Davaktiv 2022-yilda eng ko‘p foyda ko‘rgan top-30 va eng ko‘p zarar ko‘rgan top-20 ta davlat ulushi bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi. “Milliy elektr tarmoqlari” eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniya bo‘ldi. 2021-yilda foyda bilan chiqqan “Temir yo‘llar” va HET ham katta zarar ko‘rdi.
Qorako‘l tumanida 28 yoshli ayol 5 kunlik chaqalog‘ini ko‘chaga tashlab ketgani aniqlandi. IIB xodimlari tomonidan topilgan chaqaloq shifoxonaga yotqizilib, mutaxassislar nazoratiga olindi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi O‘sh viloyatidagi 39 ta masjid va 21 ta diniy maktab qurilish qoidalarini buzgani va ta’limning yagona standartlari yo‘qligi sababli yopilganini ma’lum qildi. Mamlakatdagi diniy obyektlarda keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Olmaliq shahrida 48 yoshli erkak 56 yoshli erkakni o‘zaro kelishmovchilik oqibatida pichoqlab o‘ldirdi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Termiz tumanida “Farg‘ona azot”ga qarashli ko‘mir saqlanadigan omborxona yonib ketdi. 5 ta qutqaruv ekipaji yong‘inni 1 soat davomida o‘chirdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Ikki shaxs AQShga ishga yuborish evaziga fuqarodan 51 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Firibgarlikda gumonlangan ushbu shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochildi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.
JSST shamollashga qarshi Cold Out siropi namunasi Iroqdagi tahlilda sifat talablariga javob bermagani uchun uning xavfidan ogohlantirdi. Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi esa xavotirga o‘rin yo‘qligi va bu dori O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tmaganini bildirdi.
O‘zbekiston fuqarolari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin bo‘ldi.
Shahrisabz tumanidagi Tanxozdaryo irmog‘ida Qizil kitobga kiritilgan 27 dona Amudaryo gulbaliqlari noqonuniy ovlangani aniqlandi.
Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan bosh prokurorga ikki o‘rinbosar, Namangan, Andijon va Samarqand viloyatlariga yangi prokurorlar tayinlandi.
Toshkent shahri prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ikrom Narimov O‘zbekiston transport prokurori lavozimiga tayinlandi.
Andijon tibbiyot institutining 5 nafar mas’ul xodimi “faoliyatida jiddiy kamchilik va qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygani sababli” ishdan bo‘shatildi. Oliygoh rektori ham lavozimini tark etishi mumkin. Iyul oyida institutning ikki xodimi 16 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga tushgandi.
Statistika agentligi 1-iyul holatiga O‘zbekiston doimiy aholisi 36,4 mln kishini tashkil etishini bildirdi. Eng ko‘p aholi Samarqandda (4 mln 159 ming), eng kami esa Sirdaryoda (904,9 ming) yashaydi. Demografik ma’lumotlar.
Tijorat banklari 9-avgust kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 610−11 665 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 690−11 735 so‘m.
Britaniya hukumati Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan ikkita kvartira va uyni musodara qildi. Ta’kidlanishicha, ular O‘zbekistondagi korrupsion faoliyatdan olingan daromadlar evaziga sotib olingan. Mulklarning umumiy qiymati 20 mln funt sterlingdan ortiqqa baholanmoqda.
Prezident farmoni bilan Anvar Karimov qishloq xo‘jaligi vaziriga o‘rinbosar etib tayinlandi. U bunga qadar iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shofirkon tumanida 4 dona sof quyma oltin bo‘lagini 7 ming dollar va 300 mln so‘mga sotgan fuqarolar qo‘lga olindi.
Yakkasaroy tumanida 21 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Malibu yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan keksa yoshli piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘chada 63 yoshli erkak 8 yoshli qizni o‘pib, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qildi. Toshkent shahri IIBB erkak ushlangani va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting