Olot tumanidagi maktab o‘quvchisi darsdan so‘ng o‘z xonadonidan chiqib, cho‘milishga borgan. U yerda o‘quvchi suvga cho‘kib ketgan. Uning yonida bo‘lgan tengdoshlari o‘quvchini qutqarishga urinishgan. Marhumning jasadi bir kundan keyin topilgan.
Urgut tumanida joylashgan suyultirilgan gaz quyish shaxobchasiga gaz tushirayotgan vaqtida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda haydovchi va gaz shaxobchasining bir nafar ishchisi voqea joyida vafot etgan.
Milliy test tizimi atrofidagi mojarolar, Shavkat Mirziyoyevning hafta davomidagi ish grafiki, Sirdaryo hokimligi mas’ullarining raqqosalar bilan video uchun ishdan ketishi, kattaqo‘rg‘onlik soliqchi voqeasi — “Gazeta.uz"ning 14 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Adliya vaziri yo‘l harakati qoidalarini buzayotganlarni suratga olganlarni rag‘batlantirish tizimi haqida: «Agar jamoat joyida odam noqonuniy xatti-harakat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, [qoidabuzarlikni to‘xtatish uchun] kerak bo‘lsa, vijdonimni sotishga ham tayyorman», — deya tushuntirdi. U huquqbuzarliklar haqida xabar berayotganlarni haroqat qilmaslikka chaqirdi va hozirgidek tinch zamonda yiliga minglab odamlar yo‘llarda o‘lib ketayotganini eslatib o‘tdi.
Samarqand viloyatida YPX xodimlari tomonidan qo‘lga olinish chog‘ida vafot etgan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosarining ishi bo‘yicha surishtiruvlar davom etmoqda. Marhumning qarindoshlari uning ikki qo‘lida barmoq izlari, bo‘ynida va yuzida shilingan jarohatlar borligini aytishmoqda. Jasadni tekshirgan shifokor esa uning tanasida jarohatlar ko‘rmaganligini, faqatgina o‘ng ko‘z atrofida kichkina shilingan joyi bo‘lganligini ta’kidladi.
Dollarning rasmiy kursi 11,96 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 609,00 so‘m etib belgilandi. Rubl va yevro kurslari esa biroz pasaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda raqqosalar bilan birga videosi tarqalgan Sirdaryo tumani hokimining o‘rinbosari Nurali Mirzayev va tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov o‘z arizasiga binoan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyati Samarqand viloyati sudida ko‘rib chiqiladi. Uning advokati ishni ko‘rib chiqish joyini o‘zgartirishni so‘rab, Oliy sudga ariza kiritdi.
Saudiya Arabistoni 2021 yilgi Haj mavsumini xorijiy ziyoratchilarsiz, faqat mahalliy aholi uchun tashkil etilishi bo‘yicha qarorni qabul qildi. Bu Saudiya Arabistonidagi epidemiologik vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq. Hajga borishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarning navbati keyingi mavsum uchun saqlab qolinishi ma’lum qilindi.
Moskvada epidemiologik vaziyatning yomonlashgani sababli 15−19 iyun dam olish kunlari deb e’lon qilindi, 20 iyunga qadar hayvonot bog‘lari va savdo markazlaridagi fudkortlar yopildi, restoran va kafelar kechki payt ishlamaydi. Talabalar imtihonlarni onlayn topshirishadi. Shunga o‘xshash cheklovlar, faqat dam olish kunlarisiz, Sankt-Peterburgda ham joriy qilindi.
Toshkentda oqova suvlarni tozalash inshootlariga texnik suvlarni oqizish holati bo‘yicha korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’uliga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Avvalroq, ayni shu sabab Sergeli tumanida badbo‘y hid taralayotgani haqida yozgan edik. Bir qator korxonalarning davlat ekologik ekspertizasi amal qilish muddatini oldindan to‘xtatish va shahar kanalizatsiya tarmog‘idan uzish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi.
Jomboy tumanidagi 28-maktabning 7−11-sinflarida tahsil oluvchi ayrim o‘quvchilar o‘z sinfxonalarini ta’mirlash ishlariga jalb qilingani aytilmoqda.
Yaqin kunlarda issiqlik Qozog‘istondan keladigan salqin havo massasi ta’sirida +32…+35 darajagacha pasayadi. Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati yana ko‘tarila boshlaydi.
Jahon banki Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlarning munitsipal xizmatlari va infratuzilmalarini yaxshilash ishlari uchun $100 mln ajratadi.
Sirdaryo viloyati hokimligi tuman mutasaddilariga restorandagi raqqosalar bilan video uchun ishdan bo‘shatish kabi qat’iy chora qo‘llanilishini qayd etdi. Ularga «jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko‘rsatishlari lozimligi» eslatib o‘tildi.
Prezidnet shu hafta oliy ta’lim sohasidagi islohotlar va joriy yilgi qabul jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazadi. Davlat rahbari 17−18 iyun kunlari Andijon viloyatiga boradi.
Alter Ego yirik injiniring kompaniyasi — UzLITI Engineering faoliyati, loyihalari va rejalari haqidagi filmni taqdim etdi.
Kecha O‘zbekistonning 13 ta hududida 303 nafar fuqaroda koronavirus aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 317 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
Isroil parlamenti mamlakatning yangi koalitsion hukumatini tasdiqladi. Unga ko‘ra, 12 yil davomida Isroilning bosh vaziri bo‘lgan Binyamin Netanyaxu o‘z lavozimini tark etdi. «Yamina» partiyasi rahbari Naftali Bennet mamlakat bosh vaziri bo‘ldi. Partiyalar orasidagi kelishuvga ko‘ra, u ikki yildan so‘ng o‘rnini boshqa partiya yetakchisiga bo‘shatib berishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonda 1 aprel holatiga ko‘ra, mobil aloqa tizimiga ulangan abonentlar soni 26 mln. 953,5 mingtani tashkil etgan. Shu jumladan, aholida 24 mln. 795,4 mingta abonentni tashkil etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting