Jahon banki prognoziga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Ukrainadagi inqiroz MDH davlatlari, shu jumladan O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarining qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, 2022 yilda Rossiya YAIM tushishi va rublning dollarga nisbatan qadrsizlanishi migrantlarning bandligi va daromadlarini kamaytirishi mumkin, bu esa MDHda qashshoqlik muammosini yanada kuchaytiradi.
«O‘zbeknetgaz» tomonidan Ustyurt hududida 5 ta yangi gazkondensat koni ochilib, ular soni 25 taga yetkazildi. Mazkur hududdagi umumiy zaxiralar hajmi 395,6 mlrd kub metr tabiiy gaz, 96 mln tonna neft va 14,6 mln tonna gaz kondensatini tashkil qilmoqda.
Moskva birjasi yaqin vaqtda savdo qilinadigan valyutalar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, o‘zbek so‘mi bilan savdolarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda, deb xabar beradi RBK. Bunday qarorning ko‘rib chiqilishi g‘arb sanksiyalari, dollar savdosi hajmining kamayishi va Rossiyadagi valyuta nazorati bilan bog‘liq. Ushbu mexanizm parallel import uchun ham qo‘llanilishi mumkin.
Hukumat qarori bilan soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga jarimaning 20 foizi miqdorida pul mukofotini to‘lash tartibi belgilandi. Fuqarolar terminal mavjud emasligi, naqd va karta orqali to‘lovda tafovut, tovarlarni qalbaki markirovkalash va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish kabi holatlarni aniqlasa Soliq mobil ilovasi orqali xabar berishi mumkin.
Huquqshunos Kamoliddin Bahavadinov «tonirovka»ga qo‘yilgan talab mantiqsizlikdan boshqa narsa emasligi va unga qo‘yilgan narx «kosmik» darajada qimmatligini tanqid qildi. «Odam yozda o‘zini biroz qulay his qilishi uchun 6 oylik oyligini yemay, ichmay berishi shaxsan men uchun mantiqsizlik. Bu inson huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol qilish», — dedi u. Qolaversa, mashina orqa yon oynasiga parda taqishga ruxsat borligi va «tonirovka» mumkin emasligini hech kim tushuntirib bera olmasligini aytdi.
Moliya vazirligi bug‘doy ishlab chiqarishdagi islohotlar, ya’ni bug‘doy narxini erkinlashtirish ortidan un va non narxlarining sezilarli o‘zgarishini kutmayapti. Moliya vazirligi departament direktori To‘lqin Mirzayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda bug‘doy va un bozorining 70−80 foizi bozor narxlarida shakllanmoqda. Qolaversa, davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqmoqda.
Prezident farmoni bilan Samarqand aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi.
Hukumat kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida O‘zbekistonda sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqladi. Mamlakat bo‘yicha limit 28,2 mlrd kub metr suvni tashkil etadi, bu o‘tgan yili olingan suvning taxminan 94,5 foiziga teng.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasida raisning transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, qurilish va transport hamda iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimga tayinlandi.
OTP Bank «Ipoteka-bank» ning davlat ulushini sotib olishni Rossiya va Ukrainadagi vaziyatga oydinlik kiritilgungacha kechiktirdi, deb xabar berdi bankning moliyaviy direktori Laslo Benchik. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyaning OTP banki kelishuvga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolmoqda, biroq O‘zbekiston tomoni ularni kutishga majbur emas.
1 iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib oladi va sotadi. Shavkat Mirziyoyev eski tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshiriladi.
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ma’muriy ko‘rsatmalar himoyasida edi va germaniyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi sarmoyalar kiritish imkoniyatlari ancha past bo‘lgan, deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner. Bu vaziyat o‘zgarishi kerak, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilgacha UzAuto Motors monopoliyasiga barham berish rejalashtirilgan.
2022 yil boshidan beri O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘paya boshladi. Xususan yanvar oyida 23 ta yangi kompaniya tashkil etilgan bo‘lsa, aprelning o‘zida ularning soni 103 taga oshgan, shundan 45 tasi AKT yo‘nalishidagi kompaniya hisoblanadi.
Birinchi chorakda o‘zbekistonliklar xorijiy valyutadagi omonatlarga 2,2 trln so‘m ekvivalentidagi mablag‘larni yo‘naltirdi. Ularning aksariyati mart oyiga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank xorijiy valyutadagi omonatlarga talab ortishi sabablarini tushuntirdi.
Global beqarorlik sharoitida ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish va sotishda QQSning nol stavkasi muddati 31 dekabrgacha uzaytirildi. Imtiyozli davrning uzaytirilishi go‘sht va kartoshka bozorida kutilgan natijani berishi kutilmoqda, biroq o‘simlik yog‘i narxlari barqarorlashuvi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev Ukrainadagi urush ortidan jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan tanglik sharoitida QQS imtiyozlarining ichki bozordagi narxlarga qanday ta’siri qilishi haqida so‘z yuritadi.
Markaziy bank valyuta kursi narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qildi. Valyuta kursining o‘zgarishi inflyatsiyaga bevosita — import qilinadigan tayyor mahsulotlar narxlarining o‘zgarishi hisobiga hamda bilvosita — import qilinadigan xom ashyo narxlarining o‘zgarishi hisobiga ta’sir qilishi mumkin. Almashuv kursining 1 foiz bandga qadrsizlanishi uzoq muddatda inflyatsiyaning 0,28 foiz bandga tezlashishiga sabab bo‘ladi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi qabul qilinsa, ayrim korxonalar o‘zlarining oxirgi benefitsiar egalarini oshkor qilishlari talab etiladi. Shuningdek, vazirlik ushbu qonun korrupsiya va pul yuvishga qarshi kurashda qanday yordam berishini tushuntirdi.
“Oʻzagrosugʻurta” kompaniyasi kuzatuv kengashi qarori bilan Shuxrat Rasulov tashkilot boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. U bunga qadar “Agrobank” boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. “Oʻzagrosugʻurta” kompaniyasini 2019 yildan buyon Sarvar Otamurodov boshqarib kelayotgan edi.
Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasi 20 maydan boshlab Moskva — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklamoqda. Parvozlar Airbus A330 laynerlarida ular lizingiga YeI sanksiyalari yumshatilgani ortidan amalga oshiriladi.
Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi Toshkentdagi uchta davlat muzeyini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida tendersiz loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdi.Kompaniya «Istiqlol» majmuasi, «Yangi O‘zbekiston» istirohat bog‘i va universiteti, Toshkentning Eski shahar hududidagi sayyohlik markazi va boshqalarni loyihalash va qurishda ishtirok etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting