Markaziy bankning bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi ilk bor 12 900 so‘mdan oshdi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 2023-yilning shu davridagi 10,2% ga nisbatan 4,56% qadrsizlandi.
Jahon banki “Milliy elektr tarmoqlari” Xorazm viloyatidagi yangi quyosh elektr stansiyasidan elektr energiyasi xarid qilishi uchun O‘zbekistonga bank kafolati ko‘rinishida 3,5 mln dollar ajratdi. Uni Fransiyaning Voltalia kompaniyasi quradi.
Tadbirkor, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident bilan uchrashuvda poytaxtda “yagona ekotizim doirasida” 1200 o‘rinli oltita yangi mehmonxona ochish rejalari haqida ma’lum qildi. Shuningdek, u Klivlenddagi Amerika tibbiyot markazi bilan birgalikda katta klinika qurishni rejalashtirgan.
16-dekabr kuni O‘zbekiston bozorida Chery brendining ikki yilligi munosabati bilan ADM Global kompaniyalar guruhi keng ko‘lamli dilerlik konferensiyasini o‘tkazdi, uning asosiy voqeasi yangi Chery Tiggo 2 Pro krossoveri taqdimoti bo‘ldi.
Gruziyaning TBC Bank Group guruhi vakili Oliver Xyuz banklarga foydalanuvchi ma’lumotlarini “bulut"da saqlashga ruxsat berishni so‘radi. Prezident aqliy hujum o‘tkazish va takliflar kiritishni buyurdi. “Gap fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida ketyapti… Bu yerda xato qilishga haqqimiz yo‘q”, — dedi u.
Uch yillik monetizatsiya tarixida ilk marta Telegram daromadga chiqdi, deb xabar berdi uning asoschisi Pavel Durov. 2024-yilda Telegram Premium obunachilari soni 12 milliondan oshdi. Kompaniya “kriptoaktivlarni hisobga olmaganda, 500 mln dollardan ortiq naqd pul zaxiralari bilan yilni yakunlamoqda”.
Mudofaa vaziri, general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi raisi etib saylandi.
Janubiy Koreya Rossiyaning Kursk shahrida o‘tgan janglarda kamida 100 nafar Shimoliy Koreya askari halok bo‘lgani, 1000 dan ortiq askar yaralanganini ma’lum qildi. Shuningdek, Pxenyan qo‘shimcha kuchlar yuborishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. KXDR Rossiya-Ukraina urushiga 10−12 ming nafar harbiy yuborgani aytiladi.
Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad ajrashish uchun ariza berdi, u sog‘lig‘idagi muammolar sababli Moskvadan o‘zi tug‘ilgan Londonga ketmoqchi, deb yozdi Haberturk nashri. Rossiya prezidenti matbuot kotibi esa bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.
O‘zbekistonda gibrid avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, mototsikl va tirkamalar uchun raqam belgilarini berish uchun to‘lovlar kamaytiriladi. Moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi BHMning 1,5 baravarini, raqam berish ham 1,5 baravarni tashkil etadi.
2024-yilning so‘nggi ish haftasi yog‘ingarchiliksiz o‘tishi kutilmoqda. Havo harorati kunduzi +10, janubda +15 darajagacha isiydi. Kechalari kuzatilayotgan sovuqlar asta-sekin kuchsizlashadi.
Toshkent metrosi ilk marta Yangi yil bayrami munosabati bilan 31-dekabr kuni soat 05:00 dan 1-yanvar soat 02:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Raqobat qo‘mitasiga yil boshidan buyon ko‘p qavatli uylar qurilishi bilan bog‘liq 1700 ga yaqin murojaat kelib tushdi, 129 ta korxonaning shartnomalarida qator qoidabuzarliklar, jumladan, loyihalarni topshirish muddati belgilanmagani aniqlangan. Qo‘mita shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqishni so‘radi.
Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik erkak o‘zi bilan birga yashagan, O‘zbekistonda tug‘ilgan ayolni o‘ldirib, uning jasadini uy yerto‘lasiga yashirdi. Erkak vataniga qaytgach, huquq-tartibot idoralariga o‘z jinoyati haqida xabar bergan.
O‘zbekistonda gaz qazib olish noyabr oyida ham pasayishda davom etdi va 3,67 mlrd kub metrgacha tushdi (2023-yil noyabriga nisbatan -3,3 foiz). Ko‘rsatkich 11 oyda deyarli 2 mlrd kub metrga kamaydi. Dizel ishlab chiqarish 37,1 foizga, benzin 12,4 foizga, neft 8,7 foizga kamaydi.
AQSh Belarusda yashayotgan amerikaliklarni mamlakatni tark etishga, shuningdek, u yerga bormaslikka chaqirdi. Bunga “Belarus rasmiylarining mahalliy qonunlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirayotgani, hibsga olish xavfi va tartibsizliklar ehtimoli” sabab qilib ko‘rsatilgan.
Prezident farmoni bilan hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Farmonga ko‘ra, hokimliklarga balansidagi ko‘chmas mulklarni muayyan shartlar asosida tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yilga ijaraga berish vakolati berilmoqda.
O‘zbekiston 2025-yilda Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Tadbir 2025-yilning 24-noyabr-5-dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Avazjon Karimov sport vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar vazir maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Prezident qarori bilan kurash sport turini ommalashtirishga oid bir qancha chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab Xalqaro kurash instituti faoliyatini moliyalashtirish Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetidan respublika budjetiga o‘tkaziladi hamda har yili 4,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting