagi Sentob qishlog‘i UNWTO`ning eng yaxshi turizm qishloqlari ro‘yxatiga kiritildi. Nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistondan yana 4 ta turizm qishlog‘i ham kiritilgandi.
Samarqand shahridagi 20 ta maktabda turizm soatlari yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Ular tajriba tariqasida maktabdan tashqari ta’lim sifatida joriy qilinadi. Keyinchalik soatlar Buxoro, Xiva va Shahrisabzda o‘quv dasturlariga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Eron turizm vaziri Ezzatollah Zarg‘amiy O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik vizalarini bekor qilish yo‘llari izlanayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shko‘pir tumanida 19-maktab o‘quvchilarini sholi o‘rimiga jalb qilgan fermer sud qarori bilan 3,3 mln so‘m jarimaga tortildi. Avvalroq bolalarni maktab direktori majburiy mehnatga jalb qilgani aytilgandi, biroq holat o‘z tasdig‘ini topmagan.
Xorazm viloyatida 3-noyabrdan sovuq suv va oqova xizmatlari narxi oshadi. Yil oxirigacha viloyat aholisini markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan qamrab olishni 90 foizga yetkazish, mavjud suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Dilshod Raximov tayinlandi.
Qozog‘istonda 60 dan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qulligidan qutqarilib, vaqtinchalik saqlash markazi va hostelga joylashtirildi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari ular bilan uchrashdi. Fuqarolar pasporti qaytarib berilsa, vatanga qaytishi va ish beruvchiga e’tirozi yo‘qligini bildirdi, deyiladi xabarda.
“Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” va China Southern Power Grid International kompaniyasi o‘rtasida Bo‘stonliq tumanida quvvati 600 MVtga teng “Yuqori Pskem” gidro to‘plash elektr stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Sergeli tumani “Quruvchilar” mavzesidagi portlashda xonadonlarga shikast yetgan ko‘plab fuqarolarga zarar haligacha to‘liq qoplab berilgani yo‘q. “Gazeta.uz” aholi, jumladan, portlashda halok bo‘lgan bolaning yaqinlari bilan suhbatlashdi. Tuman hokimligi keltirilgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi.
Bayden HAMASning Isroilga hujumini 11-sentabr voqealariga qiyosladi. AQSh va Isroil razvedkasi “Al-Ahli” kasalxonasidagi portlashda “ko‘pi bilan bir necha o‘n nafar” odam o‘lgan deb hisoblamoqda. Misr va AQSh rahbarlari gumanitar yordam koridorini ochish bo‘yicha kelishib oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting