Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov intervyuda ijodkorlarni mutlaq erkin qo‘yish tarafdori emasligini aytdi. “Har bir ijodkor ma’naviy qurol. U kimningdir maqsadi yo‘lida xizmat qilmasligi kerak. Ayni damda tartib va cheklovlar hech kimning huquqini poymol qilmasligi shart”, — dedi vazir.
Yirik korxonalar uchun imtiyozlarni bekor qilish oqibatlarini yumshatish uchun O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganda 2−3 yil oralig‘ida o‘tish davri oladi, dedi Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mubin Mirzayev. U, shuningdek, JSTga a’zo bo‘lishning afzalliklarini qayd etdi.
Toshkentda O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda rivojlanishning yangi yo‘nalishlari tasdiqlandi va milliy sport federatsiyalari bilan memorandumlar imzolandi.
ITIM so‘rovnomasiga ko‘ra, sentabr oyida qishloq xo‘jaligi va sanoatda biznes muhiti sezilarli darajada yaxshilandi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida iqtisodiy faollik pasayishi kuzatildi. Kompaniyalarning umidlari biroz pasaydi, eng sezilarli optimizm pasayishi qurilish va xizmatlarda ro‘y berdi.
Devid Beyker, Demis Xassabis va Jon Jumper 2024-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Olimlarga mukofot sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarini yaratishdagi ishlari uchun taqdim qilindi.
Multicard`dan Visa Direct yordamida dunyoning 90 dan ortiq mamlakatiga valyuta kartalarisiz darhol pul o‘tkazish mumkin. Xalqaro pul o‘tkazmalaridan Uzcard, Humo va Multicard kartalari egalari foydalana oladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi huzurida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi. U davlat xizmatchilarining shaxsiy va professional diagnostikasi, ularning kasbiy bilim darajasini aniqlash maqsadida test sinovlari va psixologik so‘rovlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Yangihayot tumanidagi temiryo‘l hududida 36 yoshli erkak poyezd bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. U temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlagan.
Kogon tumanida teatrga ketayotgan o‘quvchilar bo‘lgan avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashishi ortidan 2 nafar o‘quvchi vafot etgandi. Avtobus haydovchisiga sud hukmi o‘qilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qashqadaryoda o‘simlik dunyosini yaxshilash va tuproq yemirilish eroziyasini oldini olish maqsadida “Selxona tashkil etish” grant loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Qamashi tumanidagi lalmi yer maydonlarda tabiiy qor va yomg‘irlardan hosil bo‘ladigan suvlar bir joyga jamg‘ariladi.
O‘qituvchilarning ish haqi kechiktirilgani haqida xabarlar tarqaldi. MMTV axborot tizimida texnik muammolar bo‘lganini aytdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9-oktabr tongiga qadar o‘qituvchilarning 95 foiziga oylik tushganini ma’lum qildi. Qonunchilikda ish haqi kechikkani uchun kompensatsiya nazarda tutilgan.
Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda marburg virusi isitmasini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani va “jiddiy xavotirga o‘rin yo‘q”ligini bildirdi. Chegaralardagi sanitariya nazorat punktlarining hushyorligi oshirildi, gumonlanganlarni o‘z vaqtida aniqlab, izolyatorlarga alohidalash belgilandi.
Dekabr oyidan beri “O‘zbekiston temir yo‘llari” bosh muhandisi lavozimida ishlab kelgan Husnutdin Xosilov o‘z arizasiga binoan ishdan ketdi. U o‘tgan yili kompaniya raisi lavozimida ishlagan vaqtida tizimda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani ortidan ishdan olingandi.
Prezident farmoni bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etishga ruxsat berildi.
Energetika vazirligi quyosh panellari o‘rnatishga majburlovga uchragan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan telefon raqamlari sonini ko‘paytirdi. Avval e’lon qilingan raqamga 1 sutkadan ko‘proq vaqtda 1232 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Qozog‘iston hukumati AES qurish bo‘yicha beshtagacha davlatni o‘z ichiga oladigan xalqaro konsorsium tuzish niyatida. Yetkazib beruvchilarni tanlash bo‘yicha qaror kelasi yili qabul qilinadi.
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida haydovchi qo‘l tormozini ko‘tarishni unutgani sababli “VAZ-2016” mashinasi Zang kanaliga tushib ketdi. U maxsus texnikalar yordamida olib chiqildi.
Isroil Livan janubida “Hizbulloh"ga qarshi quruqlikdagi operatsiyasini kengaytirganini ma’lum qildi. Guruh Isroil hududiga yuzlab raketalar uchirdi. So‘nggi uch hafta ichida Livanda 1400 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Paraxat Kaipbekov Qoraqalpog‘iston transport vaziri vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. U bungacha xususiy sektorda, shuningdek, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari yig‘ilishida maxsus xizmatlarning tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish, kiberxavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston prezidenti Samarqandda sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga oid konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting