O‘zbekistonda avgust oyida 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va 19,9 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Bunday holatlar, o‘tgan oyda bo‘lgani kabi, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida eng ko‘p qayd etilgan.
Prezident qarori bilan “Qishloq qurilish bank” tijorat banki negizida Biznesni rivojlantirish banki hamda uning huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozori sohasidagi vazifalari, funksiya va vakolatlarini o‘z zimmasiga olib, ushbu soha regulyatoriga aylanadi. ILMA, shuningdek, kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” tartiblarini belgilaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga fuqarolar tomonidan ixtiyoriy pensiya badallari hisobiga aksiya sotib olish, xodimlarga o‘z korxonasi aksiyalarini xarid qilish ustuvor huquq berish, dividendlar bo‘yicha imtiyozlarni 2028-yil oxirigacha uzaytirish kabilarni nazarda tutgan qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
“Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat unitar korxonasi “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJga o‘zgartiriladi va uning ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketi Markaziy bankka o‘tkaziladi. Shuningdek, “Milliy kliring markazi” tashkil etiladi.
Avgust oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 0,5 foizlik inflyatsiya qayd etildi, yillik inflyatsiya esa 9 foizdan pastligicha qolmoqda. O‘tgan oyda tuxum, guruch, go‘sht, sut qimmatladi, un, yog‘ va shakar esa arzonladi. Benzin, metan va propan narxi oshishda davom etmoqda.
O‘zbekiston budjet ko‘rsatkichlari yomonlashishining sabablaridan biri — elektr energiyasi tariflari islohoti keyinga qoldirilgani, deya qayd etdi Fitch agentligi. To‘liq miqyosdagi energetika islohoti qanchalik uzoqqa cho‘zilsa, yil oxirida 5,1 foiz bo‘lishi kutilayotgan budjet taqchilligi shunchalik sekin pasayadi.
Tijorat banklari 4-sentabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 12 040−12 070 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 12 110−12 165 so‘m.
Xalqaro moliya korporatsiyasi Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatiga yangi investitsiya qonunchiligini tayyorlashda yordam beradi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Tarmoqlarda “zapravka”lar uchun kunlik gaz limiti kiritilayotgani haqida xabar tarqaldi. Energetika vazirligi shartnomalarda “soatlik, kunlik, oylik va yillik” hajm belgilanishi mumkinligi ko‘rsatilganini bildirdi. Iste’molchilar qo‘shimcha gaz so‘rab murojaat qilishi mumkin, deydi vazirlik.
Namangan shahrida aeroportning rekonstruksiya qilingan uchib kelish terminali ochildi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish maydoni 720 kv. metrdan 1756 kv. metrga yetdi. O‘tkazuvchanlik esa 3 barobar oshdi. Jo‘nab ketish terminalini rekonstruksiya qilish sentabr oyida boshlanadi. Foto.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida aeroport ochildi. Terminal 30 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. 1-sentabr kuni u LET L-410 va Pilatus PC-24 samolyotlarini qabul qildi.
Sobiq moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining konsultant-maslahatchisi lavozimiga jalb qilindi.
“Gazeta.uz”ga Brio Group (Oson) MB qo‘llagan jarima yuzasidan izoh berdi. Shuningdek, to‘lov tashkilotlari 5-sentabrdan transchegaraviy tranzit operatsiyalar taqiqlanishi haqida ogohlantirilgani aytildi. Kompaniya MBdan millionlab mijozlarga ta’sir qiluvchi masala bo‘yicha shaffof muloqot tashkil etishni so‘rayapti.
Markaziy bank jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgani uchun Brio Group (Oson) to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanganini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi yanvar oyi o‘rtalarida to‘xtatib qo‘yilgan budjetning kunlik daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni tikladi. 28-avgust kuni xarajatlar daromadlardan 7 baravar ko‘proq bo‘ldi.
O‘zbekistonda uy-joy narxining o‘sishi tezlashdi, deyiladi MB sharhida. Ikkilamchi uylar narxi yillik hisobda 27,2 foizga, yangi uylarniki 21 foizga oshdi. Talab asosan ipoteka kreditlari hisobiga ortmoqda. Toshkentda yer uchastkalari narxi sotixiga 282 mln, uy-joylar narxi kvadratiga 11,3 mln so‘mgacha yetdi.
Jahon banki iqtisodchisi ayollar va erkaklar maoshi bo‘yicha tadqiqoti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda tajriba o‘tkazdi. Tadqiqot xulosasida maosh to‘lashda jinslar o‘rtasidagi farq saqlanib qolayotganiga asosan ayollarga nisbatan shakllangan stereotiplar sababchi ekani aytilgan.
Uzbekistan Airways Xitoyning CALC kompaniyasidan 168 o‘ringa mo‘ljallangan navbatdagi A320neo samolyotini sotib oldi. Karbonat angidrid chiqarishi 50 foizga kamaytirilgan “ekologik toza” havo kemasidan mahalliy aviaqatnovlar uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.
Tovar aylanmasining o‘sish tempi pasayishi ortidan Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi maqomini yo‘qotmoqda. Xitoy O‘zbekiston bozoriga eksport hajmini keskin oshirdi va yana 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘zbekistonning YOII va MDHga bog‘liqligi kamayib, Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalari kengaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting