Poytaxtning Ko‘kcha-Oqtepa mahallasida yashovchilar hududdagi ko‘p qavatli uy qurilishidan norozi ekanliklarini bildirdi. Avvaliga 2 qavatli bo‘lishi aytilgan bino keyinchalik 12 qavatli uy ekani ma’lum bo‘lgan. Aholi bino mahalla infratuzilmasiga salbiy ta’sir qilishidan xavotirda. Hozirda qurilish to‘xtatilgan.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi 2022 yilgi uchinchi stipendiya tanlovini e’lon qildi. 226 nomzodga mo‘ljallangan tanlovning 34 o‘rni bakalavriat uchun, 95 o‘rni magistratura uchun, 97 o‘rni esa doktorantura uchun ajratiladi. Hujjatlar 20 sentabrdan 20 oktabrga qadar qadar qabul qilinadi.
Tadbir Shell kompaniyasining O‘zbekistondagi eng yirik yetkazib beruvchi va rasmiy distribyutori — OilGroup tomonidan tashkil etildi. Konferensiyada moylash materiallarining asosiy iste’molchilari ishtirok etdi.
Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov Shayxontohur tumaniga hokim etib tayinlandi.
Qirg‘iziston prezidenti qirg‘iz-tojik cheragasidagi to‘qnashuvlar ortidan xalqqa murojaat yo‘lladi. U O‘zbekiston bilan barchasi hal qilinganligi, ammo Tojikiston bilan chegara hududlar muammoli ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, prezident kelishmovchiliklarni faqatgina tinch yo‘l bilan hal etishga da’vat etdi.
Tarmoqlarda Yangibozor tumanida 24 yoshli ayol shifokorlarning aybi bilan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat SSBga ko‘ra, ayol tug‘ruq jarayonidagi operatsiyadan keyin viloyat tez tibbiy yordam markaziga o‘tkazilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, o‘sha yerda vafot etgan.
Odam savdosi uchun Interpol qidiruviga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Kuala-Lumpurdan Toshkentga olib kelindi. U o‘zgartirilgan ma’lumotlar ostida uzoq vaqt davomida Malayziyada yashirinib yurgan.
Markaziy bank 19 sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 962,69 so‘m etib belgiladi. Shunga ko‘ra, tijorat banklari ham dollarning sotish va sotib olish bo‘yicha yangi qiymatini e’lon qildi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekiston hududlari bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishining reytingini tuzdi. Kuchli uchlikka Toshkent shahri, Navoiy va Buxoro viloyatlari kirdi. Indeks 2015—2021 yillar uchun hisoblangan.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qaror bilan poytaxtda 2023−2027 yillarda yillik 7 mln dona mavsumiy gullar va 75 ming tupdan ziyod ko‘chatlar ekiladi. Shuningdek, 2024 yilga kelib, yashillik darajasi 30 foizga yetkaziladi.
Andijonda Cobalt haydovchisi YPH xodimini mashina kapotida sudrab ketdi. Xodim yerga yiqilib, qo‘l va oyoqlaridan jarohat oldi. Aybdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, mashina jarima maydoniga joylashtirildi.
Samarqanddagi Registon yaratuvchisi — Bahodir Yalangto‘sh haqida tarixiy film suratga olish boshlandi. Tasvirga olish ishlari «O‘zbekfilm» kinokonsernining yangilangan panoramali pavilonida o‘tkazilmoqda. Unga Jahongir Axmedov rejissyorlik qiladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti BAAning nufuzli CROWN PLAZA Dubai Marina mehmonxonalar guruhi boshqaruv kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Universitetning Turizm fakulteti talabalaridan 10 nafari har yili Dubayning besh yulduzli mehmonxonalarida amaliyot o‘taydi.
O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo sokin, yog‘ingarchiliklarsiz, biroz issiq bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari janub viloyatlarida harorat +35 darajagacha ko‘tariladi.
BMT Bosh Assambleyasi Ukraina prezidentiga istisno tariqasida videomurojaat orqali bo‘lajak sessiyada nutq so‘zlash imkonini berdi. Bu qarorni 101 davlat, jumladan Qozog‘iston qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston ovoz berishda betaraf qoldi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro qurbonlari soni 84 nafarga yetdi. Qirg‘izistonda motam e’lon qilindi. Tojikiston qirg‘iz tomonini «qurolli tajovuzda» aybladi, Qirg‘iziston esa «mamlakat hududiy yaxlitligiga tajovuz» deb e’lon qildi. RF prezidenti davlat rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tarmoqlarda Xatirchi tumanidagi xonadonlarning birida ko‘milgan odam skeleti topilgani haqidagi xabar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi fuqaro tegishli organlarga odam suyagiga o‘xshash suyaklar chiqqani haqida xabar berganini ma’lum qildi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv va ekspertiza harakatlari o‘tkazilmoqda.
Tarmoqlarda Shayxontohur tumanida IIO xodimlari ayol kishini uyidan majburlab olib chiqib, mashinaga mindirgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, ayol majburiy tartibda sudga olib ketilayotgan bo‘lgan. Xodimlar harakati yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 19−24 sentabr kunlari AQShga tashrif buyurib, BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida nutq so‘zlaydi.
«Tashabbusli budjet» loyihasining 2-mavsumiga ovoz berishlar 17 sentabr kuni yakunlandi. Jami 1418 ta loyiha g‘olib deb topildi va ularni amalga oshirish uchun 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi. Natijalar rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, hududlarda odamlar bayram qilishni boshlab yubordi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting