O‘zbekiston so‘nggi 4 oy mobaynida xorijdan 38,5 mln dollarga 124,8 ming tonna un sotib oldi. Shundan eng katta qismi (122,8 ming tonna) Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, Rossiyadan 1,9 ming tonna, AQShdan 50 tonna, Hindiston va Fransiyadan esa 2 tonna atrofida un import qilindi.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 2025 yilga borib O‘zbekistonda hokimiyatni shaxsiy manfaatlar egallab olish xavfi maksimal darajaga yetishi kutilmoqda. Tashkilot maxsus va noshaffof imtiyozlar berishni asosiy xususiyatlardan biri deb biladi. Maslahatlashuvlar chog‘ida tadqiqotchilar yer va davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlari bilan bog‘liq yuqori tashvishlarni qayd etdilar.
Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlar ichida Andijon 1-o‘rinni egalladi, deya ma’lum qildi Antikorrupsiya agentligi. 2021 yilda o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish kabi jinoyatlarni sodir etganlarning 4 nafarini viloyat hokimligi, 18 nafarini tuman va shahar hokimliklari xodimlari tashkil qilgan.
National Interest nashri Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni to‘xtatganidan so‘ng Adidas, H&M, Gap, Zara va boshqa xalqaro brendlar mamlakat to‘qimachilik mahsulotlarini xarid qilishni qayta yo‘lga qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi. O‘zbekiston paxtasining yirik importichisi Rossiyadagi moliyaviy sanksiyalar, inflyatsiyaning o‘sishi va iste’mol bozorining qisqarishi natijasida mamlakat yangi xaridorlarni izlashiga to‘g‘ri kelishi aytilgan.
O‘zbekiston yanvar-aprel oylarida qiymati 21,8 mln dollarlik 734 ta elektromobil import qildi. Ularning ko‘pi Xitoydan keltirilgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan elektromobil importi 5 barobarga oshdi.
«Trastbank» aksiyadorlari Dilmurod Parpiyev va Toxir Sharipov bankdagi ulushlarini oshirdi. Ularning har biri 8,3% dan aksiyalarni sotib oldi. Bitim 231,5 mlrd so‘mga baholangan. Tadbirkorlar bir qator loyihalar, jumladan, Food City majmuasi bilan bog‘liq loyihalarning hamta’sischilari hisoblanadi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda ITSV vakillari O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida Essen shahrida joylashgan Yevropadagi eng yirik poyabzal ishlab chiqaruvchi Deichmann kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev bir martalik moddiy yordam kimlarga va qanday berilishi, nima uchun toshkentliklar ko‘proq olishi va pullar qaysi mablag‘lar hisobidan ajratilishini ma’lum qildi. «To‘lovlar avtomat ravishda amalga oshiriladi. Hech qanday ariza yoki murojaat talab qilinmaydi», — dedi u.
O‘zbekiston Metan bo‘yicha global majburiyat dasturiga qo‘shildi. YeTTB mamlakatga metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturini ishlab chiqishiga yordamlashadi. Asosiy e’tibor energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznesga qaratiladi.
Prezident hokimlarning ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Viloyat hokimlariga qo‘shimcha 110 ming ish o‘rni tashkil etish, kamida 1 mlrd dollarlik eksport uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, EIZlardagi loyihalarni ekspertiza qilish vakolati hamda sanoat zonalarning ma’muriy kengashlari vakolati Investitsiyalar vazirligiga o‘tkazildi. Zonalardagi yerlar endi hokimliklar tomonidan emas, balki direksiyalar tomonidan auksionga qo‘yiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish chora-tadbirlari haqida gapirdi. Energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish va samarasiz subsidiyalarni kamaytirish bilan bir vaqtda davlat resurslarini yanada ko‘proq ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish va boshqalar ko‘zda tutilgan.
15 iyundan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlarning banklarda ochilgan maxsus maqsadli hisobvaraqlari yopiladi. Yopilgandan keyingi qoldiq ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobiga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Germaniyaning Dyuseldorf shahrida Yevropaning C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Xitoyga 132,8 mln dollarlik tabiiy gaz yetkazib berdi. Natijada mamlakat Xitoyning gaz importyorlari orasida kuchli beshlikka kirdi. Avvalroq, rasmiylar yoqilg‘i eksportin ichki bozor va qayta ishlash foydasiga qisqartirilishi haqida ma’lum qilgan edi.
Jahon banki guruhi 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturini qabul qildi. U uchta strategik maqsadga qaratilgan — xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va «yashil» iqtisodiy o‘sish hisobiga farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanish.
25 may kuni Qo‘qon shahrida Yandex Go taksi xizmati ishga tushdi. Endilikda ushbu xizmat Farg‘ona vodiysining barcha yirik shaharlarini qamrab oladi.
Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida yangi «Fast Track» xizmati ishga tushirilganini ma’lum qildi. 170 ming so‘m evaziga reysga ro‘yxatdan o‘tish, bojxona va pasport nazorati, shuningdek, parvoz oldidan tekshiruvlardan navbatsiz o‘tish mumkin.
Fuqarolar Markaziy bankka tijorat banklari «noma’lum sabablarga ko‘ra» kredit ajratmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, rad etish vaqtida bank xodimlari qarz oluvchilar «qora ro‘yxat»ga kiritilganini ma’lum qilishmoqda. MB gap mijozning kredit tarixi haqida ketayotganini bildirdi.
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mamlakatdagi ikkinchi eng yirik (100 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi va yagona tarmoqqa quvvat uzatishni boshladi. Bu bilan yiliga 78 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi (mamlakat aholi xonadonlarining 10 kunlik iste’moli) va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 68 ta dilerlik tashkilotlari orqali 5 mingdan ortiq holatda xaridorlarga mashinalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi kechiktirilgan har bir kun uchun iste’molchilarga penya to‘latish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting