AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonning milliy immunizatsiya tizimini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston SSVga sovuq zanjirli uskunalar va kompyuterlarni topshirdi. Uskunalar 671 ta sovutgich, 212 ta muzlatgich va 150 ta kompyuterdan iborat bo‘lib, umumiy qiymati 1,3 mln dollarni tashkil etadi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi yo‘llarda ketayotgan ta’mirlash ishlari sababli Markaziy temir yo‘l vokzali yaqinidagi 6 ta yo‘l kesishmasida mashinalar harakati qisman cheklanadi.
Uzcard pensioner va nafaqaxo‘rlarga bir martalik yordam puli tarqatish haqidagi xabarlar fonida firibgarlar tomonidan fuqarolarning plastik karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinishlar ko‘payganligi haqida ogohlantirdi. Prezident farmoni bilan ajratilgan ijtimoiy yordam puli bir martalik pul o‘tkazmalari bo‘lib, ular avtomatik tarzda o‘tkaziladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qahramoni Lola Murotovaning 64 yoshida vafot etgani munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Atoqli fermer, qishloq xo‘jaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, kamtarin va samimiy inson Lola Murotovaning yorqin xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi ta’ziyada.
Ijtimoiy tarmoqlarda R. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining o‘quvchisi 3-qavatdan mushukni uloqtirgani aks etgan video tarqaldi. Voyaga yetmagan yigitning otasiga nisbatan bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmaganligi bo‘yicha protokol tuzilib, u jarimaga tortildi.
Andijon viloyatida kredit asosida 200 ming donadan ortiq tovuq tarqatilgan aholi parrandalarning nobud bo‘layotganligi, kam tuxum qo‘yayotganligi va immuniteti pastligidan shikoyat qilmoqda. Kun.uz nashri bitta tovuq aholiga o‘rtacha bozor narxidan ancha qimmatga tushayotganligi haqida yozdi. Viloyat hokimligi va tovuqlarni yetkazib bergan korxona tovuqboqarlarni tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmaganlikda aybladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 1 iyun — Bolalar kuni munosabati bilan barcha bolalarga 200 ming so‘mdan berilishiga oid xabarlar mutlaqo yolg‘on, deb ma’lum qildi Pensiya jamg‘armasi direktori Abdulaziz Haydarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, 200 ming so‘mlik nafaqa pullari faqat kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan, 18 yoshga to‘lmagan 4 mlndan ortiq bolalargagina beriladi.
O‘zbekistonda hafta davomida harorat asta-sekin ko‘tarilib, +35…+37 darajagacha isiydi. Faqat tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.
Ishtixon tumanida Buxorodan kelayotgan sayyohlik avtobusi «Kamaz» bilan to‘qnashib ketdi. Buning oqibatida haydovchining sherigi voqea joyida vafot etdi, bir nafar ruminiyalik sayyoh esa yengil tan jarohati oldi.
Prezident qaroriga muvofiq Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2022 yil hosilidan 2 550 ming tonna bug‘doy sotib oladi. Olis va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazishda transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi. Donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni tezkor va shaffof amalga oshirilishi uchun d-xarid.uz axborot tizimi ishga tushiriladi.
Nodirbek Abdusattorov 5th Sharjah Masters 2022 shaxmat turniri g‘olibiga aylandi. Abdusattorov BAA vakili Salem Saleh bilan bir xil ochko jamg‘argan bo‘lsada, o‘zaro bahsdagi g‘alaba evaziga birinchi o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston qahramoni, «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova vafot etdi. Avvalroq, u og‘ir xastalik bilan viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazida davolanayotgandi.
Andijon va Toshkent viloyatida fuqarolarni qo‘shni davlatlardagi OTMlarga, Jizzax viloyatida esa fuqaroni mahalliy texnikumga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi.
Madaniy meros agentligi direktori Shaxriyor Nurulloyev o‘z lavozimidan ozod etildi. U ushbu lavozimda 5 oygina faoliyat olib bordi.
«Menimcha» ko‘rsatuvida O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatiga nega ruxsat berilmaganiga izoh berildi. O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bukmekerlikni jamoatchilik yaxshi qarshi olmaganligini qayd etdi. Biroq u bukmekerlikni taqiqlash ham muammoga yechim bo‘lmasligini ta’kidlab, sohani nazoratga olish bo‘yicha takliflar kerakligini aytdi. IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov ham bloklash chora bo‘lmasligiga to‘xtalib, bukmekerlikni reklama qilayotgan aksariyat takshilotlar chet el serverlarida o‘tirishiga e’tibor qaratdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti bo‘lim boshlig‘i fuqaroning o‘qishini ko‘chirib berishni va’da qilib, buning evaziga $2500 olgan vaqtida qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyati IIB xodimlari Paxtachi tumanida 2 guruh o‘rtasidagi ommaviy janjalning oldi olinganini ma’lum qildi. Tezkor tadbirda 16 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga davlat granti uchun tavsiyanomaga talabgorlar hujjatini 30-maydan 8-iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali qabul qiladi.
29 may kuni IIO xodimlari o‘rtasida marafon o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkentdagi bir qator ko‘chalar 07:00 dan 11:00 gacha avtotransportlar harakati uchun yopiladi.
Moliya vazirligi pensiya va nafaqa oluvchilarning 96 foizi allaqachon kartalariga bir martalik moddiy yordam olganini ma’lum qildi. Pensiyani naqd pulda oladiganlar uchun yordam puli 8 iyunga qadar sayyor kassalar orqali beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting