Sirdaryoda White Gold Klaster korxonasi 90 mlrd so‘mlik paxta, 3 mlrd so‘mlik texnik chigitni birja savdolariga qo‘ymay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgani ma’lum bo‘ldi. Bu Vazirlar Mahkamasi nizomiga zid. Klaster korxonaga chora ko‘rildi.
JSST va Butunjahon diabet fondi yuqumsiz kasalliklar profilaktikasini yaxshilash tajriba loyihasida qatnashgan Sirdaryodagi tibbiyot muassasalariga ko‘zni tekshirish uchun beshta fundus kamerasi sovg‘a qildi. Pilot hududlarda 2-toifa diabetga chalingan barcha bemorlar diabetik retinopatiya diagnostikasidan o‘tadi.
To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 5,1 million so‘mdan oshdi. O‘sish sur’ati 18,5% dan 16,4% gacha sekinlashdi. O‘qituvchilar va shifokorlar ish haqining respublika darajasiga nisbatan tafovuti o‘sdi.
Prezident Toshkent shahridagi Bobur ko‘chasi bo‘ylab poytaxt xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichni masofadan turib ishga tushirdi.
25-oktabr kuni O‘zbekistonda “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi o‘tkazildi. Adliya vazirligiga ko‘ra, 2024-yil 9 oyida elektron tizimlar sababli 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejalgan. Bu orqali 240 ta daraxt saqlab qolinishiga erishildi, deb yozdi vazirlik.
2025-yildan Moskvada eksperiment doirasida migrantlarga ular haqidagi “barcha ma’lumotlar” mavjud bo‘lgan elektron guvohnomalar berish boshlanadi. Shuningdek, Moskva aeroportlarida barcha xorijliklar uchun biometrik nazorat joriy etiladi.
Toshkentda temiryo‘lning belgilangan qismidan velosipedda kesib o‘tayotgan 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi. U bir qancha jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Bu galgi saylovda partiyalar aniqroq dasturlarni ilgari surmoqda, lekin ular zamonaviy siyosiy texnologiyalarni ham o‘zlashtirishi kerak, dedi Senat rahbarining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. Elektoratga yo‘l topish partiya sharfi yoki kepkasini kiyish bilan belgilanmaydi, deya ta’kidladi u.
Qatarda ikki oylik tanaffusdan so‘ng G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tiklanadi.
O‘zbekiston BRIKSning hamkori bo‘lishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom A’loyevga ko‘ra, mamlakat kelajakda BRIKSdagi faoliyatini qadamma-qadam chuqurlashtirishga harakat qilib, unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikni tubdan rivojlantiradi.
Tadqiqotchilar guruhi bir paytlar Ipak yo‘li o‘tgan O‘zbekiston tog‘larida ikkita o‘rta asr shahrining qoldiqlarini aniqladi. Ular dengiz sathidan 2000 metrdan ham balandroq joyda joylashgan bo‘lib, olimlarning taxminiga ko‘ra, temir rudasi qazib olish maqsadida bunyod etilgan.
Uchinchi “Venom” va yana yettita kinopremera, teatrlardagi ko‘plab spektakllar, konsert hamda ko‘rgazmalar, bolalar uchun mahorat darslari va kattalar uchun ijodiy mashg‘ulotlar, shuningdek, dam olish kunlaridagi boshqa tadbirlar.
Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning ma’lum qilishicha, Eriell KAM kompaniyasi Afg‘onistondagi gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 25 yil davomida loyihaga yiliga 100 million dollar sarmoya kiritadi, qazib olingan gazni ham qayta ishlaydi.
Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida O‘zbekiston bo‘ylab 1 million 15 ming 948 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev so‘nggi 4 yilda O‘zbekistonda 30 mingga yaqin yosh IELTS`dan 7 balldan baland natija qayd etganini ma’lum qildi. 8 ball olganlar soni 3 mingga yaqin bo‘lsa, 9 ballik natija qayd etganlar yoshlar soni 30 nafarga yetgan.
O‘zbekiston prezidenti IIO xodimlariga yo‘llagan tabrigida IIV tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar davom ettirilishini ta’kidladi. “Ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart”, — dedi u.
Oybek Shaxavdinov O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi. U mart oyidan beri Vengriyada elchi bo‘lib xizmat qilmoqda, shu haftadan boshlab esa Xorvatiyada ham elchilik vazifasiga kirishgan.
Respublikada dam olish kunlari janubi-g‘arbdan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga biroz soviydi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shanba kuni harorat +13…+15, yakshanba kuni esa +19 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Hukumat qarori bilan kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi tasdiqlandi.
O‘zbekistonda yanvar-sentabr oylarida 693,8 ming nafar chaqaloq tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,2% kam. O‘lim holati avvalgidan ko‘payib, 131,7 ming nafarni tashkil etdi. Mamlakatda 9 oy ichida 179,4 ming nikoh tuzilgan bo‘lsa, 34 mingta ajrim kuzatildi. 193,5 ming kishi O‘zbekistondan chetga ko‘chib ketdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting