O‘zbekistonda 2025-yil 1-apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bu distribyutorlar uchun cheklangan ustama bazaviy narxning 15 foizini, dorixonalar uchun xarid narxining 20 foizini tashkil etardi.
Raqobat qo‘mitasiga 2024-yilda elektron tijorat sohasiga oid 1328 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 81,9 foizi ijobiy hal etilgan. Muammolarning aksariyati maishiy texnikaning nuqsonli ekani bilan bog‘liq.
Mirobod tumanida avtobus haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urildi. YTH oqibatida tan jarohat olganlar yo‘q.
O‘zbekiston Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) ochilgan ikkinchi Islom san’ati biyennalesida ishtirok etmoqda. Mamlakat noyob muzey ashyolari, jumladan, VIII asrga oid Kattalangar Qur’oni, XVI asrga oid “Zij-i Ulug‘bek"ning astronomik jadvallari va boshqa artefaktlarni namoyish qilmoqda.
Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev hukumatdan hozirgi dunyo voqeligi kontekstida “belni mahkam bog‘lab, imkoniyatga yarasha yashashni” talab qildi. Shuningdek, u Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni “yangi bosqichga” ko‘tarishi zarurligini ta’kidladi.
2024-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 5,3 mln so‘mdan oshdi, bu 2023-yilga nisbatan 17,4% ko‘p. Bu, shuningdek, so‘nggi yetti yildagi eng past o‘sish sur’ati (pandemiyali 2020-yildan tashqari). Toshkentda ko‘rsatkich 9 mln so‘mdan ortdi (+21,4%). O‘qituvchi va shifokorlarning maoshi sekinroq o‘smoqda.
Seshanba kuni Toshkent havosi yil boshidan beri eng iflos darajaga yetdi. Aholi kun bo‘yi ijtimoiy tarmoqlarda bu havodan nafas olish xavfsizmi, kabi savollarni berdi. Ammo doimgidek na javob, na maslahat, na biror tavsiya taqdim qilindi.
2025-yilda O‘zbekistonda aholi xonadonlari, kichik biznes va ijtimoiy soha obyektlari energiya iste’molining kamida 40 foizi muqobil energiya manbalari — quyosh panellari va quyosh kollektorlarini o‘rnatish hisobiga qoplanadi. “Bu vazifaning bajarilishi so‘zsiz ta’minlanadi”, — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha menejeri, rossiyalik Ilya Puts olti oydan beri ish haqi to‘lamagani uchun Enter Engineering ustidan shikoyat qildi. Chilonzor tumani bandlik bo‘limi yordami bilan unga 57 ming dollar to‘lab berildi.
Tarmoqqa yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlarini ulash uchun O‘zbekistonda 7000 km magistral tarmoq quriladi, bu esa hududlarda energiya balansini ta’minlaydi — bir viloyatda yetishmovchilik bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar joriy etiladi. Bu uchun 4 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi.
Davronbek Sattarov Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Uzbekistan Airways`ning Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan reysida o‘g‘il chaqaloq tug‘ildi. Jarayonga yo‘lovchilar orasida bo‘lgan shifokor-akusher va jarroh o‘z yordamini ko‘rsatdi. Shu sababli ekipaj Islandiyaning Keflavik shahridagi zaxira aerodromiga majburiy qo‘ndi.
O‘zbekistonda 3−18 yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Yil yakunigacha xizmatlar bilan 2 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olinadi. Bu ularning onalari uchun ishlash va ta’lim olish imkoniyatini yaratadi.
Uzbekistan Airways bu yil 7 mln yo‘lovchi tashishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi kompaniya rahbari Shuxrat Xo‘doyqulov. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich har yili taxminan 1 millionga oshmoqda. O‘sayotgan talabni qondirish uchun aviakompaniya 2025-yil to‘rtta yirik samolyot sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Prezident 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini kamida 6 foiz darajasida saqlab qolish va YAIM hajmini 125 mlrd dollardan oshirish vazifasini qo‘ydi. Rahbarlarga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15−20 foizgacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Binance kriptobirjasi O‘zbekistonda rasman ish boshladi. Platformada bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish imkoni yaratildi.
Uzbekistan Airways Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) hisobotidan so‘ng Yevropaga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi. Endi kompaniya samolyotlari Ozarbayjon va Turkiya orqali Rossiyani chetlab o‘tmoqda. Parvoz vaqti 30−40 daqiqaga uzaygan bo‘lsada, kompaniya tariflarni oshirmagan.
O‘zbekistonda jami quvvatlardagi “yashil” energiyaning ulushini 16 foizdan 26 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 300 mln dollar jalb qilinadi. Prezident resurs tejaydigan iqtisodiyot modelga o‘tish vaqti kelganini aytdi.
O‘zbekistonda 2 yil ichida aholi va xo‘jalik subyektlarini kamida 50 foiz tomlarini quyosh panellari bilan qoplash rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2 yil ichida 3 mingga yaqin kichik gidroelektrostansiyalar qurish ko‘zda tutilgan.
Senatorlar haydovchilarni tayyorlash, imtihonlar o‘tkazish va guvohnomani berish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Avtoraqamlarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, berish, ulardan foydalanish yoki qalbakilashtirish ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting