Al-Aqso masjidi kutubxonasida saqlanayotgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hamda Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘zbekiston avtomobil bozori hajmi aprel oyida 15,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Buni ekspertlar yil boshidan avtomobillarni xarid qilish va olib kirish uchun yig‘im bekor qilingani bilan izohlamoqda. To‘rtinchi oydirki, xorijiy avtomobillarga qiziqish pasayib bormoqda.
O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosini rekonstruksiya qilish va Toshkentning tarixiy mahallalarida ikkita art-rezidensiya yaratish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalarni 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Jizzaxda o‘zaro yozishmalar vaqtida tortishib qolgan o‘quvchi qizlar shahardagi o‘quv markazlaridan birida uchrashib, janjallashishdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Urganchda tergov izolyatoridagi mahbuslar Ombudsman vakiliga ichishga yaroqsiz suv berilayotgani yuzasidan shikoyat qilishdi. Holat tasdiqlandi. Mahkumlarga kechasi elektr o‘chguniga qadar suv qaynatib olish tavsiya qilindi.
Toshkentdagi dehqon bozorlarida laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan 30,6 ming tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlarining 6,8 tonnasi iste’molga yaroqsiz deb topildi.
«O‘ztransgaz» rahbari Behzot Normatov O‘zbekiston qazib olish hajmi kamayishi va ichki talab ortishi ortidan gazni import qila boshlaganini aytdi. «Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimiz to‘xtamasligini xohlasak, biz kafolatlangan energoresurslarni zaxirasi bilan birga ta’minlab berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u. 2021 yilda O‘zbekistonda gazni import qilish qiymat jihatidan 3 baravarga oshdi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023-yildan boshlab davlat OTMlariga kvotalarni faqat davlat granti asosida e’lon qilish taklif etilmoqda. Shunga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan barcha OTMlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha kvotani mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.
KXDRda koronavirus aniqlangani haqidagi ilk xabardan bir necha kun o‘tib, virus yuqtirib olganlar soni 1,7 mlndan oshgan bo‘lishi mumkin, 60 dan ortiq kishi esa kovidga xos alomatlardan vafot etgani aytilmoqda. Mamlakat Janubiy Koreyaning yordam berish haqidagi taklifiga javob bermadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari Shaxrux Sharaxmetov UzIMEI tizimi, radar o‘rnatish nuqtalarining auksionda sotilishi va haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi masalalari kun tartibida turgan «eng murakkab va dolzarblari» hisoblanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita raqobat nuqtai nazaridan bu kabi holatlarni nazorat qila oladimi, uning vakolatiga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala turibdi.
Tojikiston IIV Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Rushon tumanida terrorga qarshi operatsiya boshladi. Bunga mahalliy aholi Badaxshon markaziga harakatlanayotgan harbiy mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab qilib ko‘rsatilayapti. Rasmiy Dushanbe namoyishchilar xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlamoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 mingga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Korxonalar va ta’minot tarmoqlarining texnologik jarayonlarini optimallashtirish tufayli UzAuto tomonidan 108 300 dan ortiq avtomobil o‘z egalariga topshirildi.
Nukusda 34 yoshli shaxs 2 kgdan ziyod geroinni 90 ming dollarga sotayotganda ushlandi. Shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
2022/2023 o‘quv yili uchun OTMlarga qabul kvotalarini belgilashga oid prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat buyurtmasi sonini kamaytirish taklif etilmoqda. Xususan, bakalavrlarni tayyorlash uchun 110 278 nafar (2021 yilda — 157 755), magistrlarni tayyorlash uchun 11 082 nafar (2021 yilda — 12 900) talabaga o‘rin ajratish ko‘zda tutilmoqda. Moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta OTM esa to‘lov-kontrakt asosidagi kvotani o‘zi belgilaydi.
5 iyun kuni Qozog‘istonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Tuzatishlarda prezidentning yaqin qarindoshlariga siyosiy davlat xizmatchisi lavozimlarini egallashni taqiqlash, Qozog‘istonning birinchi prezidenti belgilagan tamoyillarning o‘zgarmasligi haqidagi qoidalarni istisno qilish va boshqalar taklif qilingan.
Prezident farmoni bilan 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Bir qancha ustamalar ham joriy etiladi. 1 sentabrdan boshlab tibbiy-profilaktika muassasalari xodimlari ilmiy daraja uchun maoshining 30 foizidan 60 foizigacha qo‘shimcha oylik oladi.
O‘zbekistonning barcha hududlarida mast holatda bo‘lgan shaxslarga kamida 10 o‘rinli tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil etiladi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalinganlarni majburiy davolashga yuborish huquqi berilmoqda. Qolaversa, yil oxirigacha narkologiya dispanserlarida qo‘shimcha 430 ta o‘rin yaratiladi.
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani «Mo‘ynoq qo‘ltig‘i»dagi qamishzorlarda yong‘in yuz berdi. Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi yong‘inni o‘chirish imkoni yo‘qligini, chunki qamishzorlar bo‘yi suv va botqoqlikdan iboratligini aytmoqda. Yong‘indan jarohatlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham borligini tanqid qilgan Shavkat Mirziyoyev, 700 dan ortiq Nest One quruvchisiga maosh vaqtida to‘lanmagani, O‘zbekistonda boshlangan mahalla raislari saylovi, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishini 2 barobarga tezlashtirgan Orol fojiasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 17 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting