Prezident tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Unda universitet, IT-park, turar-joy binolari, maktab, bolalar bog‘chasi va sport majmuasi bo‘ladi.
Zangiota tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari qidiruvga berildi. U o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Italiyaning Sardiniya orolida rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning mol-mulklari musodara qilindi. Jumladan, tadbirkor 17 mln yevrolik villasi va 66 mln yevrolik aktivlari bo‘lgan oltita kompaniyasidan ayrilgan. Shunindek, pulemyot va qo‘l granatalari hujumlariga bardoshli qiymati 600 ming dollardan ziyod Mercedes Maybach S650 Guard VR10 avtomobili ham olib qo‘yilgani aytilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Shavkat Mirziyoyevni Turkiyaga taklif qilgan Rejep Tayyip Erdog‘an, tergov vaqtidagi qiynoq uchun zararni davlat to‘lab berishi, imtihon qoidalarini buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligini, Samarqandda o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab, joniga suiqasd qilgan talaba qiz, kontaktsiz to‘lov kartalarini taqdim etgan Uzcard, Sirdaryoda aniqlangan noqonuniy mayning ferma va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 30 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
30 mart kuni Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an hamda ularning rafiqalari Xorazmga tashrif buyurdi. Davlat rahbarlari birgalikda Xivadagi qadimiy obidalarni, jumladan Ichan qal’ani ziyorat qildi.
Qozog‘iston karantin cheklovlari tufayli Nukus-Beyneu va Olmaota-Toshkent yo‘nalishlaridagi poyezdlar harakatini qayta tiklash muddatini kechiktirdi.
Toshkentdagi uylardan biridagi sement qoplangan mozaikani tozalash boshlandi. Hokimlik bayonotiga qaramasdan, mozaikalarni baribir bo‘yash rejalashtirilgan edi. Biroq jarayon jamoatchilik aralashuvi sababli to‘xtatib qolindi.
Hukumat Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishni tubdan yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi. Ko‘llardagi ekologik vaziyat monitoringini o‘tkazish, ularga tashlanayotgan kollektor-drenaj suvlar sifatini o‘rganish, qirg‘oqlarda o‘rmonzorlar barpo etish belgilandi. Dekabrda bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida ko‘llar tizimidagi suv hajmi kamayib, ekologik muammolar ortib borayotgani qayd etilgan edi.
30-mart kunidan amal qiluvchi kurslarga ko‘ra, 25-fevraldan boshlab hisoblaganda rublning eng ko‘p mustahkamlanish holati kuzatildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov rubl kursining mustahkamlanishi sabablarini keltirib o‘tdi. Rus iqtisodchisi Dmitriy Polevoyning fikriga ko‘ra, rubl kursi oldingi 70+ [bir dollar uchun rubl] darajasiga qaytishi mumkin. “Buning uchun hech qanday texnik to‘siqlar yo‘q”, — dedi u.
Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7,51 so‘mga ko‘tarilib, 136,08 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham yana ko‘tarildi. Dollar kursi esa 11 400,21 so‘mgacha arzonladi.
O‘zbekistonda strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi — «oltin aksiya» bekor qilinmoqda. Qolaversa, endi unitar korxonada kuzatuv kengashi tashkil etilishi va u korxona boshqaruv organi bo‘lishi mumkin. Kengash a’zolarining vakolat muddati esa 3 yilgacha uzaytirildi.
Prezident farmoyishi bilan Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi «odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun» lavozimidan ozod qilinib, sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalarining vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.
Samarqand davlat universitetining kechki bo‘limida tahsil olgan qiz o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab yubordi. OTM prorektori talabaning universitet o‘qituvchilari va talabalari bilan hech qanday nizoli vaziyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Uzcard NFC texnologiyasi bo‘yicha kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlovchi yangi turdagi kartani taqdim etdi. Kompaniya ma’lum qilishicha, mijoz bankka murojaat qilgan vaqtdan mazkur kartani faollashtirishga qadar bo‘lgan muddat 5 daqiqani tashkil etadi. Ushbu kartalarning raqami ham odatdagidek 8600 dan emas, balki 5614 dan boshlanadi.
DTM rahbari Majit Karimov joriy yilgi test sinovlarini o‘tkazishdagi muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil 2 mln nafarga yaqin talabgor test sinovidan o‘tkazilishi prognoz qilinmoqda. Ayni paytda uchta viloyatda test sinovlarini yil davomida o‘tkazishga mo‘ljallangan binolar qurilmoqda. Shuningdek, u qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Buxorodagi «Sitorai Mohi Xossa» tarixiy muzey-majmuasida tovus patini yulib olgan qizning onasiga bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmagani uchun bayonnoma tuzildi.
DXX Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma tashkil etganini aniqladi. Buning oqibatida fermada 2020 yilning avgustidan beri 7,7 mln dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgani, qolaversa, katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lov qilish orqali davlat manfaatiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aytilmoqda.
2022-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga boradigan 32 ta terma jamoaning 27 tasi ma’lum bo‘ldi. Yevropada saralash o‘yinlari finalida Portugaliya Shimoliy Makedoniyani, Polsha Shvetsiyani 2:0 ga yengib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Afrikada Jazoir Kamerunga yutqazib qo‘ydi. Saloh va Mane qarama-qarshiligidan so‘ng, Misr Qatarga bormaydigan bo‘ldi.
Tergov va surishtiruv vaqtida shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. Fuqarolik kodeksiga bu borada tegishli qo‘shimcha kiritildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting