Namanganning Chust tumanida tadbirkorlar o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanish orqali 2,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalandi. Andijon shahrida ta’lim muassasasi 892 mln so‘m zarar yetkazdi. Ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Avtomobil oldi-sotdisida firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib 2015-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyadan deportatsiya qilindi. Istanbuldagi bosh konsulxona undan jabr ko‘rgan fuqarolardan IIVga murojaat qilishni so‘radi.
Samarqand shahrida 5 nafar erkak qo‘lbola usulda yasalgan spirtli ichimlik ichish oqibatida halok bo‘ldi. Mahsulotni sotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqandda ikkita holatda qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 800 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Ekologiya vazirligi Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilgani sababli 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketganini ma’lum qildi.
Toshkentda BYD haydovchisi svetoforning yashil chirog‘ida harakatlanmoqchi bo‘lib, Nissan mashinasiga borib urildi. U esa zarbdan qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarni bosib ketdi. Ikki kishi jarohatlandi.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha transport-logistika tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinadi. Transport vaziri “muammoli mamlakatlar” orqali o‘tish uchun muqobil yo‘laklar aniqlanishini aytdi. Xitoy, Ukraina, Moldova va boshqa davlatlar bilan transport shartnomalari ko‘rib chiqiladi.
Prezident 2025-yilda Toshkentga yana 1000 ta yangi avtobus olib kelishni buyurdi, dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Avvalroq hokimlik BYD bilan K9UD eBus elektrobuslarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgandi. QR-chipta xarid qilish uchun bekatlarda qo‘shimcha 675 ta infokiosk o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan BAA poytaxti Abu Dabiga yetib bordi. Davlat rahbarini aeroportda vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayon kutib oldi. U ertaga barqaror rivojlanish haftaligi xalqaro sammitida ishtirok etadi.
Piskentdagi poligonda yana import mashinalarni sinovdan o‘tkazishda navbat paydo bo‘ldi. UzTest elektron navbat olish tartibini o‘zgartirmoqchi: sinov vaqti 20 dan 15 daqiqaga qisqaradi, bu kuniga 96 ta mashinani tekshirish imkonini beradi. Ammo bu quvvat avtoimportning kunlik o‘rtacha hajmidan 2,3 baravar kam.
Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bir qator harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini orden va medallar bilan taqdirladi.
Toshkent xalqaro aeroportida mushuklar uchun uylar o‘rnatildi. Ekologik materiallardan yig‘ilgan uyda isitish va sovitish tizimlari o‘rnatilgan. “Mamlakat haqidagi tasavvur aeroportdan boshlanadi va bunday uychalar butun mamlakatning munosabati ko‘rsatkichidir”, — deya qayd etdi Uzbekistan Airports.
Janubiy Koreya hukumati mamlakat aeroportlaridagi radiomayoqli konstruksiyalarni almashtirmoqchi. Bunday qarorga Boeing 737−800 Jeju Air samolyoti halokatga uchragach, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, bunday to‘siqqa urilgani sabab bo‘ldi. Hodisada bortdagi 181 kishidan 179 nafari halok bo‘lgan.
Jahon banki navbatdagi hisobotida O‘zbekistonni mamlakatda iqtisodiyot o‘sishi, ish o‘rinlari yaratish va jahon savdosiga integratsiyalashish uchun xizmatlar sohasini isloh qilishga chaqirdi va qator tavsiyalar berdi.
13 va 14-yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab iliq havo saqlanib qoladi, harorat +13 darajagacha isiydi. Hafta o‘rtasi ko‘p bulutli bo‘lishi kutilmoqda, biroq mamlakatning aksariyat qismida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati 2−3 darajaga tushadi.
Paynet kompaniyasi Milliy banklararo protsessing markazi — Humo to‘lov tizimining ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotib oldi. Kompaniya 3 nafar talabgordan eng yuqori narx — 65 mln dollar taklif qilgan.
Olti kundan beri Los-Anjeles bo‘ylab keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. Tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 kishiga yetdi, 12 mingdan ortiq bino, jumladan, turar joy binolari, maktablar va cherkovlar vayron bo‘ldi yoki zarar ko‘rdi.
Oliy sud Komil Allamjonov atrofidagi 7 nafar fuqaroning (qo‘riqchilar, haydovchi va boshqalar) shikoyatlarini ko‘rib chiqishni boshladi. Advokatning aytishicha, ular asossiz ravishda 15 sutkaga qamoqqa olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish sud-huquq tizimidagi “ko‘p sonli kamchiliklarni” ochib beradi.
O‘zbekistonda elektrotexnika eksportini yiliga 3 mlrd dollarga, ishlab chiqarish hajmini esa 50 trln so‘mga yetkazish reja qilinmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni uch yil muddatga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.
MTRKning 2025-yilga mo‘ljallangan budjeti 1,6 barobarga oshib, 881,3 mlrd so‘mga yetdi. Uning vazifasi odamlar ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, islohotlarni yoritish va boshqalardan iborat. Mamlakat ichki va tashqi siyosatini xolis yoritish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zA budjeti ham ko‘paydi.
O‘zbekiston parlamentida muxolifat huquqlariga oid qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda. Muxolifat vakillari 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi mumkin. Avvalroq prezident parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytgandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting