Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi o‘tgan 1,5 yil mobaynida 1044 ta holatda tadbirkorlarning huquqlarini buzgani aniqlandi. Eng ko‘p holat Jizzaxda — 660 ta. Biznes-ombdusman ofisi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 142 nafar mansabdorni jarimaga tortdi.
Qashqadaryoda ko‘p qavatli uylarni obodonlashtirish uchun ajratilgan 573,2 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlandi. Gumonlanuvchilar bu mablag‘ni bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali o‘zlashtirgan. Ularga nisbatan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Nukus shahrida «InnoWeek-2022» doirasida yoshlar texnoparki ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Texnoparkni tashkil etish va uni texnik ta’minlash uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi qariyb 9 mlrd so‘m yo‘naltirdi.
Janubiy Koreya O‘zbekistonga yil bo‘yi qulupnay yetishtirish texnologiyalarini joriy etish uchun 3,7 mln dollar ajratadi.
Deputat va senatorlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakillari bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish to‘siqlarini muhokama qildi. Huquqiy mexanizmlarni bolalar uchun moslashtirish va ularga nisbatan qamoq jazosini so‘nggi chora sifatida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.
Toshkentdagi «Tinchlik» metro bekati yaqinidagi issiqlik tarmog‘ida avariya sodir bo‘ldi. Oqibatda metroga tushish yo‘lagida devordan issiq suv toshib chiqishi kuzatildi. «Toshissiqquvati» matbuot xizmati suv chiqishi to‘xtatilgani va hozirda avariyani bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Yangi o‘quv yilida Kundalik uchun yillik to‘lov narxi tushirildi. Foydalanuvchilar uchun Kundalik va PRO Kundalik tarif rejalari mavjud.
Yandex Go buyurtmalar vaqtida avtoulov tezligini monitoring qilish xizmatini ishga tushirdi. Unda haydovchi belgilangan tezlikdan oshib ketsa, tizim uning ilovasi orqali bu haqda ogohlantiradi. Bir nechta ogohlantirishlardan so‘ng, haydovchining xizmat ko‘rsatish buyurtmalariga kirishi vaqtincha cheklanadi.
Numbeo onlayn bazasining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha sof oylik daromad 278,7 dollarni (3 mln 38 ming so‘mni) tashkil etmoqda. Bu MDH davlarlari ichida eng past ko‘rsatkich.
O‘zbekistonlik sobiq futbol hakami Ravshan Ermatov Rossiya futbol ittifoqining hakamlar komissiyasi a’zosi bo‘ldi. U Rossiya futbolida hakamlar bo‘yicha ekspertlik qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlariga yo‘llagan murojaatida dunyoda yangi uzoq muddatli keskinlik o‘choqlari shakllanayotganini qayd etdi. Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
«Russkiy standart» banki tadqiqotida rossiyalik sayyohlar uchun MDH davlatlariga bo‘lgan qiziqish yuqoriligi qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, rossiyalik sayyoh o‘rtacha hisobda O‘zbekistonda 6,8 ming rubl (1,2 mln so‘m) sarflaydi.
Jizzax viloyatida Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Cobalt haydovchisi piyodani urib yubordi. Fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Yanvarda Alisher Usmonovga tegishli «Metalloinvest» kompaniyasi Moskvadagi Safisa restoranini sotib olgandi. Oradan 7 oy o‘tib, restoran «PVS i IAM» kompaniyasiga sotib yuborildi. Avvalroq tadbirkor o‘zining asosiy e’tiborini O‘zbekistonga qaratayotganini aytgandi.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan 17 sotix yer maydonini 8 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi xaridordan 100 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston️ va Germaniya o‘rtasida sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Unga muvofiq, ️Germaniya taraqqiyot banki soha rivoji uchun O‘zbekistonga qariyb 62 mln yevro investitsiya kiritadi.
Toshkent halqa yo‘lida 5-yo‘nalishda qatnovchi SAZ LE60 avtobusi, Damas va Matiz to‘qnashdi. Avtobusning ikki yo‘lovchisi, Damas yo‘lovchisi va Matiz haydovchisi jarohatlandi. YTHga Matiz yo‘lovchi olish uchun keskin to‘xtagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Prezident farmoni bilan endilikda mulk huquqi faqatgina sud qarori bilan bekor qilinadi, yuridik shaxsning tugatilishi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilmaydi, turar joy mulkdorlari qarindosh bo‘lmagan shaxslarning doimiy propiskasini bekor qilishi mumkin. Adliya vazirligi hujjat mohiyatini tushuntirdi.
Qoraqalpog‘istondagi ilk xususiy OAVlardan biri bo‘lgan KRuz.uz olti yillik faoliyatdan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatishi haqida ma’lum qildi. Uning asoschisi Furqat Yusupov 2018 yilda cho‘kib ketayotgan ikki qizni qutqarmoqchi bo‘lganida vafot etgan edi.
Ekologiya qo‘mitasi Toshkent viloyatidagi suv havzalari ikki marta bo‘yalganini ma’lum qildi. Tozalash inshootlari eskirgani tufayli suvni to‘liq tozalay olmayapti, ifloslanishga esa to‘qimachilik korxonalari sababchi bo‘lishi mumkin. Biznes ombudsmanga ular faoliyatini tekshirish bo‘yicha ariza topshirilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting