Shahrisabz tumanida sayyor kassaning buxgalter-nazoratchisi va kassiri 150 nafar fuqaroning mart, aprel va may oylari uchun pensiya va nafaqa pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi. Ular tekshiruv vaqtida 100,5 mln so‘mlik zararni to‘liq qoplagan. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Turizm vazirligi O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishni taklif qildi. Sayohatni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylashtirish, pandus, lift va ovozli ma’lumotnomalarni o‘rnatish, imtiyoz va chegirmalar berish — 5 yilga mo‘ljallangan dastur haqida batafsil «Gazeta.uz» materialida.
Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» bozori hududida 800 mm diametrli magistral issiqlik tarmog‘i quvuri yorilib ketdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bunga kuz-qish mavsumiga sinov-tayyorgarlik ishlari sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva bozor mexanizmlari joriy etilishiga qaramasdan, O‘zbekiston ijtimoiy davlat bo‘lib qolaverishini ta’kidladi. Bozordagi narxlar bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, u bunga tashqi omillar ta’sir qilayotganini aytdi.
Andijonda ichki ishlar xodimi Human.uz jurnalistiga bozorda shakar uchun navbatda turganlarni tasvirga olishiga to‘sqinlik qildi. IIV navbatda turgan fuqarolar tomonidan tasvirga olishga e’tirozlar bildirilganini ta’kidladi, biroq nashr buni rad etib chiqdi. Jamoatchilik jurnalistni himoya qilmoqda.
DXX Sirdaryo YPX maskanida o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaroning avtomobili yukxonasida 4,5 kg «gashish» moddasi borligi aniqlandi. Tadbir davomida gumonlanuvchining qashqadaryolik sherigiga tegishli xonadondan yana 11 kgdan ko‘proq «gashish» chiqdi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Senat alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’molini cheklashga oid qonunni rad etdi. Senatorlar normalardagi ziddiyat va huquqni qo‘llash amaliyoti yetarlicha o‘rganilmaganini ta’kidladi. Qonun mahalliy pivo va vinolarni reklama qilishga ruxsat beruvchi qonunga muvofiqlashtirilishi kerakligi aytildi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbarini qabul qilib, O‘zbekiston Amerika tomoni bilan mudofaa sohasida davlatlararo munosabatlarni faollashtirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Senatorlar 2017 yildan beri Oliy sud raisi sifatida ishlab kelayotgan Kozimjon Komilovni prezident taqdimnomasiga muvofiq, lavozimga qayta saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Urgutda fuqaro o‘zining otasi va akasi bilan janjallashib, ularni bolta va pichoq bilan urib, o‘ldirib qo‘ydi. Shundan so‘ng, u tuman IIBga borib, aybiga iqror bo‘lgan va ularning jasadini uyining tomorqasiga ko‘mib yuborganini aytgan. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hafta davomida quruq va kam bulutli ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, kunduzi harorat +42 darajagacha ko‘tariladi, kechalari esa +21 daraja atrofida bo‘ladi. Dushanba va seshanba kunlari tog‘li hududlarda sel kelish xavfi mavjud.
Dushanba kuni FVV xodimlari Chiroqchi tumanida chuqurligi 25 metr bo‘lgan artizan qudug‘iga tushib ketgan 6 yoshli bolakay qutqarib olindi. Qutqarish ishlariga ekskavator, greyder va boshqa texnikalar jalb etildi. Hozirda bolaning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan (Sevimli telekanali tasvirchisini kaltaklaganini aytgan) IIV va Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishiga umid bildirdi. Agentlik barcha davlat organlarini jurnalistlar mehnatini hurmat qilishga chaqirdi.
O‘zbekistonlik para suzuvchi Islam Aslanov Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha 11 iyun holatiga jami 20 148 ta taklif kelib tushdi, shuni 70 foizidan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan yo‘llangan. Hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
Deputatlar referendum to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladi. Unga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar vakolatlarini aniqlashtirish, komissiyalar qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, kuzatuvchilarning huquqlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
IIV ichki ishlar xodimlari kaltaklagani aytilgan Sevimli telekanalining tasvirchisi stadionga kirishga uringan olomonning janjali vaqtida jabrlanganini ma’lum qildi. «Jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.
Quva tumanida YPX inspektori fuqarolardan pora olishga uringanlikda gumonlanmoqda. U o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida o‘zini nosamimiy tutib ketib qolgan. To‘plangan hujjatlar prokuraturaga oshirildi.
Sevimli telekanali O‘zbekiston-Iroq o‘yinini videoga olayotgan tasvirchi bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganini xabar qildi. Xodimlar keyin uzr so‘rashgan va voqea haqida xabar bermaslikni talab qilishgan. Telekanal yangilikni o‘chirib tashladi.
Buxoroda markaziy magistraldagi nosozlik tufayli bir kun avval uzilib qolgan suv ta’minoti to‘liq tiklandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting