Xitoyning BYD kompaniyasi Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, uning quvvatini 300 ming donaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonga elektrobuslarini yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhandislik-servis markazlarini ochish ko‘zda tutilgan.
Geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, savdo hamkorligida faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi — bu ishonchli emas, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston savdo sheriklari va investitsiyalarini, jumladan, “iqtisodning nozik tarmoqlarida” diversifikatsiya qilishga intiladi.
“O‘zbekenergota’mir” AJ AQShning General Electric Global Parts and Products GmbH korporatsiyasi bilan 60 mln dollarlik shartnoma imzoladi. Shartnoma doirasida O‘zbekistondagi elektrostansiyalarning energobloklari modernizatsiya qilinadi va yangi ehtiyot qismlari yetkazib beriladi.
Xitoyning King Long kompaniyasi “Toshshahartransxizmat”ga 18 metrli elektrobusni topshirdi. Xabar qilinishicha, u yaqin kunlarda yo‘nalishlardan birida harakatlana boshlaydi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” xolding kompaniyasiga aylantiriladi. Prezident aholi chipta sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatishdan noroziligi hamda sohaga islohotlar zarurligini ma’lum qildi. Yuk tashuvchi temir yo‘l stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish taklif etilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda 2023-yilda iqtisodiy o‘sish prognozini 5 foizdan 5,5 foizga yaxshiladi. Bank ish haqi va pensiyalar oshishiga qaramay, aholining real daromadlari kamaygani sababli iste’molning sekinlashishiga ishora qilmoqda. Inflyatsiya kutilmalari esa MB prognozidan ancha yuqoriligicha qolmoqda.
Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi Dehli-Toshkent-Dehli yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan dollar kursi o‘zining tarixiy maksimal qiymatini yangiladi va 12 200 so‘m chegarasidan o‘tdi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 8,6 foizga qadrsizlandi.
O‘zbekistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘mni (2022-yil may oyidan +21,2% oshgan), gazning bir kubometri 1890 so‘mni (+35%) tashkil qilmoqda, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Kuni kecha Energetika vaziri bir kVt/soat elektr energiyasi narxi 800 so‘mdan oshganini aytgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga safari davomida u yerdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgandi. Uchrashuvda qatnashgan iqtisodchi Behzod Hoshimov va Botir Qobilov tadbir tafsilotlarini ma’lum qildi. Davlat rahbari ularni kuzatib borishini ta’kidlagan va ularni “ochiq gapirishga” chaqirgan.
Farg‘ona viloyati Furqat tumanida Xitoy kompaniyasi bilan yillik quvvati 1000 dona bo‘lgan elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash uskunalarini va elektrobuslarga akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bir qismi O‘zbekistonga o‘tgan Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Bu bo‘yicha kelishuvga Farg‘ona viloyati hokimining Xitoyga tashrifi davomida erishildi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati kengaytirildi. Unga minora kranlari, o‘zgaruvchan tok generatorlari va boshqalar kiritildi.
Markaziy Osiyoda 30 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan Visa raqamli to‘lovlar kompaniyasi Toshkentda o‘z ofisini ochdi. Kompaniya rahbarlari mazkur yangilik mamlakatda barcha moliya institutlari va savdo hamda xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun yordamning kuchayishini qayd etdi.
Citibank O‘zbekistonda sho‘’ba banki ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu taklifni Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvda ma’qulladi.
“Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va O‘zA ko‘chiriladi, ularning Toshkent markazidagi 1975−1979-yillarda qurilgan binolari sotuvga qo‘yiladi. Bu yerda “zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan yagona mulkiy majmua”ni yaratish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiyot vazirligi olti oyda 2,6 mlrd kub metr — 2022-yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobar ko‘p gaz import qilganini bildirdi. Bu Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.
Yilning birinchi yarmida Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi gaz qazib olish bo‘yicha mahsulot taqsimlash bitimiga binoan O‘zbekistonga 103,1 million dollar to‘ladi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Boshqa MTB loyihalari uchun ma’lumotlar berilmagan.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2023-yilda global iqtisodiy o‘sish o‘rtachadan past darajada — 3 foiz bo‘lib qoladi. Ekspertlar aksariyat mamlakatlarda inflyatsiya markaziy banklar maqsadli ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishda davom etishini kutmoqda.
UZINFOCOM yagona integratori K-root DNS serverini ishga tushirdi. O‘zbekistonda ildiz serverni joylashtirish veb-resurslarga kirish jarayonini tezlashtirishi va xorijiy serverlarga tobelikni kamaytirishi aytilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting