Turkiyadagi zilzilaning quruqlikda qayd etilgan eng kuchli o‘n zilzila qatoriga kiritilgani, Shveysariyada dori-darmon yetishmovchiligi kuzatilayotgani, Fransiyaning o‘z fuqarolarini Belarusni tark etishga chaqirgani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Shisha qadoqlari, listlar va bankalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Kvars» AJdagi qariyb 90 foiz aksiyalar paketi 265 mlrd so‘mga «Quvasoysement» AJga sotildi.
O‘rta Chirchiq tumani va Nukus shahrida bo‘sh yer maydonni 14 500 dollar va 37 mln so‘mga sotayotgan shaxslar aniqlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlandi.
Jizzaxda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududidan O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan 1 bosh oqqush va qashqaldoqlarni ovlagan fuqarolar aniqlandi. Ularga salkam 20 mln so‘m jarima belgilandi. Yangiobod tumanida yana bir fuqaro bo‘rini so‘ygani uchun 3 mln so‘m jarimaga tortildi.
Qibray tumanida 2 kishini guruh bo‘lib kaltaklaganlar ushlandi. Holat yuzasidan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
14−20 fevral kunlari respublikadagi 7 ta viloyatning ayrim hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Shuningdek, O‘zgidromet 16−18 fevral kunlari Qamchiq dovonida tuman tushishi, shamol kuchayishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Yoshlik» kinostudiyasi va Xorazmcinema hamkorligida XX asrning 20 yillarida Germaniyada o‘qigan o‘zbek talabasi Maryam Sultonmurodovaga bag‘ishlangan «Matonatli Maryam» filmi suratga olinmoqda. Ayni paytda esa mazkur tarixiy-badiiy filmni suratga olish bo‘yicha lokatsiyalar o‘rganilyapti.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati TIV yaqin orada ayollar va qizlarga «islom formati, afg‘on an’analari va shariat qonunlari asosida» o‘qish va ishlash imkoniyati qaytarilishini ma’lum qildi.
Andijon shahrida qurilayotgan 5 qavatli binoning plitalari qulab, devorlari buzildi. Ushbu holatda tegishli hujjatlarsiz obyektda qo‘shimcha 2 qavat qo‘shib, qurilish ishlari olib borilgani va jarayonda qoidalarga amal qilinmagani aniqlandi.
O‘zgidromet 14−18 fevral kunlari 9 ta viloyatda hamda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli haqida ogohlantirdi.
Zilzila oqibatida Shonliurfa shahrida yana bir O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani aniqlandi va uning jasadi Toshkentga yuborildi. Umumiy hisobda hozirgacha 4 nafar o‘zbekistonlik zilzila qurboni bo‘ldi.
O‘zbekistonda hafta oxirigacha yomg‘ir, ba’zi joylarda esa qor yog‘ishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda 15−20 m/s gacha kuchli shamol esishi mumkin. Harorat kechalari 0…+5 iliq, kunduz kunlari asosan +6…+11 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Mutaxassislar transportlarning tezligi pasayishi va yo‘llardagi o‘lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Ularning fikricha, tezlikni 10 km/soatga kamaytirish yiliga 600 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu bilan birga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishni kuchaytirish ham muhimligi aytildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri OTM rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etdi. Vazir ishga joylashmagan bitiruvchilari ko‘p nodavlat OTMlarni sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilishi va ular yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov 2023-yil uchun Toshkent budjetining qo‘shimcha daromadlari taqsimotini tanqid qildi. Xususan, moliyalashtirishdagi muammo, kurashga pul ajratish davom etayotgani, maktablar ta’mirlanishidagi katta farqni ta’kidlab, “budjetni osmonga sovurishda davom etamizmi?” degan savol bilan yuzlandi.
Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yengil atletikachilar 4 ta medal — 2 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronzani qo‘lga kiritdi.
PMTI ekspertlari OTMlar joylashuvining shaharlar holati va tirbandlik muammosiga ta’sirini o‘rgandi. So‘rovda ishtirok etgan talabalarning 78 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri deb baholagan. Biroq ularning o‘qish davridagi faolligi tirband yo‘llar uzunligi 11,3 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi.
Tijorat banklari 13 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 280 — 11 355 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 395 so‘m.
Soliq qo‘mitasi 1 oktabrgacha intizomsiz soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashni oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazadi. Bu firibgarlik sxemalardan foydalanib, asossiz soliq nafi olish bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.
Yerusti metrosi qurilishidagi ishlar sababli Sergeli va Yangihayot tumanlarining ayrim joylarida suv ta’minoti 13 fevral kuni soat 20:00 gacha to‘xtatildi. Bu hududlarga suv maxsus texnikalarda yetkazib beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting