Rossiyalik siyosatchilar, tadbirkorlar va ularning oila a’zolari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari munosabati bilan AQShning yangi sanksiyalari ro‘yxatidan joy oldi. Ular orasida milliarder Alisher Usmonov ham bor. Uning mulki, jumladan super yaxtasi va samolyotidan foydalanishga taqiq qo‘yildi.
Yevropadagi eng yirik Zaporojye AESi hududi Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutildi, atom elektr stansiyasi yaqinida yong‘in chiqdi. Stansiyaning asosiy jihozlariga zarar yetmagan. Ukraina prezidenti Yevropani “uyg‘onishga” chaqirdi. MAGATE mojaro tufayli yuzaga kelgan har qanday avariya jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
3−4 mart kunlari Polshadagi Katovitse aeroporti orqali 720 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilindi. Shunday qilib, Ukrainadan vatanga qaytarilganlar soni 2579 nafarga yetdi. Yana 1500 nafarga yaqin o‘zbekitonliklar Polshada qolmoqda. «Ishontirib aytamizki, barcha fuqarolar mamlakatimizga qaytariladi», — deyiladi TIV xabarida.
2021 yilda O‘zbekiston ro‘yxatga olingan 70 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 33 ming nafariga fuqarolikni berib, fuqarosizlikni qariyb ikki barobarga kamaytirdi. BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi ushbu sa’y-harakatlarni yuqori baholab, fuqarosizlikka chek qo‘yish tinchlik, xavfsizlik va majburiy ko‘chirilishlar oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
UNICEF Surxondaryo viloyatidagi «Termez Cargo Centre» logistika markazidan og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan afg‘onistonlik oilalar uchun 16 ta yuk mashinasida 2,3 mln dollarlik insonparvarlik yordamini yubordi.
Muzokaralarning ikkinchi raundi natijasida Ukraina va Rossiya tinch aholini evakuatsiya qilish va jangovar maydonlarga dori-darmonlarni yetkazib berish uchun gumanitar yo‘laklarni tashkil etishga, shuningdek, «gumanitar koridor sektorida ehtimoliy vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga» kelishib oldi.
Pokistonga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev, Ukrainadan evakuatsiya qilingan 1859 nafar o‘zbekistonlik, O‘zbekistonda 2050 yilda tabiiy gaz, ko‘mir va neftdan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan voz kechishi, dam olish kunida kutilayotgan chang to‘zoni, yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashgan O‘zbekiston va Qozog‘iston, sport vaziriga tayinlangan o‘rinbosarlar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 3 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Apple, BMW, Lego, Ikea, Canon, FedEx kabi logistika, raqamli texnologiyalar, onlayn-do‘konlar, yetkazib berish xizmatlari va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi global kompaniyalar Ukrainadagi urush ortidan Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda.
Bahor kirib kelgan bo‘lsa-da, qishnig sovuq havosi hali tugagani yo‘q. Qishloq aholisi o‘z uylarini o‘tin, ko‘mir va tezak bilan isitishda davom etmoqda. Qish qahraton kelsa, o‘tin zaxirasi sumalak pishirishga yetmasdan, tamom bo‘ladi. Ijodkor Xolida Musurmonova O‘zbekistondagi qishloqlardan biridagi qish haqida hikoya qiladi.
O‘zbekistonda banklar o‘zining valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Rossiya rublini almashtirishni boshladi. Markaziy bank ularga valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi “maqbul bo‘ladigan farq darajasini” saqlab qolishni tavsiya qildi.
TIV rasmiy vakili Ukrainadan Moldovaga o‘tgan 200ga yaqin o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Hozirda Polsha orqali evakuatsiya qilish ustuvor ekanligi ta’kidlandi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston 2050 yilga borib tabiiy gaz, ko‘mir, neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan to‘liq voz kechishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy energetika manbalaridan to‘liq voz kechilib, quyosh va shamol energetikasiga o‘tiladi. 2030 yilgacha 5000 MVtli shamol va 7000 MVtli quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish reja qilingan.
“Эхо Москвы” direktorlar kengashi ko‘pchilik ovozi bilan radiokanal va sayt faoliyatini tugatishga qaror qildi. Bosh muharrir Aleksey Venediktov qaror uning ishtirokisiz qabul qilinganini aytdi.
Kompaniya 3 martdan boshlab Chevrolet Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark avtomobillari uchun shartnomalar qayta tiklanishi haqida rasman ma’lum qiladi.
Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Pokistonga jo‘nab ketdi. Tashrif davomida Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalari yuzasidan fikr almashiladi. Qolaversa, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy maslalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot chog‘ida geosiyosiy vaziyatning hozirgi keskinlashuvi sharoitida savdo-iqtisodiy aloqalar holatini atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, prezidentlar yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Hafta yakunida O‘zbekistonga Turkmanistondan iliq havo, so‘ngra Kavkaz hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. 4−5-mart kunlari shamol tezligi 25−30 m/s gacha kuchayishi va chang to‘zoni kuzatilishi mumkin. Yakshanba kuni esa yomg‘ir yog‘adi.
Uy-joy fondi inspeksiyasi Toshkent viloyati «Issiqlik manbai» ishlab chiqarish boshqarmasida 6,5 mlrd so‘mlik kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini aniqladi. Bundan tashqari, boshqarma manbaidagi qozonxonaning kadastr hujjatlari yo‘qligi, 7 ta qozonxona esa boshqa shaxsga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
3-martdan boshlab Uzauto Motors Chevrolet Traverse va Tahoe avtomobillarining yangi modellarini xarid qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshladi. Traverse narxlari 469,2 mln so‘mdan boshlansa, Tahoe narxlari 597,6 mln so‘mdan boshlanadi.
DXX Chinoz tumanida «moliyaviy piramida» tashkil qilganlikda gumonlab, bir nafar fuqaroni hibsga oldi. U jami 12 kishidan 94 ming AQSh dollari, 394 mln so‘mlik 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva molini olganligi aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘g‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting