O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan 3-sentabr kuni Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi tashkil qilindi. O‘zbekistonning 16 shahridan 100 mingga yaqin yuguruvchilar ishtirok etdi.
Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali faollar zali tomidan plita qulab tushdi. Universitet xabar qilishicha, voqea sabab ikki talaba jarohatlangan.
Turkiyada gimnastika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan World Challenge Cup series musobaqasida Oksana Chusovitina oltin, Abdulaziz Mirvaliyev kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Marhamat tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi bolalar tanasining turli qismlariga tarsaki tushirgani aniqlandi. U lavozimidan ozod etilib, bog‘cha rahbariyatiga intizomiy chora qo‘llandi.
O‘zbekiston budjet ko‘rsatkichlari yomonlashishining sabablaridan biri — elektr energiyasi tariflari islohoti keyinga qoldirilgani, deya qayd etdi Fitch agentligi. To‘liq miqyosdagi energetika islohoti qanchalik uzoqqa cho‘zilsa, yil oxirida 5,1 foiz bo‘lishi kutilayotgan budjet taqchilligi shunchalik sekin pasayadi.
O‘zbekiston hududida haftaning birinchi yarmida +26…+29 daraja, ikkinchi yarmida +29…+32 darajagacha ko‘tariladi. Havo asosan havo quruq va kam bulutli bo‘ladi. Kechasi va ertalab salqin bo‘ladi.
Tijorat banklari 4-sentabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 12 040−12 070 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 12 110−12 165 so‘m.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ayrim davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Joylarga chiqib ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qo‘shimcha bir maralik to‘lov undiriladi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatiga yangi investitsiya qonunchiligini tayyorlashda yordam beradi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Dushanbadan Toshkentda yettita yangi avtobus yo‘nalishi va eng tig‘iz vaqtlarda ishlovchi uchta vaqtincha ekspress yo‘nalish tashkil etildi. Avgust oyi oxirida uchta yo‘nalish harakati qisqartirildi.
Toshkent viloyatida 4-sentabrdan boshlab tezlikni nazorat qiluvchi 11 ta mobil radarlar ish boshladi. Ro‘yxat.
Prezident qarori bilan Toir Alimatov qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.
O‘zbekistonda yangilangan asosiy dori vositalari ro‘yxati (ADVR) tasdiqlandi. Undan 65 guruhga mansub dorilar o‘rin egallagan. Ro‘yxatdan tibbiyot muassasalari ehtiyojini tahlil etish, bunday dorilar mavjudligini monitoring qilish, narxini shakllantirish va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
Tarmoqlarda “zapravka”lar uchun kunlik gaz limiti kiritilayotgani haqida xabar tarqaldi. Energetika vazirligi shartnomalarda “soatlik, kunlik, oylik va yillik” hajm belgilanishi mumkinligi ko‘rsatilganini bildirdi. Iste’molchilar qo‘shimcha gaz so‘rab murojaat qilishi mumkin, deydi vazirlik.
Vengriyada bo‘lib o‘tgan 35-Xalqaro informatika olimpiadasida Dilyorbek Valijonov va Dilshodbek Xo‘jayev bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston uchun ushbu fan bo‘yicha olimpiadadagi ilk medallar bo‘ldi.
Parijda o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasida Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritdi. U iyun oyida ham Rimda o‘tgan ushbu musobaqada chempion bo‘lgandi.
Namangan shahrida aeroportning rekonstruksiya qilingan uchib kelish terminali ochildi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish maydoni 720 kv. metrdan 1756 kv. metrga yetdi. O‘tkazuvchanlik esa 3 barobar oshdi. Jo‘nab ketish terminalini rekonstruksiya qilish sentabr oyida boshlanadi. Foto.
Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.
2009-yildan buyon yopiq bo‘lgan Andijon viloyatidagi “Mingtepa” va “Xonobod” o‘zbek-qirg‘iz chegara bojxona postlari ochildi. Ularning birinchisi kunduzgi vaqtlarda, ikkinchisi esa uzluksiz faoliyat olib boradi. Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga chegaradan ID karta orqali o‘tishga ruxsat berilgandi.
Urbanist Iskandar Soliyev Respublika bolalar kutubxonasi yonidagi chorrahani rekonstruksiya qilish konseptini taklif etdi. “Avval piyodalarga, keyin velosiped va samokatlar, so‘ngra avtomobillarga ustuvorlik beriladi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak”, — dedi u. Hozir chorrahada mashinalar gavjum.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting