Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tasdiqladi. Tomonlar tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning monitoringi va prognozi bo‘yicha ma’lumotlar almashadi, ularni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlik qiladi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev islohotlar buyruq bilan muvafaqiyatli amalga oshirilishi mushkulligi va tub o‘zgarishlar aholi ularni chuqur va to‘la anglashiga bog‘liqligini ta’kidladi. «Taraqqiyotni ta’minlovchi tizimli mexanizmlar ichida eng muhimi — hokimiyatning uch tarmog‘i o‘rtasida bir-birini tiyib turish tizimini takomillashtirishdan iborat», — dedi u. Senator shuningdek, davlat hokimiyatining aholi oldida javobgarligini ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Turizm va madaniy meros vazirligi hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Madaniy meros va ijod platformasi» ni ishga tushiradi. Barcha amalga oshirilayotgan madaniy dasturlar va loyihalar xaritaga kiritiladi, bu esa umumiy manzarani ko‘ra olish, e’lon qilingan siyosat va strategiyalar doirasida muvofiqlashtirilgan holda ishlash imkonini beradi.
Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Samarqandda ichki ishlar xodimlari turistlarga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holat yuzasidan munosabat bildirdi. «O‘zbekistonda jamiyatning o‘zi huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlarini qoralamoqda… Biz bunga aralashmaslikka harakat qilayapmiz va faqat fuqarolarimiz himoyasiga tegishli qismini kuzatib borayapmiz», — dedi u.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 7-sinf o‘quvchisi «Vaz-2106» rusumli avtomobilni noqonuniy boshqarayotib, yo‘l chetida ketayotgan 14 yoshli piyodani bosib ketdi. Bu oxirgi uch sutka ichida O‘zbekiston yo‘llarida YTH oqibatida sodir bo‘lgan sakkizinchi o‘lim holatidir.
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mamlakatdagi ikkinchi eng yirik (100 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi va yagona tarmoqqa quvvat uzatishni boshladi. Bu bilan yiliga 78 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi (mamlakat aholi xonadonlarining 10 kunlik iste’moli) va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
«Bugungi narxlar bilan biz faoliyat samaradorligini oshirish orqali sanoatning ayrim muammolarini hal qilishimiz mumkin. Ammo 25 yildan beri meros bo‘lib qolgan muammolarni hal qila olmaymiz, — deya ta’kidladi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev. Uning qo‘shimcha qilishicha, shunchaki narxlarni oshirishning o‘zi yetarli emas. Ishlaydigan bozor qoidalari kerak. Shu bilan birga, davlat aholi uchun tarif siyosatini saqlab turishi kerak.
Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanidagi uy oldida 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berdi. U mayda bezorilikda ayblanib, 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olinib, jarimaga tortildi. Jabrlanuvchi ichki ishlar bo‘limi uning arizasini birinchi murojaatda qabul qilmaganidan shikoyat qildi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev endi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Unga qadar mazkur lavozimda Aziz Abduhakimov faoliyat yurtigan.
2020 yildan boshlab 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 kishi turli darajada jarohat olgan. Senatorlar o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermayotganini tanqid qildi.
Seshanba kuni Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qildi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — dedi u.
UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 68 ta dilerlik tashkilotlari orqali 5 mingdan ortiq holatda xaridorlarga mashinalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi kechiktirilgan har bir kun uchun iste’molchilarga penya to‘latish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Time jurnali 2022 yilning eng nufuzli insonlari ro‘xatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan Vladimir Putin, Vladimir Zelenskiy, Jo Bayden, Tim Kuk, Opra Uinfri, Rafael Nadal kabi insonlar joy olgan. Putin haqidagi matnni Aleksey Navalniy, Zelenskiy haqida esa Jo Bayden yozgan.
25−27 yanvar kunlari butun O‘zbekistonda kuzatilgan energotizimdagi uzilishlar oqibatida “Toshissiqquvvati” korxonasi aholiga belgilangan normada issiqlik energiyasi yetkazib bermaganligi aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent bo‘yicha 4,5 mlrd so‘m, 9 ta hudud bo‘yicha esa 1,222 mlrd so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishga erishdi.
Rossiya-Ukraina mojarosi fonida rossiyaliklar O‘zbekiston yo‘nalishida bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, mart-aprel oylarida konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olgan.
Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegarada 270 metrlik tunnel aniqlandi. Uning yordamida ikki mamlakatga bemalol o‘tish mumkinligi, tunnelni qaziganlikda gumon qilinayotgan shaxs esa ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi aytilmoqda.
Chirchiqda ikki nafar maktab o‘quvchisi 58 yoshli erkakni sababsiz kaltakladi. Tergov harakatlari boshlangan. IIB vakillari ushbu o‘quvchilar istiqomat qiladigan mahallada bo‘lib, ota-onalar va aholi bilan suhbatlashdi.
Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Feysal bin Farxan bin Abdulla bilan muloqot qildi. Saudiya tomoni Kamilovni O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili deb qayd etgan va suhbat chog‘ida so‘nggi mintaqaviy hamda xalqaro o‘zgarishlar muhokama qilingan.
Xovos tumanida Lacetti va Nexia avtomobillarining to‘qnashuvi oqibatida 5 kishi, jumladan, kichik yoshdagi bolalar halok bo‘ldi. Bir kishi jarohatlandi.
Pastdarg‘om tumanida 3 nafar shaxs 4 sotix yer maydonida 610 tup marixuanani, Payariq tumanida esa fuqaro o‘z uyida 103 tup ko‘knori giyohvand o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting