Shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida sovuq va quruq ob-havo kuzatiladi. Harorat kechalari −5…−10, kunduz kunlari 0…−5 darajagacha pasayadi. Shimol va cho‘l hududlarda −22 darajagacha sovuq tushishi mumkin.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida gaz quvuridan uzilgan zavod xodimlari norozilik uyushtirdi. Viloyat IIB tashkilot shartnomaga ko‘ra gazdan uzilganini ma’lum qildi. «O‘zboshimchalik bilan jamoat tartibiga qarshi noroziliklarni uyushtirgan» xodimlarga 5−10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 8-dekabr kuni O‘zbekistonda kunlik kovid statistikasi biroz kamayib, 122 kishining virusga chalingani ma’lum qilindi. Hududlar kesimida poytaxt (66 nafar) birinchi o‘rinda.
Tijorat banklari 9 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 205 — 11 280 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 315 so‘m.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Abdumavlon Abdullayev 92 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev uning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Abdumavlon Abdullayev g‘o‘za genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan edi.
Vladimir Putinning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan «uch tomonlama gaz ittifoqi» to‘g‘risidagi taklifi siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmaydi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Bu tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida», — dedi u.
Yangibozor tumanida fuqaro va uning nevarasi uyda vafot etdi. Ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani aytilmoqda.
1 dekabrdan yo‘llarda qoidabuzarlik uchun jarima ballarni hisoblash test rejimida boshlandi. Xo‘sh, jarima ballarini kuzatib borsa bo‘ladimi? Qoida buzmagan haydovchilar rag‘batlantiriladimi? Jarimalar 12 balldan oshsa nima bo‘ladi? Shu va boshqa savollarga «Gazeta.uz» bilan suhbatda YHXX boshlig‘i javob berdi.
Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda 7 ta viloyatda yer osti suvlari sathi 5 metrgacha pasayib ketgani ma’lum qilindi. Shuning uchun 2024 yil 1 yanvarga qadar yer osti suvlari inshootlarini hisoblagich bilan jihozlash majburiyati qo‘yildi.
Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi, qirg‘iz tomoni xabar qilganidek, ushbu haftada emas, keyinroq bo‘lib o‘tadi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ning O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasidagi manbasi.
Time jurnali Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni 2022 yil yakunlariga ko‘ra, «Yil odami» deb topdi. Jurnal, shuningdek, eronlik ayollarni «Yil qahramonlari» deb e’lon qildi.
Qarshi shahrida piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan voyaga yetmagan fuqaroni urib yuborib, ketib qolgan Cobalt haydovchisi qidiruvda edi. Xabar berilishicha, haydovchi topilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari topshirig‘iga asosan 2023-yilning 1-martigacha davlat muassasasiga qarashli mashinalarga gazdan foydalanishni vaqtincha taqiqlanadi. Shuningdek, 2 oy muddatga AI-80 benzini importi va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘i undirish bekor qilinadi.
Sardor Umurzakov aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan ta’minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etish maqsadida Energetika, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
402 kishini afv etgan prezident, Afg‘onistondagi temir yo‘l liniyasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston, «blekaut»dan ogohlantirgan energetika vaziri, gaz va elektr muammolaridan qamalmaganlar noliyotganini aytgan deputatning vakolati tugatilgani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Prezident Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida unga kiritilayotgan o‘zgartishlarga to‘xtaldi. Bu islohotlarni «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda», — dedi u.
O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan 402 kishi, jumladan, 17 nafar xorijlik va 63 ayol afv etildi. Xususan, 223 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 58 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Ishdagi kamchiliklar va O‘zbekiston energetika tarmog‘ida cheklashlar kiritish tartibini buzganlik uchun «Milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi, «Hududiy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, Qashqadaryo HETK filiali direktori va «Toshshaharnur» DUK rahbariga hayfsan berildi.
Pastdarg‘om tumanidagi 37-son manzil-koloniyada ikki mahkumning janjallashishi oqibatida ulardan biri vafot etdi. IIV huzuridagi JIED axborot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 6 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent hokimligi ko‘cha, mahalla va boshqa obyektlarga nom berish bo‘yicha aholi takliflarini qabul qilish uchun maxsus saytni ishga tushirdi. Unda 11 dekabrgacha yangi metro bekatlari nomini taklif qilish mumkin. Takliflar qanday mezonlarga javob berishi kerak, ovoz berish qanday o‘tadi va boshqalar haqida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting