Uy-joy narxlari keskin oshishi tufayli aholining xarid qobiliyati pasayib, ko‘chmas mulkning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi tafovut 24 foizga yetdi, deya qayd etdi Markaziy bank. Kvartiralar asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun emas, balki investitsiya obyekti sifatida ko‘proq sotib olina boshlagan.
O‘zbekistonlik Damir Musayev AQShning Yel universitetida genetika yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, fan doktori bo‘ldi. Uning tadqiqotlari genetik kasalliklarni davolashning yangi usullarini topishga qaratilgan.
Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Atom energiyasi agentligi tashkil etilmoqda, u Energetika vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tadi. Agentlik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, xo‘jalik jamiyatlari tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqini oladi.
26−27-may kunlari Toshkentning ayrim ko‘chalarida transport harakati cheklanadi. Haydovchilarga shu kunlarda poytaxtga kelmaslik tavsiya etilmoqda. Avtomobillar harakati cheklanishi rejalashtirilgan ko‘chalar ro‘yxati keltirilmadi.
Visit Shymkent sayyohlik agentligi Qozog‘istonning Chimkent va Turkiston kabi shaharlaridagi qiziqarli joylar haqida o‘rtoqlashdi.
Yangi o‘quv yilidan OTMlarda davlat granti ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi va ta’lim granti sifatida ajratiladi. Ta’lim granti faqat birinchi yil uchun beriladi, keyinchalik yuqori reytingga ega talabalar o‘rtasida taqsimlanadi. Grantda o‘qiganlarning 3 yilgacha ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.
Iqtisodchi Botir Qobilov AQShdagi Garvard biznes maktabida doktorlik darajasini olgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi. “Gazeta.uz” kolumnisti sifatida u iqtisodiyot, ekologiya va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega mavzularda 10 dan ortiq maqolalar yozgan.
Sharof Rashidov tumanida Lacetti avtobus bilan to‘qnashishi oqibatida 2 kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi. Yengil mashinaning 21 yoshli yo‘lovchisi voqea joyida vafot etdi. Jizzax viloyati IIB fuqarolar tarmoqlarda aytilgani kabi maktab bitiruvchilari emasligi, ular to‘yga ketayotgan bo‘lganini bildirdi.
18−19-may kunlari Humo Arena muz saroyida bo‘lib o‘tgan VI xalqaro Makon Marketing forumida Pure Milky fermentlangan sut mahsulotlari kompaniyasi nufuzli “2023-yil brendi” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2024−2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili kuchga kiradi. Abituriyentlar to‘plagan balidan kelib chiqib, o‘z tanloviga ko‘ra ta’lim muassasasini tanlaydi. Bakalavriatga qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi. Batafsil.
2024−2025 o‘quv yilidan davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi. Parametrlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlanadi.
Karmana tumanidagi 30-maktabning 6-sinf o‘quvchisi cho‘kib ketib vafot etdi. Holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Yakkasaroy tumanida yangi qurilayotgan turar joy chuqurida payvandlash ishlarini olib borayotgan ishchini tuproq bosib qoldi. FVV qutqaruvchilari uning hayotini saqlab qoldi.
BMT Xalqaro sudi Isroilga Rafahdagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. Sud, shuningdek, Isroildan gumanitar yordam uchun chegara punktini ochish va tergovchilarga G‘azoga kirishga ruxsat berishni talab qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirgi front chizig‘ini saqlab qoluvchi sulh tuzish orqali Ukrainadagi urushni to‘xtatishga tayyor, deb yozdi Reuters. Agar Ukraina va G‘arb bunga rozi bo‘lmasa, Putin urushni davom ettirishga ham tayyor.
Samarqand shahrida futzal bo‘yicha Jahon chempionatining qur’a tashlash marosimi o‘tkazilishi munosabati bilan Registon ansambliga kirish 24−25-may kunlari cheklanadi, 26-may kuni esa maydon yopiladi.
Prezident maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida ularning har biri o‘ziga xos ekanini ta’kidlab, orzu qilishdan to‘xtamaslikka, xatolardan saboq olishga chaqirdi. U yangi g‘oyalar va ishtiyoq nafaqat ularning, balki butun O‘zbekistonning hayotini o‘zgartirishi mumkinligini aytdi.
Markaziy bank tomonidan banklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, valyuta kursining o‘zgaruvchanligi O‘zbekiston moliya tizimi uchun asosiy tizimli xavf hisoblanadi. Bundan tashqari, inflyatsiyaning tezlashishi, geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi va boshqalar ham keltirilgan.
Marg‘ilon shahrida 2006-yilda tug‘ilgan yigit o‘zidan 6 yosh katta fuqaroga o‘tkir tig‘li jism bilan hujum qildi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi. Jarohatlangan yigitning hayoti saqlab qolindi.
4 ta kinopremyera, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” munosabati bilan bepul konsertlar, Jaloliddin Ahmadaliyev konserti, yarmarkalar, spektakllar, chegirmalar, ko‘rgazmalar va dam olish kunlaridagi boshqa qiziqarli tadbirlar — Afisha.uz jamlanmasida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting