Deputat Odiljon Tojiyev Checheniston rahbarining Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdidlarini mamlakat ichki ishlariga aralashish deb qoraladi. U Ramzan Qodirovni kechirim so‘rashga va (agar u do‘st bo‘lsa) qidiruvdagi ikki fuqaroni topishda yordam berib, ularni O‘zbekistonga topshirishga chaqirdi.
Toshkentdagi Forumlar saroyida “Prezident archasi” bo‘lib o‘tdi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘isiz qolgan va nogironligi bo‘lgan bolajonlar uchun bayram dasturi namoyish etildi.
Uzbekistan Airways ayni paytda Rossiyaning Grozniy, Maxachqal’a va boshqa shaharlariga parvozlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Avvalroq bir qator aviakompaniyalar Azerbaijan Airlines samolyoti halokatga uchragandan so‘ng Rossiyaning ba’zi shaharlariga parvozlarni to‘xtatgan edi.
Qashqadaryo viloyatida yashovchi Mobiuz abonenti Gulzoda Islomova “MobiDRIVE” aksiyasida ishtirok etib, BYD Song Plus Champion avtomobilini qo‘lga kiritdi.
AQSh “Gruzin orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishviliga qarshi “Rossiya bilan aloqalari va demokratik institutlarga putur yetkazgani” tufayli sanksiyalar kiritdi. Avvalroq Ivanishvilining Boltiqbo‘yi davlatlariga kirishi cheklangandi. Shuningdek, Ukraina hukumati ham unga qarshi sanksiya kiritgan.
2025-yildan boshlab O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlati maqomini oladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz"ga TIV. Bundan tashqari, Belarus, Boliviya, Indoneziya, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Tailand va Uganda ham birlashmaning hamkor davlati bo‘lishga tayyorligini tasdiqlagan.
420 mlrd so‘m hajmdagi tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmasi muammosi asosan uning O‘zbekiston hududi orqali Qirg‘iziston va Tojikistonga tranziti bilan bog‘liq, dedi Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Ibragimov. U importni “oqartirish” uchun nimalar qilinganini aytdi.
Komil Allamjonovga nisbatan qotillikka suiqasd ishi bo‘yicha ikki nafar Rossiya fuqarosi — Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga qidiruv e’lon qilindi. Ular qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.
Yil yakuniga kelib O‘zbekistonning IT va telekommunikatsiya xizmatlari eksporti hajmi 900 mln dollardan oshishi kutilmoqda. Davlat organlarining 3000 nafar xodimi, shuningdek, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari sun’iy intellekt sohasida malaka oshirishi rejalashtirilmoqda.
Juma kuni Buxoro viloyati Jondor tumanida 3,6 magnitudali yer silkinishi qayd etildi.
Halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyoti “fizik va texnik aralashuv"ga uchragan, ta’kidladi aviakompaniya. U qator Rossiya shaharlariga parvozlarni to‘xtatdi. OAVga ko‘ra, halokatga Rossiya raketasi sabab bo‘lgan. Rosaviatsiya shu kuni Ukraina dronlari hujum uyushtirganini ma’lum qildi.
Uch yil avval UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bosh direktori etib tayinlangan Bu Andersson faoliyatini yakunlamoqda. UzAuto Motors’ning ma’lum qilishicha, uning rahbarligida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari oshgan — 2023-yilda 395 400 mashina konveyerdan chiqqan, bu avvalgi yildan 20% ko‘p.
Prezident 2024-yilgi davlat budjetiga vazirliklar xarajatlarini 9,98 trln so‘mga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritishni tasdiqladi. Tashqi qarz bo‘yicha chegara 5 dan 7,3 mlrd dollargacha oshdi. Qo‘shimcha qarzlar ipoteka bozorini rivojlantirish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun ishlatiladi.
Namanganda yashagan ayol oilaviy muammolar sababli o‘zi va ikki farzandini Shimoliy Farg‘ona kanaliga tashladi. Bolalar qutqarib qolingan, ayol esa vafot etgan.
Germaniya prezidenti Shtaynmayer mamlakat parlamentini tarqatib yubordi va muddatidan oldingi parlament saylovlari 2025-yil 23-fevralda bo‘lishini ma’lum qildi. Avvalroq bundestag deputatlari kansler Olaf Shols hukumatiga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qilgandi.
Shavkat Mirziyoyev bugun qurilishiga start berilgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini xalqaro ahamiyatga ega yangi transport arteriyasi deb atadi. Loyihaga ko‘ra, 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik va 25 ta tunnel quriladi. Bu yo‘lda yiliga 15 mln tonna yuk tashiladi.
O‘zbekiston va Misr 15 yil ichida hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazdi. Tomonlar to‘siqlarni bartaraf etish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga (hozir qariyb $42 mln) yetkazishga, shuningdek, O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib oldi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berdi. “Bu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqqa hamda Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi”, — dedi Japarov.
Shanba kuni yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi. 29−30-dekabr kunlari esa aksariyat hududlarda qor va yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari −2…+5 daraja, kunduz kunlari +2…+15 daraja atrofida bo‘ladi.
O‘zbekistonda 2022-yil may oyida joriy etilgan oq va chiziqli kungaboqar urug‘larini eksport qilishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Mazkur chora urug‘chilik korxonalarining eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting