Ozarbayjonning Pasha Holding kompaniyasi Toshkentda besh yulduzli Ritz-Carlton mehmonxonasi qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 200 mln dollarga baholanmoqda.
O‘zbekiston hukumati “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchi. O‘zbekiston hozirda bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini oladi. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda yil davomida ikkitadan ortiq avtomobil sotganlarga soliq solish tizimi joriy etilishi mumkin. Ushbu chora avtomobillarni qayta sotishda chayqovchilikning oldini olishga qaratilgan. Shuningdek, daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar soni kamaytirilishi mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni davom ettirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Yaponiyadan 246,2 mln dollardan ortiq kredit oladi.
O‘zbekistonda chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etish, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham xabardor emasligini ta’kidladi. Nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalangani yo‘q.
Aprel oyidan Nukusdan Istanbulga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi reja qilinmoqda. Shuningdek, bitta L-410 samolyoti Qoraqalpog‘istonga ichki reyslar uchun ajratiladi.
O‘zbekistonda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar va boshqalar uchun naqd puldan foydalanishni qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Yog‘och, shinalar va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish ham rejada bor.
Andijon viloyatida Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar, jumladan, Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida 218 gektar maydonda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Avvalroq Andijon viloyati va Xitoy investorlari o‘rtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va Turkmanistondan import qilingan elektr hajmi talabni qondirish uchun yetarli bo‘lmagani uchun yakshanba kuni tig‘iz vaqtlarda 400 MVtgacha cheklovlar kiritildi, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Ma’lumotga ko‘ra, bunga elektr uzatish liniyasidagi nosozlik sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligi Buxoroda kuchli shamol tufayli elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi kuzatilgani va bu 10 ta gaz haydash agregati to‘xtashiga olib kelganini ma’lum qildi. Oqibatda magistral gaz quvurlarida bosim pasaygan va barcha metan “zapravka”lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Uzbekistan Airways tarkibiga kiruvchi Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi to‘rtinchi ATR 72−600 samolyotini qabul qilib oldi. U Tuluzadagi ATR zavodidan yo‘lga chiqib, Istanbulda texnik to‘xtashni amalga oshirib, Toshkentga yetib keldi.
Prezident Andijondagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu maqsadlar uchun 850 mlrd so‘m kredit resurslari va 50 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.
Andijon viloyatida Xitoyning Lanzhou Guangtong New Energy Automobile kompaniyasi bilan birgalikda elektrobuslar yig‘ish boshlanadi. Prezidentdan xitoylik hamkorlari elektrobusga nom berishni so‘radi, Mirziyoyev esa uni “Ipak yo‘li” deb nomladi.
Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasi hech qaysi davlatga qarshi qaratilmaganini ma’lum qildi. Avvalroq tarmoqlarda O‘zbekiston Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilishga qaror qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Global ekologik fond Markaziy Osiyoda suv va quruqlik resurslari sohasidagi loyihalar uchun 26 mln dollar ajratdi. Uning 18,6 mln dollari O‘zbekiston ishtirokida zaif ekotizim yerlarni tiklash, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolaridagi suv resurslarini boshqarish kabilarga yo‘naltiriladi.
MHTI tahliliga ko‘ra, yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxlari pasaydi, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylarniki esa 0,5 foizga o‘sdi. O‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar ijarasi 395 dollarni tashkil etmoqda.
Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Asakadagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi. U yerda viloyat misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Tannarxni 15 foizga qisqartirish, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratish rejalari ta’kidlandi.
Prezident energetik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi. Jumladan, 1-apreldan gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 mlrd dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarni qayta rasmiylashtirish va boshqalar rejalashtirilgan.
1-aprelgacha provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatini taqdim etish reja qilinmoqda. 2020-yilda bunday monopoliyani bekor qilish maqsad qilingandi, ammo bu haligacha amalga oshmagan. Telekommunikatsiya sektori bo‘yicha mustaqil regulyator 1-sentabrgacha paydo bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting