«O‘zbekiston temir yo‘llari» Tojikiston va Rossiyaga poyezdlar qatnovini boshlash sanalarini ma’lum qildi. 20 iyundan «Dushanbe — Toshkent — Dushanbe», 23 iyundan «Toshkent — Samara — Toshkent» yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Futbol uchrashuvida tosh otgani uchun hibsga olingan salkam 50 kishi, Konstitutsiyaga takliflar, Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan MTJ, birjada arzonlagan shakar narxi, Toshkentda tezyurar elektrichkalar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 14 iyundagi xabarlar dayjestida.
Gofurjon Abdurahmonov Andijon shahar hokimi etib tayinlandi. Shaharning avvalgi hokimi Bahrom Haydarov talon-tarojlik to‘g‘risidagi jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan edi.
FVV Namangandagi «Yertikon» suv ombori ostidan suv sizib chiqayotganini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, 13 iyundan beri dambaning ikkita joyidan soniyasiga 5−10 litr suv oqib chiqmoqda. Shunga qaramasdan aholi va to‘g‘onga xavf yo‘qligi aytilmoqda. Ombor oldida tun-u kun kuzatuv posti tashkil etildi.
Qurilish vazirligi Boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan Voxid Ibodullayev Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bundan tashqari, O‘ktam Pardayev Qashqadaryo viloyatining Kitob tumaniga hokim bo‘ldi.
Prezidentning vakolat muddatini o‘zgartirish, «fuqaro» atamasini «vatandor» ga almashtirish, qo‘shfuqarolik va qo‘shxotinlikka ruxsat berish, Bosh prokuraturani Adliya vazirligiga qo‘shib yuborish, hokimlar va senatorlarni saylash — Konstitutsiya bo‘yicha yuborilayotgan takliflar haqida batafsil «Gazeta.uz» materialida.
2022−2023 yillarda O‘zbekistondagi barcha sayyohlik obyektlari, aeroportlar, vokzallar va avtostansiyalarda «sanitariya inqilobi» ni amalga oshirish, ularni zamonaviy hojatxonalar bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Maxsus ishchi guruh sentabrgacha ushbu obyektlarda o‘rganishlar olib boradi.
Toshkent shahar IIBB O‘zbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi futbol bellashuvida tosh otgani uchun 47 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. 19 nafar muxlis ma’muriy javobgarlikka tortildi, 28 nafariga nisbatan esa tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2000 kv. metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulkini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksion savdolariga chiqarishni taklif etmoqda. Agentlik buyurtmani 3 ish kunida o‘rganib chiqadi, ma’qullangan taqdirda obyekt savdoga qo‘yiladi.
Respublika 6-sonli skolioz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Axmed Narimbetov Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Birjadagi uch savdo kuni yakunlari bo‘yicha shakarning o‘rtacha narxi 26,1 foizga — 1 kg uchun 10,7 ming so‘mgacha tushdi. Shu bilan birga, shakar zavodlari mazkur davrda taklif hajmini oshirmadi.
Ikki nafar abituriyentni Qarshi davlat universitetiga 10 ming dollar evaziga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushbu pullarni olganida qo‘lga tushdi. Surxondaryoda esa Pedagogika kolleji direktori o‘rinbosari 5 mln so‘m evaziga o‘qishga qabul qilishini aytib, 100 dollar olganida ushlandi.
Prezident Toshkentdan Xojikent, Bekobod va Angren yo‘nalishida zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Davlat rahbari huzuridagi taqdimotda hozirgi poyezdlar parki eskirgani va yo‘lovchilar oqimiga bardosh bera olmasligi ta’kidlandi.
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida 51 nafar xorij fuqarosi dorivor kavraklarni yig‘ish bilan shug‘ullangani aniqlandi, ularning 31 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Sud qarori bilan ular migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilindi.
Antigua va Barbuda O‘zbekiston diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan 141-davlat bo‘ldi.
Qon hamma joyda kerak, ammo unga muhtojlar qonni hamma joyda ham ololmaydi. «Qon topshirish — birdamlik harakatidir. Donorga aylaning va hayotlarni saqlab qoling» — bu Butunjahon donorlar kuni chaqiruvidir. O‘zbekistonda qon topshirish mumkin bo‘lgan manzillar — «Gazeta.uz» materialida.
Toshkentda chorshanba-payshanba kunlari ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lmagan 4 ballik magnit bo‘roni kuzatilishi mumkin. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bo‘ron vaqtida arterial gipertoniya va bronxial astma bilan og‘rigan odamlar ko‘proq aziyat chekadi, shu bois bu vaqtda kamroq harakat qilish tavsiya etiladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi saralash o‘yinlari yakuniga yetmasdan turib, muddatidan ilgari Osiyo kubogi-2023 yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Senat inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirish sohasidagi qonunchilik normalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni ma’qulladi. Senatorlar a’zo va to‘qimalarni olish maqsadida odam o‘g‘rilash yoki odam savdosi xavfi bilan bog‘liq vatandoshlarning qo‘rquvi haqida ham so‘z yuritishdi.
Bekobodlik ikki nafar ayol 356 ming dollarni kiyimlari orasiga yashirgan holda Tojikistonga olib chiqishga uringanida qo‘lga olindi. Ular bu ishni xizmat haqi evaziga tojikistonlik fuqaro iltimosiga ko‘ra amalga oshirgani aytilmoqda. Hozirda pullarning haqiqiy egalarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting