Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — investitsiya va tashqi savdo vaziri lavozimiga Oteuliyev Azamat Abilkasimovich tayinlandi.
“Ishga joylashmagan bitiruvchilari ko‘p bo‘lgan nodavlat oliy o‘quv yurtlari sifatsiz ta’lim beruvchi muassasa sifatida tan olinadi va ularning faoliyati tugatilishi mumkin”, — dedi O‘zbekiston oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonov. Bayonot tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Vazirlik bunga javob qaytardi.
Yakkasaroy tumanida yashovchi fuqarolardan kommunal to‘lovlar uchun yig‘ilgan 158,5 million so‘mni o‘zlashtirgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Oltiariq tumanidan oqib o‘tuvchi «Baziquvur» kanaliga Nexia-2 avtomobili tushib ketdi. Voqeaga haydovchining ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan. Mashina FVBning maxsus texnika va asbob-anjomlari yordamida chiqarib olindi.
Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qalbaki banknotlarni tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olinib, ulardan jami 462,4 million so‘mlik qalbaki pullar olib qo‘yildi.
Turkiya kompaniyasi Farg‘ona viloyatida 1000 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini qurishi mumkin. Investorlarga ularni qurish uchun uchta tumanda joy tanlash taklif qilindi.
Tarmoqlarda Chilonzor tumanida enaga 6 yoshli nogiron bolani kaltaklagani aks etgan vider tarqaldi. Uni bolaning onasi fuqarolarni ogohlikka chaqirish uchun tarqatgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan tuman IIO tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahri harbiy prokuraturasi harbiy xizmatchi Mirjalol Imomovning o‘lim holatini o‘rganib, unda biror shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibini aniqlamadi. Tergovgacha tekshiruv materiallariga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan. Shu bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi rad etildi.
Termiz tumanida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan 4 nafar shaxsga hukm o‘qildi. Ularga 12 yildan 14 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston barcha gaz va neftga oid eksklyuziv huquqni Rossiyaga qarashli kompaniyaga 35 yilga bergani haqidagi ma’lumotni rad etdi. «Ekspluatatsiyada bo‘lgan konlarning asosiy qismi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli», — dedi u.
Joriy yilda Orol dengizining qurigan 100 ming gektar maydonida himoya o‘rmonzorlari tashkil etiladi. Hukumat farmoyishiga ko‘ra, buning uchun bir qancha jamg‘armalar, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston budjetining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 25 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida maktab binosining tashqi devori yorilib, yomg‘ir suvlari bino poydevorining biroz cho‘kishiga sabab bo‘ldi. Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, yoriqlar ta’mirlangan. Pudratchiga bahorgi ta’tilda binoni qayta to‘liq ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
18 fevral kuni Toshkent metropolitenining «Do‘stlik-2» bekatidan to «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan qismi texnik ishlar sabab ishlamaydi. Harakat 19 fevraldan yana tiklanadi.
Oliy Majlis Senatining qo‘mita raisi, senator Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida vafot etdi. U 2017−2020-yillarda O‘zbekiston madaniyat vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Tijorat banklari 14 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 275 — 11 345 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 385 so‘m.
Seshanba kuni ertalab O‘zbekiston hududida zilzila qayd etildi. Epitsentr Dehqonobod tumani bo‘lib, uning magnitudasi 3,6 ni tashkil etdi.
O‘zbekiston hukumati departamentini boshqargan Akmal Jumanazarov energetika vaziri o‘rinbosari bo‘ldi.
O‘zbekistonda radio eshittirishlar qachondan boshlangan? Dastlabki radio eshittirish qancha davom etganu, unda nimalar efirga uzatilgan? O‘zbekistondagi ilk radiosuxandon kim? 13 fevral — Butunjahon radio kuni munosabati bilan «Gazeta.uz» O‘zbekistonda radioning boshlang‘ich davri tarixini hikoya qiladi.
O‘zbekistonda yomg‘irli hafta, rektorlarga xodimlarning bolalari bilan maktub yozishish tavsiya qilingani, Turkiya vayronalaridan topilgan yana o‘zbekistonlikning jasadi, Andijonda qulayotgan 5 qavatli bino plitalari, 265 mlrd so‘mga sotilgan «Kvars» kompaniyasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Turkiyadagi zilzilaning quruqlikda qayd etilgan eng kuchli o‘n zilzila qatoriga kiritilgani, Shveysariyada dori-darmon yetishmovchiligi kuzatilayotgani, Fransiyaning o‘z fuqarolarini Belarusni tark etishga chaqirgani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting